Superliganing 3-turidan o‘rin olgan "Neftchi" – "So‘g‘diyona" (1:2) uchrashuvidan keyin mezbonlar ustozi Ilhom Mo‘minjonov matbuot anjumanida qatnashdi.
- O‘yin haqida
- Bugungi o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Birinchi taymda o‘yinimiz o‘xshamadi. 2 ta standart holatdan gol o‘tkazib yubordik. Himoya chizig‘ida pala-partishlik yuzaga kelgani oqibatida raqib darvozamizga 2 ta to‘p kiritdi.
Ikkinchi taymda yaqqol golli vaziyatlarga ega bo‘ldik, ammo ulardan unumli foydalana olmadik. Alamli mag‘lubiyatga uchradik. Endi keyingi bahsga astoydil hozirlik ko‘ramiz.
- Jamoa standart holatlarga tayyorlanmaganmi? Bu o‘yinning bir qismi. Bugun ko‘rdikki, jamoa bundan foydalana bilmadi...
- Hozirgi kunda zamonaviy futbolda 70-75% gollar standart vaziyatlar orqali urilyapti. Mashg‘ulotlarda buni ustida ishlagandik. Biroq raqib imkoniyat bermadi. Futbolchilarimiz uzatmalarda ham qiynalishdi. Pozitsion hujum va qarshi hujumlarda imkoniyatlarimiz bo‘ldi, ammo standart holatda imkoniyatga ega bo‘lmadik. "So‘g‘diyona" esa shu vaqtgacha ko‘p marta standartdan unumli foydalangan.
- Lutfulla To‘rayevning jarohati xususida nima deya olasiz?
- Uning jarohati jiddiyga o‘xshayapti. Yaxshi bilasiz, To‘rayev yetakchi futbolchilarimizdan biri. U va Abror Ismoilovga ishongan edik. Afsuski, 3-turga kelib turli holatlar ro‘y beryapti. To‘rayev kam vaqt o‘ynayotgan bo‘lsa, Ismoilov qizil kartochka olib qoldi. Hali ular o‘zlarini to‘liq namoyon qila olishmayapti. Ungacha zaxira futbolchilarimizdan foydalanamiz.
- Amaldagi chempion va vitse-chempionga imkoniyat boy berildi. Shundan kelib chiqib, "Neftchi"ning imkoniyatlarini hamon yuqori baholaysizmi?
- Ha. Oldimizga kuchli uchlikka kirish vazifasi qo‘yilgan. Buni uddalashimiz shart. Hali chempionat oldinda.
- "Neftchi" urgan gollarini faqat penaltidan urdi. Jamoa o‘tgan yilgi to‘purar hujumchi Marko Obradovichni olib kelishni o‘ylab ko‘rmaganmidi?
- Yo‘q. Xavfli vaziyatlar bo‘ldi, ura olmayapmiz. Penaltilar ham hujumchilarning harakatlari evaziga ishlab olingan edi. O‘ylaymanki, hujumchilarimiz navbatdagi turlarda gol urishadi.
- Jamoa tarkibi ko‘proq Izzatilla Abdullayevga bog‘lanib qolganmi? Bugun tarkib tanlashda adashmadingizmi?
- Uni o‘yinni kuchaytirish uchun zaxirada qoldirgandik. Abdullayev, Sharich va Hoshimov o‘yinimizni kuchaytirib berishdi. Afsuski, Sharich bo‘sh qolgan darvozaga to‘p kirita olmadi. Ubaydullayev birga-bir holatdan foydalana bilmadi. Omad kelmadi. Bu – futbol. Standart holatlardan gollar o‘tkazib yuborganimiz alamli bo‘ldi. Buni futbolchilar ham yaxshi bilardi.
- O‘ng qanot himoyasida, maydon markazida aynan kim o‘ynayotgani sezilmayapti, futbolchilar joy almashib o‘ynashyapti. Bu siz tomoningizdan tatbiq etilgan taktikami?
- O‘ng qanotda Abbos G‘ulomov o‘ynayapti. U o‘zini qanotda yaxshi ko‘rsatyapti. Birinchi turda raqibdan kelib chiqib, Darko Stanoyevichni o‘ynatgan edik. G‘ulomov esa yarim himoyada to‘p tepgandi.
Bugun birinchi taymdan so‘ng Lutfulla To‘rayevni orqaroqqa qaytarishga majbur bo‘ldik. Kutilmaganda Akbar To‘rayev jarohat olgani bunga sabab bo‘ldi. Himoyamiz yaxshi. O‘ylaymanki, keyingi uchrashuvlarda ular o‘zini yaxshi tarafdan ko‘rsatishadi.
- Hakamlar o‘tgan yilga qaraganda bu yil ko‘p hollarda kurashlarga boy o‘ynashga qo‘yib berishyapti. Bu yaxshimi yoki yomonmi?
- Futbol – kurashlarga boy o‘yin. Hakamlar to‘g‘ri qilishyapti. Har bir jarayonga hushtak chalaverishsa ham bo‘lmaydi. Hakamlarga e’tirozimiz yo‘q. Hammasi yaxshi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”