16:10 / 19.04.2021
2 669

Futbolda asr to‘ntarilishi: Yevropa Superligasi o‘zi qanday musobaqa va nimalar bo‘lmoqda?


Futbol olamida yangi — Yevropa Superligasi deb atalgan musobaqa tashkil etildi. Quyida ushbu musobaqa va uning atrofidagi voqealar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.

Nima bo‘ldi?
Yevropaning 12 ta klubi Superligaga asos solinganini e’lon qildi. Top-klublar daromadni qoloq klublar va UEFA bilan bo‘lishgisi kelmayapti.
UEFA bunga yangi musobaqada ishtirok etadigan klublarni barcha ichki va xalqaro musobaqalardan chetlatish tahdidi bilan javob berdi.

Bu kimlarning g‘oyasi?
Florentino Peres va Andrea Anelli. Anelli nafaqat «Yuventus»ning prezidenti, balki, 246 futbol klubi a’zo bo‘lgan Yevropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) rahbari ham hisoblanadi. «Real» rahbari yangi musobaqaning prezidentiga aylandi. Anelli va Joel Gleyzer («Manchester Yunayted») esa uning o‘rinbosarlari sifatida tanlandi.

La Liga prezidenti Xaver Tebasning fikricha, «Real» prezidenti shunday mohirona ish tutganki, hatto «Barselona» sobiq prezidenti Xosep Bartomeu ham uning ta’sir doirasiga tushib qolgan:

«Menimcha, Bartomeu Florentino Peresga rahnamolik qilgan. Bu ligani tashkil qilish Peresning azaliy orzusi edi. U uzoq vaqt davomida buning ustida ishladi. Avvallari «Barselona»ning La Liga, UYEFA va FIFA bilan ishlash borasida o‘z qarashlari bor edi. Biroq so‘nggi uch yilda ular faqat «Real»ning ishlarini takrorladi», — deydi Tebas.

Kimning puliga tashkil etilyapti?
JP Morgan banklar tarmog‘i bosh homiy bo‘lishi ma’lum. Kompaniya yangi liga uchun 4,6 milliard funt tikishga tayyor. Bank o‘z investitsiyasini kelajakda sotiladigan translyatsiya huquqlari daromadidan tushadigan pullar orqali qoplab olmoqchi.

Shuningdek, Superliga loyihasini startaplar va kichik loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan kompaniya — Key Capital Partners (KCP) ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq KCP’ning yakka o‘zi investitsiya kiritishga qodir emas (kompaniya 2007 yildan beri jami 100 million funt investitsiya kirita olgan), biroq u yangi homiylarni jalb qila oladi.

Corriere dello Sport'ga ko‘ra, DAZN platformasi televizion huquqlar uchun 3,5 milliard yevro to‘lashga tayyor. Biroq Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya bu xabarlarni rad etmoqda.

Ta’sischi 15 ta klubga rivojlanish uchun 3,1 milliard funt (89 milliondan 310 milliongacha) ajratiladi. Pullarni stadion, mashg‘ulotlar bazasi yoki pandemiya sabab bo‘shab qolgan tribunalar tufayli ko‘rilayotgan zararni qoplash uchun ishlatish mumkin bo‘ladi.

Format qanaqa bo‘ladi?
Rejaga ko‘ra, Superligada 20 ta klub ishtirok etadi: ular 10 tadan ikki guruhga bo‘linadi. Guruhlarda ikki davralik tizim joriy etiladi: har bir klub mavsum davomida kamida 18 ta o‘yin o‘tkazadi — Chempionlar Ligasining yangi formatida bu son 10 taga teng. Musobaqa avgustda boshlanib, mayga qadar davom etadi.

O‘yinlar hafta o‘rtasida o‘tkaziladi (Chempionlar Ligasi o‘rniga), shu sabab agar taqiq bo‘lmasa jamoalar milliy chempionat o‘yinlarida ishtirok eta oladi.

Guruhdan uchta eng yuqori o‘rinni egallagan jamoa chorak finalga chiqadi. To‘rtinchi va beshinchi o‘rin egalari esa pley-offda o‘zaro kuch sinashadi. Chorak final va yarim finallar uy-safar tizimida o‘tkaziladi, final esa bitta o‘yindan iborat bo‘ladi va neytral maydonda bo‘lib o‘tadi.

Erkaklar o‘rtasidagi Superliga formatida aniq yo‘nalish paydo bo‘lsa, tashkilotchilar ayollar jamoalari o‘rtasida ham shunday musobaqa tashkil qiladi.

Ta’sischi klublar haqida
Yevropaning 12 ta klubi ta’sischilar qatorida: «Manchester Yunayted», «Liverpul», «Manchester Siti», «Arsenal», «Chelsi», «Tottenhem», «Barselona», «Real», «Atletiko», «Inter», «Milan» va «Yuventus».

«Barselona» uchun avvalgi prezident qaror chiqargan: Bartomeu iste’fo berishidan oldingi matbuot anjumani bu haqida gapirgandi: «Sizlarga noodatiy yangilikni yetkazmoqchiman. Kecha biz Yevropa Superligasida ishtirok etish taklifini qabul qildik. Bu klubga kelajakda moliyaviy tomondan barqarorlikni taqdim etadi. Biz klublar o‘rtasida Jahon chempionati yangi formatini qabul qildik», — degandi Bartomeu.

Kim rad etdi?
«Borussiya D», «Bavariya» va PSJ g‘oyani qo‘llab-quvvatlamagani ma’lum. The Athletic va The New York Times versiyasiga ko‘ra, nemis klublari musobaqalarning odatiy tuzilishidan voz kechishni istamagan.

PSJda esa hammasi murakkab. Birinchidan, parijliklar musobaqa ishtirokchilari faqat boy klublardan iborat bo‘lib qolishini istamayapti. Ikkinchidan, PSJ prezidenti Nossir al-Halayfi UYEFA direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi, shuningdek, u Chempionlar Ligasi translyatsiya huquqini sotib olgan beIN Media Group rahbari hisoblanadi.

Nega endi hozir?
Avvaliga Chempionlar Ligasining yangi formati mart oyi oxirida taqdim etilishi kerak edi, biroq UYEFA Yevropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) bilan kelisha olmadi. Qaror e’lon qilinishiga bir kun qolganda ECA ijroqo‘m a’zolari (unga 17 ta klub vakillari kiradi) assotsiatsiya hali bu qaror borasida kelishuvga erishmaganini ma’lum qildi. Top-klublar yana-da ko‘proq hokimiyatga ega bo‘lishni va daromadlar ustidan nazoratni xohladi.

The Athletic UYEFA boshqaruvning ma’lum qismini klublarga berish, biroq muhim qarorlar va asosiy daromad keltiruvchi vositalar ustidan nazoratni o‘zida saqlab qolishni istayotgan haqida yozgandi.

UEFA va ligalar nima bo‘ladi?
UEFA, Ispaniya, Angliya, Italiya futbol federatsiyalari va ligalari birgalikda bayonot berdi — revolyutsiyachilarni ko‘ngilsizliklar kutmoqda.

«Yuqorida qayd etilgan barcha, shuningdek FIFA va bizga a’zo barcha assotsiatsiyalar ushbu bema’ni loyihani to‘xtatish uchun bor kuchni ishga soladi. Biz bu ish sodir bo‘lmasligini uchun huquqiy va sport jihatidan barcha choralarni qo‘llaymiz.
Superligaga a’zo klublarga har qanday milliy chempionat, Yevropa yoki xalqaro maydonda o‘ynash taqiqlanadi
».

Sky Sport Italia nashrining xabar qilishicha, UYEFA Superligaga aloqador bo‘lgan har bir klub va futbolchini o‘zining musobaqalaridan chetlatib yubormoqchi. Bundan tashqari har bir klubga nisbatan 50-60 milliard yevrolik da’vo ishlarini qo‘zg‘atadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbolda asr to‘ntarilishi: Yevropa Superligasi o‘zi qanday musobaqa va nimalar bo‘lmoqda?