Endi begona karta Click va Paynet’ga ulanmaydigan bo‘ldi

Yangi nizomga ko‘ra, Click, Paynet va boshqa to‘lov ilovalarida karta biriktirish qoidalari yangilandi. Endilikda mobil ilovadagi foydalanuvchi akkauntiga faqat o‘sha shaxsning o‘ziga yoki uning yaqin qarindoshlariga tegishli bank hisobraqami, bank kartasi hamda elektron hamyonlarni ulash mumkin bo‘ladi. Shuningdek, aynan shu akkaunt orqali P2P o‘tkazmalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Tartibga muvofiq, foydalanuvchining telefon raqami va JSHSHIRi mosligi tekshiriladi. Moslik aniqlanmasa, kredit va to‘lov tashkilotlari biometrik identifikatsiya jarayonida “hayotiylik” (liveness) omillarini aniqlashi shart bo‘ladi. Ya’ni shunchaki surat yoki rasm orqali tasdiqlash bilan identifikatsiyadan o‘tish imkoni bo‘lmaydi — tekshiruv kuchaytiriladi.
Xavfsizlik choralariga ko‘ra, telefonga yuborilgan bir martalik SMS-kod 3 marta noto‘g‘ri kiritilsa, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqa davomida vaqtincha cheklanadi. Bundan tashqari, akkauntga boshqa qurilmadan kirilganda yoki parol qayta tiklanganda, ushbu akkauntga bog‘langan barcha bank kartalari ilovadan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!