18:35 / 25.09.2021
2 398

"Anchadan beri bunday o‘yin ko‘rmagandim, Eronning o‘zi ham hayron qoldi" - futzalchilarimizning qahramonligi haqida

"Anchadan beri bunday o‘yin ko‘rmagandim, Eronning o‘zi ham hayron qoldi" - futzalchilarimizning qahramonligi haqida
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Litvadagi jahon chempionati nimchorak finalida Eronga qarshi ko‘rsatgan o‘yini katta qahramonlik sifatida baholanyapti.

To‘g‘ri, biz yutqazdik, ammo jamoamiz kuchli raqibga qarshi shu qadar mardonavor o‘yin ko‘rsatdiki, go‘yoki futzalchilarimiz g‘olib sifatida o‘yinni tark etgandek bo‘ldi. Chunki Eronga 8 ta gol urishni o‘zi bo‘ladimi?

Bilasiz, bu Osiyoning birinchi raqamli jamoasi hisoblanadi. Jahonda esa eng kuchli termalardan biri. O‘zaro uchrashuvlarda hali bu qadar o‘ta jiddiy qarshilik ko‘rsatilmagandi. Bu bilan O‘zbekiston futzal terma jamoasi ham o‘sayotganini jahonga ko‘rsatdi.

Mazkur qarama-qarshilikdagi bellashuv ushbu jahon chempionatidagi eng zo‘r o‘yinlardan biri bo‘ldi. Negadir yutqazgan bo‘lsak-da, xafa ham emasmiz. Chunki futzalchilarimizning ko‘rsatgan o‘yini hammamizni xursand qildi. Eronga qarshi bellashuv borasida o‘zbekistonlik futzal mutaxassislaridan biri Ahad Yusupov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘yindan qanday taassurot qoldi?
- Nima ham derdik, o‘yinni hammamiz ko‘rdik, O‘zbekistonning yutug‘ini barchamiz xohlagandik. Futzalchilarimiz yangi tarix sahifalarini ochib kelishdi. O‘zbek futzali kundan-kunga rivojlanib borayotgani ko‘zga ko‘rinib turibdi. Yangi jamoa va yangi o‘yinchilar, hammasi ajoyib. Faqat ishlashda davom etish kerak. Bir-ikkita xatolar bo‘lmaganida, g‘alaba qozonsa bo‘ladigan o‘yin edi. Yigitlarimiz gladiator bo‘lib o‘ynadilar, gap yo‘q. Ular borini berib o‘ynashdi. Menga ham alam qilyapti, yutqazganimiz. Taktik tomondan barchasi to‘g‘ri bajarildi va oxirigacha kurashishdi. Eron uchta to‘p farqi bilan oldinga o‘tib ketganida raqib bo‘shashdi va bundan jamoamiz foydalandi. Faqat bir narsaga e’tibor qaratmoqchi edimki, bizga ozgina tajriba yetishmadi. Biz jahon chempionatida ikkinchi marotaba qatnashyapmiz.

Eronga o‘xshab 9 karra mundial ishtirokchisi bo‘lganimizda terma jamoamizda ham yetarli tajriba bo‘lardi. Baribir futzalchilarimizga qoyil qoldim. Hozirgi kunda dunyoning eng kuchli uchinchi jamoasi bilan tengma-teng o‘ynash oson emas. Bu o‘yinda bizga biroz omad ham yetishmadi. Eronliklar kerakli joyda pressing qo‘llashdi. Bizning yigitlar butun o‘yin davomida pressing qildilar. Yopiq o‘yin ko‘rsatishmadi. Oxirida jismoniy tomondan o‘yinchilarimiz charchab qoldilar. 5-golda darvozabonimiz xato qildi. Keyin murabbiy Ilhom Hamroyevni oltinchi o‘yinchi sifatida tushirib to‘g‘ri qildi. Agar o‘shanda kerak bo‘lmagan xatoni qilmaganimizda natija boshqacha bo‘larmidi?! Shunda ham futzalchilarimiz o‘z darajasidan yuqori saviyada o‘ynadilar. Oxirgi o‘yin kabi jon-jahdlari bilan kurashishdi.

O‘zbekiston hech qachon Eronga 8 ta gol urmagan. Raqibning hozirgi darajasi haqida
- Eron terma jamoasi hozir avlodlar almashinuvi jarayonida turibdi. Terma jamoamiz jahon chempionatida eng yosh jamoalardan biriga aylandi, adashmasam bu borada uchinchi bo‘lishdi. Haqiqatan Eron tarixda hech qachon O‘zbekistondan 8 ta gol o‘tkazib yubormagan. Bu o‘zbek futzali rostdan rivojlanyapti deganidir. Qolaversa, futzalimiz uchun fidoyi inson bor – Jahongir aka Usmonov. Shu odamning mehnati ham juda katta. Futzalga bu qadar jon kuydirgan odamni boshqa ko‘rmaganman. Futzalimizni shu darajaga olib chiqilishida Jahongir akani katta hissasi bor. Shunga o‘xshagan fidoyi insonlarimiz ko‘paysa, futzalimiz rivojlanishda davom etadi. Keyingi Osiyo va jahon chempionatlarida terma jamoamiz yanada yaxshi natijalar ko‘rsatishga munosib.

Bizda darvozabon almashgani asosiy xatoimiz bo‘ldimi?
- Bunday deb o‘ylamayman. Elmurodovni anchadan beri bilaman. Qo‘l ostimda shug‘ullangan. Faqat bu o‘yinda biroz tavakkalchilikka yo‘l qo‘ydik. Eronga qarshi o‘yinda oltinchi o‘yinchi bilan o‘ynab yutish mumkin. Shuni oldin ham aytganman. Mana, shu ishni qilishdi. Yana bir bor yigitlarimizga rahmat. Jamoamizda uchta to‘p farqi bilan yutqazayotganida ham qo‘lini tushirmadi. O‘yin tugaganidan keyin hayolga turli fikrlar kelaveradi. Jamoamiz xato qilmadi. Faqat bu darvozabon jahon chempionatidagi birinchi o‘yinida tushdi. Yomon boshlamadi. Baribir ayrim vaziyatlarda oyog‘i qaltirab qoldi. Sarosimaga tushib qoldi. Aslida u iqtidorli. Mana shunday katta musobaqalar orqali tajriba orttiradi. Uni ayblash noto‘g‘ri. Lekin terma jamoamizning o‘yini yoqdi. Anchadan beri bunday o‘yin ko‘rmagandim. Chinakam jangchilarga xos tayyorgarlik bilan chiqishdi va dunyoning top-jamoasiga qarshi munosib kurashdi. Eronni o‘zi ham hayron bo‘lib qoldi, ular buncha gol o‘tkazishmagandi, - dedi Yusupov.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Anchadan beri bunday o‘yin ko‘rmagandim, Eronning o‘zi ham hayron qoldi" - futzalchilarimizning qahramonligi haqida