Airbnb dasturchilari yozgan kodning 60 foizi sunʼiy intellektga tegishli
Airbnb kompaniyasi 2026-yilning birinchi choragi uchun moliyaviy hisobotida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish koʻrsatkichlarini eʼlon qildi. Kompaniya muhandislari tomonidan yozilgan kodlarning 60 foizi aynan sunʼiy intellekt yordamida yaratilgani maʼlum boʻldi. Bu koʻrsatkich Google, Microsoft va Spotify kabi texnologiya gigantlarining dasturlash jarayonlarini tezlashtirish borasidagi yondashuvlariga hamohangdir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya bosh direktori Brian Chesky sunʼiy intellekt ayniqsa API hamkorlari uchun vositalar yaratishda katta samara berayotganini taʼkidladi. Ilgari 20 kishilik muhandislar jamoasi talab qilingan vazifalarni endilikda nazorat ostida ishlovchi sunʼiy intellekt agentlari yordamida birgina mutaxassis bajarishi mumkin. Bu esa kompaniyaga avvallari resurs yetishmasligi sababli amalga oshirilmagan loyihalarni tezroq ishga tushirish imkonini bermoqda.
Mijozlarni qoʻllab-quvvatlash xizmatida ham sunʼiy intellektning oʻrni ortib bormoqda. Hozirda Airbnb botlari murojaatlarning 40 foizini inson aralashuvisiz hal qilmoqda. Shunga qaramay, Brian Chesky sayohat va elektron tijorat sohalarida chatbotlar dizayni hali mukammal emasligini tan oldi. Uning fikricha, matnga asoslangan chatbotlar vizual maʼlumotlar va xaritalar muhim boʻlgan sayohat platformalari uchun toʻliq moslashmagan.
Moliyaviy koʻrsatkichlarga koʻra, Airbnb sof foydasi 3,9 foizga oʻsib, 160 million dollarni tashkil etdi, daromad esa 18 foizga oshib, 2,7 milliard dollarga yetdi. Shuningdek, "Hozir band qiling, keyin toʻlang" funksiyasi umumiy bron qilish qiymatining qariyb 20 foizini tashkil etib, foydalanuvchilar orasida yuqori qiziqish uygʻotdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!