23:55 / 11.01.2021
2 451

“Yuventus” qiziqayotgan markaziy hujumchilar: Jiru, Shomurodov...

“Yuventus” qiziqayotgan markaziy hujumchilar: Jiru, Shomurodov...
So‘nggi vaqt, turinliklarning hujum chizig‘ida muammolar yuzaga kelayotgani hech kimga sir emas. Jumladan, Alvaro Morata yaqinda jarohatidan tuzalib, safga qaytdi va kecha o‘tgan “Sassuolo”ga (3:1) qarshi uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida zaxiradan maydon tushdi hamda formasiga qaytib olishi uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi.

Paulo Dibala esa ushbu o‘yinda jarohat olib, Andrea Pirlo uchun oldingi chiziqda navbatdagi bosh og‘rig‘ini yuzaga keltirdi.

Yana bir hujumchi Federiko Bernardeski to‘xtaladigan bo‘lsak, 26 yoshli italiyalik so‘nggi bor “Yuve” safida o‘tgan mavsum iyul oyida “Sampdoriya”ga (2:0) qarshi bahsda gol urgandi.

Federiko Keza – pozitsiya bo‘yicha qanot vingeri va forvard bo‘lib ham o‘ynay oladi. Biroq, Pirlo Kezani asosan, hujumkor yarim himoyachi sifatida maydonga tushirmoqda.

Turinliklar safida joriy mavsum eng stabil o‘ynayotgan futbolchi esa hozircha Krishtianu Ronaldu bo‘lib turibdi. Biroq, unga oldinda tandem bo‘la oladigan sherik yetishmayotgandek.

OAV so‘nggi xabarlariga ko‘ra, “Yuventus” markaziy hujumchi izlamoqda va bir qator nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda. Italiya grandi qishki transfer bozoridayoq ulardan birini o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.

Olive Jiru – nomzodlar ichida asosiy favorit
Andrea Pirlo intervyularining birida Jiruni o‘z jamoasida ko‘rishni istayotganini aytgandi. “Yuventus” fransiyalik uchun “Chelsi”ga 3 mln yevro taklif etmoqchi va unga 1,5 yil uchun 3 mln yevro to‘lamoqchi. 34 yoshli Jiru o‘tgan transfer oynasida “Yuve” bilan kelishib qo‘ygani haqidagi xabarlar tarqalgandi.

Uning joriy mavsum klubdagi statistikasi:
14 ta o‘yin, 8 ta gol

Gratsiano Pelle – Xitoydagi sarguzashtlari yakunlandi
“Shandun Lunen”ni erkin agent sifatida tark etgan Pelle yana Yevropaga qaytmoqchi. Unga Osiyo jamoalaridan ham qiziqish bor. 35 yoshli italiyalik A Seriya havosini olgan va bir qator jamoalar ("Lechche", "Parma", "Sampdoriya"...) safida o‘ynagan. Hozirda unga “Yuventus” va “Inter”da takliflar borligi aytilmoqda.

Pellening 2020 yildagi statistikasi:
22 ta o‘yin, 9 gol, 2 pas

Fernando Lorente – “Yuventus”ning sobiq a’zosi
Lorente 2013-2015 yillar “Keksa senora” sharafini himoya qilgan va faoliyatini yomon o‘tkazmagandi. Uning hozirgi jamoasi “Napoli”dagi ishtiroki esa ko‘ngildagidek emas. 35 yoshli forvard joriy mavsum neapolliklar safida atigi 3 ta o‘yin (barchasida zaxiradan tushdi) o‘tkazdi va samarali natija ko‘rsatolmadi. Umuman, Fernando so‘nggi bor raqib darvozasini 2019 yil (!) dekabrida “Bolonya”ga (1:2) qarshi o‘yinda ishg‘ol etgandi. Uni jarohatlar “sindirdi”, desak adashmagan bo‘lamiz.

Eldor Shomurodov – Italiyadagi yangi nom va yuqoridagilarga nisbatan ancha yoshrog‘i
Oxirgi o‘yinlarda “Jenoa”ning eng foydali futbolchilaridan biri. Shu sabab, “Yuventus” bosh direktori Fabio Paratichi ham Eldor qiziqib qolgani haqida Italiyaning nufuzli nashrlari xabar tarqatdi. "Yuventus"da moliyaviy ahvol ijobiy bo‘lmagani sabab klub Shomurodovni ijaraga olishni rejalashtirmoqda. Genuyaliklar prezidenti Enriko Preziosi esa Shomurodovni kamida mavsum oxirigacha qo‘yib yubormoqchi emasligini bildirgandi. Qayd etish joiz, “Jenoa”ni 13 yanvar kuni aynan “Yuventus”ga qarshi Kubok doirasidagi bahs kutmoqda. Kim biladi, balki, 25 yoshli o‘zbekistonlik ushbu uchrashuvda ham o‘zini ko‘rsatib, “Yuve”ning qiziqishi yanada ortishiga sabab bo‘lar…

Eldorning joriy mavsumdagi statistikasi:
12 o‘yin, 2 gol, 2 pas ("Jenoa"da), 9 o‘yin, 1 gol ("Rostov"da)

Shuningdek, Turin superklubi short-listidan Odsonn Eduar (“Seltik”) hamda Arkadiush Milik (“Napoli”) o‘rin olgani aytilgandi. Milik jarohati tufayli o‘tgan yilning noyabridan buyon maydonga tushmayotganini eslatib o‘tish joiz.

P.S. "Yuventus" kimni tanlaydi deb o‘ylaysiz?

Eldor Akmurzayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Yuventus” qiziqayotgan markaziy hujumchilar: Jiru, Shomurodov...