1 916
Ringda raqiblar, sudda esa hukumat bilan kurashgan, sport tarixidagi eng buyuk shaxs — Muhammad Ali
Foto: Getty Images
Muhammad Ali nafaqat barcha davrlarning eng yaxshi bokschisi, balki BBC talqiniga ko‘ra XX asrning eng yaxshi sportchisi hamdir. Uning ta’sir doirasi boks ringi o‘lchamidan ancha keng.
Ilk katta jangida Sonni Listonni mag‘lub etgan Kassius Kley (Muhammad Alining haqiqiy ismi) o‘zini GOAT (Greates of all time) deb e’lon qilgandi. Shundan keyin u jamoatni faqatgina ringda emas, uning tashqarisida ham hayratda qoldirib keldi. Bu orqali u o‘zidan katta meros qoldirdi va barcha davrlarning eng yaxshi bokschisi deb hisoblanishiga olib keldi.
Hozir har bir sport turining o‘z GOAT’lari bor, lekin eng munosibi — Ali. U butun hayoti davomida o‘z prinsiplarini puldan, hattoki faoliyatidan ham ustun qo‘ydi.
Ali — jahon miqyosda yulduzga aylangan tarixdagi ilk sportchi
Marketing sohasida tadqiqotlar olib boradigan OnePoll kompaniyasi 2019 yil mart oyida amerikaliklar o‘rtasida eng jarangdor slenglarni (ma’lum guruhlarga tushunarli bo‘lgan va asl ma’nosidan farq qiluvchi so‘z yoki ibora) aniqlash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi. Birinchi o‘rinni GOAT so‘zi egalladi. Bu Greates of all time — barcha davrlarning eng buyugi iborasining qisqartirilgan shakli. Inglizchadan tarjima qilinganda «goat» so‘zi «echki» degan ma’noni bildiradi, shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda u yoki bu sportchining yoniga echki emojisi qo‘yiladi.
Bu so‘zni ilk bor barcha davrlarning eng yaxshi bokschisi Muhammad Ali ishlatgan edi. 1964 yil fevral oyida Sonni Listonga qarshi birinchi jangida sensatsion tarzda g‘alaba qozonganidan so‘ng ringda: «Men — barcha davrlarning eng buyugiman» degandi.
Muhammad Ali — Sonni Liston jangi
Foto: Getty Images
U mazkur bir soat ichida shunchaki sport yulduzi emas, undan ancha yuqori darajaga ko‘tarildi. Xarizma va yutuqlari jihatidan Diyego Maradona, Maykl Jordan, Rojer Federer va Pele kabi yigitlardan qolishmasdi.
Ali bilan ularning orasidagi farq shundaki, ular shunchaki o‘z davrining megayulduzlari bo‘lgan, xolos. Muhammad Ali ringda raqiblari bilan, sudda Vetnam urushi tufayli hukumat bilan jang qilar, qora tanlilarning huquqlari uchun kurashardi. Hatto Parkinson kasalligi ham 33 yillik kurashdan so‘nggina undan ustun keldi. Muhammad sportchi ringdan tashqarida ham ko‘p narsalarga qodir bo‘lish mumkinligini isbotlab berdi.
Masalan, Maykl Jordan siyosat haqida gapirishni istamagani uchun masxara qilingan. Shunday voqea 1990 yilgi saylovlarda yuz bergandi. Maykl o‘zi tug‘ilgan Shimoliy Karolina shtatida o‘tkazilgan saylovda amaldagi respublikachi, irqchiligi bilan tanilgan Jessi Xelmsga qarshi kurashgan afroamerikalik demokrat Harvi Gantni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgandi.
Ali esa AQSHda afroamerikaliklar huquqlarini himoya qiluvchi qahramonga aylangan edi. Futbol qiroli Pele apolitik (siyosatdan o‘zini olib qochish) ekanligi, Braziliyani 1964 yildan 1985 yilga qadar boshqargan harbiy diktaturaning qora tanlilarga yetkazgan zulmi kabi ijtimoiy muammolarga beye’tiborligi sabab millionlab braziliyaliklar tomonidan tanqidga uchragan.
Pele irqdagi nomutanosibliklarga qaramay barcha braziliyaliklarga bir xil munosabatda bo‘lishini ko‘p bor ta’kidlagan. Irqchilikka oid savollarga Pele ko‘pincha, javob bermasdi.
Hattoki, hozir ham braziliyaliklarning g‘azabiga uchrasa ham futbol afsonasi aniq bir pozitsiyani egallamaydi: «Keling Braziliyadagi barcha xavotir va noroziliklarni unutamiz, Braziliya jamoasi bizning vatanimiz, bizning qonimiz ekanini yodga olamiz», — degandi Pele.
Bu jihatdan olib qaraganda Ali — sportchilar ichidagi Yuriy Gagarin. Eng ko‘p gol urgan, Instagram’ida boshqalardan ko‘ra ko‘proq obunachilari bor insonlar emas, hayotda o‘zini yengishdan tashqari, tizim ustidan ham g‘alaba qozona olganlar u bilan bir qatorda turishi mumkin.
Ali faoliyatini yakunlaganidan o‘n yillar o‘tib, faqat Mayk Tayson u bilan bir qatorda turish imkoniyatiga ega bo‘lgandi, ammo u o‘z obro‘sini to‘kib yubordi. Giyohvand moddalar, alkogol va qamoq uni barbod qildi.
Foto: Getty Images
Floyd Meyvezer o‘zini Alidan ham buyuk deb atadi va muxlislar nafratiga duchor bo‘ldi
Muhammad shon-shuhratning eng yuqori cho‘qqisiga yetganda ham ko‘p pul va mashhurlik haqida bosh qotirmagan. Islomni qabul qilgach, ringdan tashqari hayotida ancha kamtar va mehribon insonga aylandi. Butun dunyoni kezdi, turli joylarda mahorat darslari o‘tdi, ko‘pincha qamoq, bolalar uyi, axloq tuzatish maskanlariga tashrif buyurardi. Bitta tashrifi bilan ko‘plab insonlar taqdirini o‘zgartirib yuborardi. Shu jumladan, Mayk Taysonning ham hayoti o‘zgarishiga Muhammad sababchi.
Uni GOAT deb atalishiga yana bir sabab — jamoatchilikning unga bo‘lgan munosabati. Hatto ringdagi eng ashaddiy raqibi Jo Freyzer ham yillar o‘tib, Ali tomonidan qilingan haqoratlarni kechirganligini aytdi. Jo bularning barchasi jangning qo‘shimcha piari uchun qilinganini tushungandi. Haqiqatda ular o‘rtasidagi qarama-qarshilik boks tarixidagi eng yaxshisiga aylandi.
Tarixga «Maniladagi triller» nomi bilan kirgan, ular o‘rtasidagi uchinchi jangdan so‘ng Ali Freyzerni tarixdagi eng kuchli bokschi deb ataydi. O‘zidan keyingi, albatta. Alini butun dunyoda o‘n, balki yuz millionlab odam chin qalbdan yaxshi ko‘radi.
Rekordi unikidan yaxshiroq va ko‘proq pul ishlagan bokschi Floyd Meyvezer haqida unday deb bo‘lmaydi. Ringdagi muvaffaqiyatlariga qaramasdan Floyd har doim takabbur, maqtanchoq, o‘ziga xos hayot tarziga ega inson edi. Lekin uning o‘zini Muhammad Alidan ham buyuk sanashi jamoatchilikni hayratga soldi.
Foto: Getty Images
- "Bokschini qaysi mezonlar asosida baholash mumkin? Agar biz shaxsiy fikrlarimizni ilgari sursak, ha, Ali eng yaxshisi. Agar kam zarba o‘tkazib, rekordlarni urishni hisobga olsak, Floyd Meyvezer eng yaxshisi.
Muhammad Ali — afsona. U hozir men erishgan yutuqlarga yo‘l ochib bergan inson. Rekord haqida gapiriladigan bo‘lsa, ko‘pchilik Alining bor-yo‘g‘i yettita jang o‘tkazgan bokschiga kamarni boy berib qo‘yganini unutadi. Alining oldida shlyapamni yechaman, lekin men o‘zimdan kuchli jangchi bor deyish uchun boksga 40 yilimni bag‘ishlamadim", - dedi Floyd Meyvezer.
Bu gaplar OAV, sport muxlislarining tanqidlariga sabab bo‘ldi. Floyd eng muhim narsani unutgandi. Mag‘lubiyatsiz rekord eng kuchli bokschi ekanligini anglatmaydi. Aksincha, boksda mag‘lubiyatdan keyin yanada kuchliroq bo‘lib qaytish jangchiga buyuklik olib keladi.
Shuning uchun ham u amerikalik bo‘lmagan Roberto Dyuran yoki Menni Pakyao AQSHda muxlislar tomonidan o‘zidan ko‘ra ko‘proq e’tirofga sazovor bo‘lishini tushunmaydi. Ular faoliyati davomida bir necha bor o‘zlarini yenggan holda, qiyinchiliklarni bartaraf etgan.
Vladimir Klichko 2003 yildagi navbatdagi irodasiz mag‘lubiyatidan (Korri Sandersga qarshi) so‘ng deyarli barcha maqomidan ayrildi, lekin u qayta oldi. Emanuel Styuard bilan birga ishlay boshladi va yillar mobaynida g‘alaba qozonuvchi mashinaga aylandi. Vitaliy Klichko esa jarohat sabab faoliyatini yakunladi, lekin oradan 4 yil o‘tib, ringga qaytdi va o‘sha vaqtdagi eng yaxshi pancher Samyuuel Piterni mag‘lub etdi.
Foto: Getty Images
Vladimir Klichkoni mag‘lub etgan Tayson Fyuri kokain, alkogolga o‘tirib qoldi, ortiqcha 50 kilogramm vazn yig‘di va uch yil davomida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Lekin qaytdi va zamonaning eng xavfli nokautchisi Deontey Uaylderning g‘alabali seriyasiga nuqta qo‘ydi. Meyvezerda esa bunday voqea bo‘lmagan. Bu shunchaki oxirgi yillardagi misollardan bir nechtasi, xolos.
Floyd doim o‘ziga qulay raqiblarni tanlagan va ular bilan o‘ziga ideal bo‘lgan vaqtda jang qilgan. Hatto Pakyao ham u bilan jangga chiqqan vaqtda o‘zining eng yuqori formasida emasdi.
Foto: Getty Images
Meyvezerda hech qachon Ali—Freyzer, Ali—Forman yoki Ali—Liston qarama-qarshiligi bilan tenglashadigan jang bo‘lmagan. Shuning uchun Floydning aytgan gapi faqat g‘azabni qo‘zg‘atadi. Ko‘pchilik Meyvezerni GOAT’dan ham o‘zini ustun qo‘ygani uchun yoqtirmaydi. Moliyaviy muvaffaqiyat va ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilar soni urfda bo‘lgan hozirgi davrda Muhammad Alida bo‘lganidek hikoya haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Shunday ekan GOAT iborasi faqat unga yarashadi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi