14:20 / 09.01.2021
2 496

Shomurodovni “Yuventus”ga joylay oladigan mutaxassislar bor!

Shomurodovni “Yuventus”ga joylay oladigan mutaxassislar bor!
Transfer olamida katta shov-shuvni keltirib chiqargan yangilik Italiyaning eng qudratli klubi “Yuventus” A Seriyada o‘zini ko‘rsata boshlagan Eldor Shomurodovni olishi mumkinligi haqidagi xabar bo‘ldi. Garchi hali rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, bu xabar Eldorning O‘zbekiston, Rossiya va Italiyadagi muxlislariga juda xush yoqdi.

Ayni paytda ko‘plab mutaxassislar Shomurodovning Turinga ko‘chib o‘tish imkoniyati haqida turli-tuman fikrlarni bildirmoqda. Ayrimlar, grand klublar atrofida doim mish-mishlar yuz berishini aytmoqda. Xususan, “Yuventus” tez orada Gratsiano Pelle, Fernando Lorente, Fabio Kualyarella kabi hujumchilarni olishi haqida xabarlar tarqatilgan edi. Endi navbat, Shomurodovga keldi, shekilli. Eldorning yuqorida nomi zikr qilingan hujumchilardan eng katta farqi uning yoshida. Ular o‘zbek hujumchisidan kamida 10 yoshga katta va faoliyatining so‘nggi bosqichini boshdan o‘tkazmoqda.

Rossiyaning taniqli insayderlaridan biri Nobel Arustamyan “Yuventus”ning Eldorga qiziqayotgan bo‘lsa-da, transfer amalga oshirilishi masalasida xulosa qilishga shoshilmaslikni tavsiya qildi. Shu bilan birga, bu xabarga izoh berar ekan, “shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamasligini” ham qistirib o‘tdi. U 2018 yilda Tuttosport nashrining Krishtianu Ronaldu “Yuve”ga kelishi haqidagi shov-shuviga hech kim ishonmaganini, amalda bu o‘zini oqlaganini eslatdi. Eldor va “Yuventus” haqidagi xabar manbasi ham aynan shu nashr. Arustamyan Tuttosport Turin shahrining nashri bo‘lgani uchun ham “Yuventus”ning ichki muhokamalaridan xabardor ekaniga urg‘u berdi.

Shu o‘rinda, Arustamyan A Seriyada mustahkam va kuchli aloqaga ega bo‘lgan agentlarning rolini unutmaslik kerakligini uqtirdi. Uning fikricha, Shomurodov bilan hamkorlik qilayotgan agentlarning qo‘lidan ko‘p ish keladi. Xususan, ular Aleksey Miranchukning “Lokomotiv”dan “Atalanta”ga o‘tishini tashkil qilgan edi.

Bu ishni amalga oshirgan aka-uka agentlar – Valerio va Gabriele Juffrida Eldor Shomurodovning manfaatlarini himoya qilayotgan ProSport Managment kompaniyasining yaqin hamkorlaridir. Ular Eldorning “Jenoa”ga transfer qilinishida ham o‘z xizmatlarini ayamagan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Valerio ham, Gabriel ham “Yuventus”ning sport direktori Fabio Paratichi bilan juda mustahkam aloqa o‘rnatgan. Bu ham Eldorning ehtimoliy transferida qo‘l kelishi mumkinligi aytilmoqda. Chunki, zamonaviy futbolda transferlarga mas’ul bo‘lgan shaxslarning futbol agentlari bilan do‘stona munosabati o‘yinchini jamoaga olish yoki joylashda hal qiluvchi omil bo‘lgani ko‘p kuzatiladigan holatdir.

ProSport Managment kompaniyasi rahbari German Tkachenko ham Eldor Shomurodovning hozirgi holati haqida o‘z fikrini bildirdi.

- "Ayni paytda Shomurodov hech qanday transferga muhtoj emas. U endi “Jenoa”da o‘yinini topdi va o‘zini har tomonlama qulay his qilmoqda. Keskin o‘zgarish qilishning vaqti emas. Agar Eldor shu tarzda o‘ynashni davom ettirsa, albatta, Italiyaning qudratli klublariga o‘tadi", - dedi German Tkachenko.

Shomurodov Italiya chempionatida va kubogi bahslarida 11 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol va bir juft golli uzatma muallifi bo‘ldi. Mutaxassislar o‘zbek hujumchisining o‘yini tobora kuchayib borayotganini alohida tilga olmoqda.

Albatta, Eldorning “Yuventus”ga o‘tish ehtimoli muhokama qilinayotganining o‘zi ham yaxshi yangilik. Bundan Italiyaning boshqa jamoalari ham o‘zbek futbolchisining o‘yinlarini kuzatayotgan ekan, degan xulosaga kelish mumkin. Aslida kuchli beshlik chempionatlarida samarali o‘ynagan futbolchi borki, jahon futboli jamoatchiligi e’tiboriga tushishi turgan gap. Shunday ekan, Shomurodovga bugungi o‘yinda ham omad tilab, gol urishini kutib qolamiz.

Eslatib o‘tamiz, “Jenoa” bugun Toshkent vaqti bilan 22:00da A Seriyaning 17-turida “Bolonya”ni qabul qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovni “Yuventus”ga joylay oladigan mutaxassislar bor!