date

Farg‘onada xitoyliklar havo tozalagich ishlab chiqarishmoqchi

Farg‘onada xitoyliklar havo tozalagich ishlab chiqarishmoqchi

O‘zbekistonda mahalliy sanoatni rivojlantirish va aholi uchun ekologik toza mahsulotlarni taqdim etish maqsadida navbatdagi yirik qadam tashlandi. Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatida zamonaviy havo tozalagich qurilmalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar berdi hokimlik matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga amaliy tashrifi doirasida qator muhim kelishuvlarga erishilgan. Xususan, Furqat tumanidagi 52 gektardan ortiq maydonda «Farg‘ona — yangi imkoniyatlar» maxsus industrial zonasida farmatsevtika mahsulotlari va havo tozalagich qurilmalar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.

Ta’kidlanishicha, loyihalarni amalga oshirishda xitoylik Gascia-Aksu Alliance kompaniyasi asosiy tashabbuskor hisoblanadi. Kompaniya nafaqat zavodlarni barpo etish, balki Xitoydan yirik tadbirkorlarni jalb etib, eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishga e’tibor qaratadi. O‘z navbatida, mahalliy hokimiyat investorlarga to‘liq qo‘llab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratishni va’da qilmoqda.

Ekologik jihatdan ham loyiha katta ahamiyat kasb etadi. Chunki mamlakatning yirik shaharlarida, ayniqsa Toshkentda havo sifati ko‘pincha me’yordan oshib ketmoqda. Ayniqsa qishda issiqlik tizimlari ishlashi, yozda esa iqlim o‘zgarishi va cho‘llanish jarayonlari tufayli havo ifloslanishi keskin kuchayadi. Mutaxassislar fikricha, mahalliy sharoitda ishlab chiqariladigan havo tozalagich qurilmalar aholi salomatligini muhofaza qilishga sezilarli hissa qo‘shishi mumkin.

Shu bilan birga, xitoylik hamkorlar Toshkent viloyatida yangi sanoat zonasini qurish, mamlakatda zamonaviy «aqlli» logistika omborlari va tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini yengillashtiruvchi onlayn-platforma yaratishda ham ishtirok etadi.

Mutahassislar ta’kidlashicha, bu kabi qo‘shma loyihalar nafaqat iqtisodiy samara olib keladi, balki O‘zbekistonning xalqaro investitsion nufuzini ham yanada oshiradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Farg‘onada xitoyliklar havo tozalagich ishlab chiqarishmoqchi