00:04 / 31.03.2021
2 362

O‘zbekiston MTJ Iroqqa nega yutqazdi? Asosiy muammolarimiz nimalarda ko‘rinmoqda?

O‘zbekiston MTJ Iroqqa nega yutqazdi? Asosiy muammolarimiz nimalarda ko‘rinmoqda?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Iroq bilan bahsda mag‘lubiyatga uchragani bois ko‘plab tanqidlarga uchramoqda. G‘alabadagi maqtovlar o‘zimizniki bo‘lganidek, mag‘lubiyatdan keyingi tanqidlarni ham to‘g‘ri qabul qilish haqiqiy professionallarning ishi. Biz hozir termani tanqid qilish emas, balki uchrashuvdagi kamchiliklarimizni tahlil qilamiz.

Vadim Abramovdan Iroqqa qarshi bahsda yoshlarga e’tibor qaratishini kutgandim, shaxsan o‘zim. Chunki murabbiy Namangandagi bellashuvda jamoaning deyarli asosiy tarkibini ko‘zdan kechirib olgandi. Shundan kelib chiqib, o‘yin amaliyoti kamroq futbolchilarning maydonga tushishini taxmin qilgandim. Lekin unday bo‘lmadi. Yetakchilar boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. Nega boshqalar emas? Avvallari Vadim Karlenovich boshqacha yo‘l tutardi. Ya’ni o‘rtoqlik uchrashuvlarida yig‘inga yangi chaqirilgan yoki umuman kutilmagan nomlarni sinab ko‘rardi. Bu gal esa...

Raqib taktik o‘yin namoyish etdi. O‘yinga moslashib olgach o‘zini erkin tutdi. Futbolchilar kombinatsiyalar orqali termamizning kuchli pressingidan chiqishni uddaladi. Qarshi hujumga tayangan iroqliklar maqsadlariga erishdi. Iroqning zaxirasi ish berdi. Bizda esa aksi. Markazdan yorib kiradigan odam topilmadi. Natijada qanotlardan to‘p oshirilaverdi. Biroq uzaqmalar manziliga yetib bormadi.

Termaning darvoza va markaziy himoyasidan xavfsiragan Abramovning qo‘rquvi o‘rinli bo‘lib chiqdi. Ochig‘i, nega O‘tkir Yusupov yig‘inlarga jalb etilmayotganiga hayronman. U bir necha yildan beri yaxshi formadi va bir xil tempda o‘zini ushlab turibdi. Himoyaga esa biror bir fikr bildirishga ojizmiz. Tajribali deya aytadigan futbolchilarimiz hozirgi kunda bu chiziqlarga munosib emasdek. Ularning yoshi o‘tib bormoqda.

Anzur Ismoilov katta o‘yinlarni ko‘rgan, himoyani boshqara oladigan futbolchi. Biroq tezlik haqida gap ketganda, uning o‘rniga boshqa variant qidirishga tushamiz. Gana B bilan bahsda ham bu yaqqol bilindi. Islom To‘xtaxo‘jayev va o‘zi asli yarim himoyachi, biroq oxirgi paytlarda himoyada harakat qilayotgan Azim Ahmedov ham qarshi hujumga dosh bera olmayapti. Tezkor hujumchi ulardan o‘tib ketmoqda. Rossiyalik Igor Golban termaga chaqirilayotgandi.

Biroq u bu yig‘inga jalb etilmadi. Boshqalarni sinovdan o‘tkazishni maqsad qilgan ko‘rinadi Vadim Karlenovich. Umuman olganda, himoyamizga yoshroq va tezkorroq futbolchi juda zarur! Uning oldiga mayli tajribali himoyachi tursin. Chunki o‘sha katta futbolchi yosh sherigiga o‘rgatadi va qarshi hujumlarda unga suyanadi. Islom Qobilov bor. Biroq u ham tezkorlikda maqtana olmaydi.

Har doim yarim himoyamiz eng kuchli sanalgan. Ammo o‘sha nomlar ichidan muntazam tarzda raqib posbonini tahlikada ushlab turadigan, ya’ni zarbalar beradigan futbolchimiz yo‘q. Gana Bning 18-raqamdagi yosh futbolchisi yodingizdami? O‘sha “bolakay”ga to‘p kelib tushishi bilan darvozamizga uzoqda bo‘ladimi yoki yaqinda tinmay zarbalar berdi. To‘g‘ri, o‘sha kuni darvozabonimiz ishonchsiz harakat qilgani bois raqib zarbalar bergandir. Biroq bizning termamizda ham shunday aniq va muntazam tarzda kuchli zarba beradigan futbolchi yo‘q. Biznikilar esa zarba berishga qo‘rqadigandek, taassurot qoldiradi.

Muxlislar anchadan beri so‘rayotgan Sardor Rashidov yig‘inga jalb etildi va asosiy tarkibga kiritildi. Guvohi bo‘ldingizki, Rashidovning ayni paytdagi holati terma jamoaga tormas ekan.

Masharipov muxlislar qarshisida o‘zini yaxshi his qiladi. U texnikasini ishga soladi. Lekin to‘pni o‘zida ko‘p ushlab qolishi, qanotlarda, standart vaziyatlarida jamoadoshlariga yetkazib bera olmasligi pand bermoqda.

Eldor Shomurodovning vaziyatlardan foydalana olmayapti. Unga qandaydir aniqlik yetishmayatgandek. “Jenoa”da ham bir maromda o‘ynay olmayotgan hujumchimizning holati O‘zbekistonning muhim o‘yinlari oldidan havotirimizni oshirdi.

Odil Ahmedovning yo‘qligi sezildi. Termada lider ko‘rinmadi. Sardorimiz jamoani ruhlantirardi. Jamoadoshlarini tushkun kayfiyatdan chiqarishga intilardi. Sheriklariga maydonda kuch berardi. Shu narsa ko‘rindiki, Odil Ahmedov hali ham termada katta figura vaziyasini bajarar ekan!

Ko‘rib turganingizdek, terma jamoamizning barcha chiziqlarida muammolar yuzaga kelgan. Futbolchilarimizning ko‘zida olov ko‘rinmayapti. Balandparvoz gap tuyulsa ham aytaman, vatanparvarlik ruhi yetishmayapti. Iroqni ko‘ring. Har bir vaziyat uchun kurashmoqda. Pressing boshqa, kurashish boshqa. Notinch yurt vakili bizni o‘z uyimizda yutib ketyapti.

Vadim Abramov so‘zga usta murabbiy. Har qanday savolga ustalik bilan javob qaytaradi, vaziyatdan chiqib ketadi. Iroqqa qarshi bellashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida Karlenovich taktik jihatdan yutqizganini, ammo barchasini iyun oyida ko‘rishimizni ta’kidladi. O‘ylaymizki, terma jamoamiz ustozi yozgacha muammolarga yechib topib, gapining ustidan chiqadi va jahon chempionati saralashining keyingi bosqichiga yo‘l olamiz. Bu borada futbolchilar va murabbiylarga kuch-quvvat tilaymiz!

Bekzod Isayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston MTJ Iroqqa nega yutqazdi? Asosiy muammolarimiz nimalarda ko‘rinmoqda?