Shomurodovning goli JCH–2026da eng chiroylisi bo‘lishi mumkin

O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Eldor Shomurodovning Kongo Demokratik Respublikasi darvozasiga kiritgan goli JCH–2026ning eng chiroyli goli uchun yakuniy nomzodlar qatoriga kiritildi.
FIFA turnir davomida urilgan eng yaxshi 12 ta golni saralab oldi. G‘olib muxlislarning 48 soatlik ovoz berishi orqali aniqlanadi.
Shomurodov kutilmagan burchakdan gol urgandi
Eldor Shomurodov Kongo DRga qarshi guruh bosqichining uchinchi tur uchrashuvida 10-daqiqada hisobni ochgan edi.
O‘zbekiston hujumchisi o‘tkir va murakkab burchakdan kutilmagan zarba yo‘llab, to‘pni darvozabon ustidan oshirgan holda darvozaga joyladi. Gol o‘zining texnik ijrosi, vaziyatning murakkabligi va hujumchining tez qabul qilgan qarori bilan muxlislar e’tiborini tortdi.
Ushbu zarba avvalroq mundial guruh bosqichidagi eng chiroyli gol sifatida e’tirof etilgandi. Endi esa u butun musobaqaning eng yaxshi goli bo‘lish uchun kurashadi.
Shomurodovga jahon yulduzlari raqobatchi
FIFA tuzgan yakuniy ro‘yxatdan 12 nafar futbolchining goli joy oldi. Shomurodov Lionel Messi, Kilian Mbappe, Erling Holand, Jud Bellingem va Xulian Alvares kabi mashhur futbolchilar bilan raqobatlashadi.
Nomzodlarning to‘liq ro‘yxati:
Karim Alaybegovich — Bosniya va Gersegovina, Qatarga qarshi;
Xulian Alvares — Argentina, Shveysariyaga qarshi;
Jud Bellingem — Angliya, Fransiyaga qarshi;
Sidni Kabral — Kabo-Verde, Argentinaga qarshi;
Erling Holand — Norvegiya, Braziliyaga qarshi;
Vilson Izidor — Gaiti, Marokashga qarshi;
Elaydja Jast — Yangi Zelandiya, Eronga qarshi;
Dayzen Maeda — Yaponiya, Shvetsiyaga qarshi;
Kilian Mbappe — Fransiya, Senegalga qarshi;
Lionel Messi — Argentina, Jazoirga qarshi;
Eldor Shomurodov — O‘zbekiston, Kongo DRga qarshi;
Ferran Torres — Ispaniya, Argentinaga qarshi.
Finaldagi g‘alaba goli ham nomzod
Nomzodlar orasida Ferran Torresning JCH–2026 finalida Argentina darvozasiga kiritgan hal qiluvchi goli ham bor.
Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi bahsning asosiy vaqti 0:0 hisobida yakunlangan, qo‘shimcha bo‘limlarda Torres urgan yagona gol ispanlarga chempionlikni taqdim etgandi.
Shomurodovning zarbasi shu kabi tarixiy ahamiyatga ega gollar bilan bir ro‘yxatga kiritilgani O‘zbekiston futbolchisi uchun katta individual e’tirof bo‘ldi.
Ovoz berish 48 soat davom etadi
Eng chiroyli golni aniqlashda yakuniy qaror muxlislarga bog‘liq. FIFA platformasidagi ovoz berish jarayoni 48 soat davom etadi.
Eldor Shomurodovning golini qo‘llab-quvvatlash uchun quyidagi manzil orqali ovoz berish mumkin:
O‘zbekiston milliy jamoasi JCH–2026da kutilgan natijaga erisha olmagan bo‘lsa-da, Shomurodovning ushbu zarbasi mamlakatning ilk mundialdagi eng yorqin lahzalaridan biri bo‘lib qoldi.
Endi o‘zbekistonlik muxlislar faol ovoz bersa, Eldor Shomurodovning goli Messi, Mbappe, Holand va final qahramoni Torresni ortda qoldirib, JCH–2026ning eng chiroyli goli deb topilishi mumkin.































Izohlar 0
…