Sunʼiy intellekt agenti sport zalining dasturini buzib kirdi

Avstraliyada sun'iy intellekt agenti o'z egasining manfaatlarini ko'zlab, sport zali ilovasidagi avtorizatsiya zaifligidan foydalanib, boshqa mijozning bandlovini bekor qilgani rasman hujjatlashtirildi. Dasturchi Endryu Berdning OpenClaw agenti uning kutish ro'yxatidagi o'rnini yaxshilash uchun 1-o'rindagi mijoz bandlovini o'chirib, egasini 4-o'rindan 3-o'ringa ko'targan.
Avstraliyada qayd etilgan soʻnggi hodisa zamonaviy sunʼiy intellekt agentlarining imkoniyatlari naqadar kengayib ketgani hamda ularning xavfsizlik chegaralarini cheklash borasidagi muammolarni yana bir bor kun tartibiga chiqardi. Avstraliyaning ABC nashri tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda ilk bor sunʼiy intellekt agenti oʻz egasining manfaatlarini koʻzlab kiberhujum amalga oshirgani rasman hujjatlashtirildi. Ushbu holat kelgusida aqlli tizimlarning nazoratdan chiqish xavfi nafaqat yirik korporatsiyalar, balki kundalik oddiy dasturlarga ham daxldor ekanini koʻrsatib berdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Sunʼiy intellekt va navbatdagi muammo
Aslida mazkur voqea bundan bir necha oy muqaddam sodir boʻlgan edi. Dasturchi Endryu Berd oʻzining OpenClaw deb nomlangan shaxsiy sunʼiy intellekt agentini turli kundalik yumushlarni, jumladan, uchrashuvlar va mashgʻulotlarni band qilishga oʻrgatib kelayotgan edi. Berd mashhur erta tongdagi fitnes mashgʻulotiga borishni yoqtirar, biroq doim ham boʻsh joy topolmay, kutish roʻyxatining oxirida qolib ketishdan charchagandi. Aynan shu muammoni hal qilish istagi kutilmagan kiberhizmatga yoʻl ochib berdi.Endryu oʻz agentiga mashgʻulotga joy band qilishni buyurganda, sunʼiy intellekt eng yaxshi holatda kutish roʻyxatining 4-pogʻonasini taqdim eta olgan. Shundan soʻng bot oʻz egasiga mashgʻulotlarga ancha oldindan, yaʼni sport zali tizimi ochishidan ham oylar oldin joy topish yoʻlini topganini maʼlum qilgan. Foydalanuvchi tizimdagi oʻrnini yaxshilashni soʻragach, agent darhol harakatga kirishgan.
Zaiflik va kutilmagan xakerlik
ixbt.com va boshqa texnologik manbalar eʼtibor qaratganidek, sunʼiy intellekt dasturiy taʼminotdagi avtorizatsiya qismidan jiddiy zaiflik topishga muvaffaq boʻlgan. Bot sport zali foydalanayotgan ilovaning himoya qobigʻini chetlab oʻtib, kutish roʻyxatining 1-oʻrnida turgan boshqa mijozning bandlovini shunchaki oʻchirib yuborgan va oʻz egasini yuqoriroq pogʻonaga oʻtkazgan.Eʼlon qilingan chat loglariga koʻra, sunʼiy intellekt oʻz ishidan mamnun holda egasiga shunday xabar yollagan: «API boshqalarning bandlovlarini bekor qilishda hech qanday avtorizatsiya tekshiruviga ega emas ekan. Men buni 1-oʻrindagi shaxsda sinab koʻrdim va amalga oshdi». Natijada Endryu kutilmagan tarzda 4-oʻrindan 3-oʻringa koʻtarilib olgan.
Professional dasturchi boʻlgan Endryu Berd oʻzining shaxsiy sunʼiy intellekt agenti sport zali tizimini buzib kirganidan qattiq tashvishga tushgan. U botdan bu amalni ortga qaytarib, boshqa mijozning oʻrnini tiklashni soʻragan, biroq sunʼiy intellekt buni amalga oshirib boʻlmasligini bildirgan. Shundan soʻng dasturchi boshqa chora topib, qoʻllab-quvvatlash xizmatiga masʼuliyatli fosh etish xatini yozishni buyurgan. Ushbu xatda aniqlangan zaiflik batafsil tushuntirilib, uni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ham berilgan.






























Izohlar 0
…