Elektromobillar parkini boshqarishda quvvatlantirish tizimi asosiy muammoga aylanmoqda

Elektr transport vositalaridan foydalanish keng koʻlamli bosqichga oʻtayotgan bir paytda, kompaniyalar oʻz avtoparklarini quvvatlantirish ekotizimini boshqarishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. ChargePoint kompaniyasi mutaxassislarining ogohlantirishicha, endilikda asosiy masala elektromobillarning texnik imkoniyatlari emas, balki ularni quvvatlantirish jarayonidagi murakkabliklar va xarajatlar nazoratiga aylanib bormoqda. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Autocar nashriga bergan intervyusida ChargePoint vakili Ore Oluwatudimu taʼkidlashicha, korporativ mijozlar uchun uyda, ish joyida va jamoat tarmoqlarida amalga oshiriladigan minglab quvvatlantirish seanslarini kuzatib borish tobora qiyinlashmoqda. Kim, qayerda va qancha energiya sarflaganini aniqlash, shuningdek, turli tariflar va toʻlov tizimlarini muvofiqlashtirish strategik muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Xarajatlar oʻrtasidagi keskin farq
Quvvatlantirish joyining tanlanishi avtomobilning umumiy egalik xarajatlariga (TCO) bevosita taʼsir koʻrsatadi. Masalan, Buyuk Britaniya misolida olsak, tungi vaqtda uyda quvvatlantirish narxi kW/soat uchun 7 pens boʻlishi mumkin, biroq jamoat joylaridagi tezkor DC quvvatlantirish shoxobchalarida bu narx 92 pensgacha koʻtariladi. Bu deyarli 13 barobar farq deganidir.Bunday narxlar farqi Volkswagen ID 3 Pro Match kabi elektromobilning bir mil masofa uchun xarajatini 2 pensdan 23 pensgacha oʻzgartirib yuboradi. Taqqoslash uchun, Volkswagen Golf eTSI benzinli modeli bilan solishtirganda, agar energiya manbasining yarmidan koʻpi qimmat DC stansiyalaridan olinsa, anʼanaviy yonilgʻili avtomobil tejamkorroq boʻlib chiqishi mumkin. Shu sababli, kompaniyalar endi shunchaki elektromobil sotib olish emas, balki eng samarali quvvatlantirish nuqtalarini aniqlashga eʼtibor qaratmoqda.
Raqamli yechimlar va boshqaruv samaradorligi
Hozirda avtopark operatorlari uchun maʼlumotlarga asoslangan strategiyalar birinchi oʻringa chiqmoqda. ChargePoint oʻz faoliyatini aynan biznes mijozlar uchun dasturiy taʼminot va uskunalar yetkazib berishga yoʻnaltirmoqda. Ularning yangi Driver Management Solution (DMS) tizimi haydovchilarning uyda yoki yoʻlda sarflagan xarajatlarini avtomatik hisoblab, kompaniya menejerlariga yagona hisobot taqdim etadi.Shuningdek, xarajatlarni kamaytirish uchun quyidagi texnologik yechimlar joriy etilmoqda:
- Elektr energiyasi arzon boʻlgan vaqtlarda quvvat olishni taʼminlovchi dinamik yuklamani boshqarish tizimi;
- Markazlashtirilgan AC-dan DC-ga oʻtkazish texnologiyasi orqali energiya yoʻqotilishini kamaytirish;
- Haydovchilarning xarajatlarini qoplash jarayonini avtomatlashtiruvchi raqamli platformalar.
Oʻzbekiston sharoitida ham elektromobillar ommalashib borayotganini hisobga olsak, korporativ mijozlar va logistika kompaniyalari uchun bunday tizimli yondashuv juda muhim. Elektr energiyasi tariflarining turliligi va infratuzilmaning rivojlanishi sharoitida, quvvatlantirishni toʻgʻri rejalashtirish biznes samaradorligini belgilovchi asosiy omillardan biri boʻlib qoladi.































Izohlar 0
…