Abduqodir Husanov matbuot xizmatiga bergan intervyusida nimalar dedi?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov mamlakat futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida o‘zining jahon chempionatidagi debyuti haqida fikr bildirdi, yosh futbolchilarga maslahatlarini aytib o‘tdi hamda mundialga chiqishning milliy jamoa kelajagiga ta’sirini baholadi.
— O‘zbekistonda futbol qanday rivojlanmoqda?
— Avvalo, salom. Hozirgi kunda O‘zbekistonda futbol juda tez sur’atlarda rivojlanyapti. Prezidentimiz bu sohani shaxsan nazorat qilib, katta e’tibor va yordam beryaptilar.
— Jahon chempionati yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgan paytda nimalarni his qildingiz?
— Bu bizning tarixdagi ilk jahon chempionatimiz. O‘sha damdagi his-tuyg‘ularni so‘z bilan ifoda etish qiyin.
— Mundialning dastlabki daqiqalari siz uchun qanday o‘tdi?
— Maydonga tushganimda yuragim juda tez ura boshladi. Rostini aytsam, hamma narsa boshqacha edi.
— Angliya Premer-ligasi o‘yinchisi sifatida yosh futbolchilarga qanday maslahat berasiz?
— Eng muhimi — ishlashdan to‘xtamaslik kerak. Hozir ko‘plab skautlar bizni kuzatyapti. Menimcha, Angliya, Fransiya va boshqa kuchli chempionatlarga o‘tishlar endigina boshlanyapti.
— Bolaligingizda Angliyada o‘ynashni orzu qilganmisiz?
— Ha, bolaligimdanoq Angliyada, u yerdagi eng kuchli uchta klubdan birida o‘ynashni orzu qilganman. Hozircha hammasi rejaga muvofiq ketyapti.
— Xalqaro maydonda o‘zbek futboli qay darajada tanilgan, deb o‘ylaysiz?
— Bu hali boshlanishi, oldimizda katta rejalar bor. Biz haqimizda yanada ko‘proq bilishlari uchun yana ko‘proq ishlashimiz kerak. Xudo xohlasa, yangi iste’dodlar chiqadi. O‘zbekistonni allaqachon taniy boshlashdi, bu — katta sharaf.
— Futbolchi uchun eng muhim sifat nima?
— Tartib-intizom, rejali hayot.
— Bu jahon chempionati sizning jamoangizga nima beradi?
— To‘rt yildan keyin yana jahon chempionati bo‘ladi, biz yana u yerga chiqishimiz kerak. Hozir hamma futbolchilarda katta motivatsiya bor, ular bu darajada o‘ynash mumkinligini ko‘rishdi. Har kim o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga rag‘bat oldi.
— Ushbu mundialdan so‘ng dunyo O‘zbekistonni qanday eslab qoladi, deb o‘ylaysiz?
— Kuchli jamoa sifatida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi tarixida ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionati final bosqichiga yo‘l oldi. Guruh bosqichidagi debyut uchrashuvda Kolumbiyaga qarshi bellashuv 1:3 hisobida o‘zbek futbolchilari mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Endi bosh murabbiy Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa guruhdagi yana ikkita uchrashuvda Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi futbolchilariga qarshi maydonga tushadi.































Izohlar 0
…