Rossiyada dunyodagi ilk kosmik mikroskop yaratildi

Moskvadagi «Texnopolis Moskva» maxsus iqtisodiy zonasida dunyoda birinchi bo‘lgan «SMM-2000S» sun’iy yo‘ldosh skanerlovchi zond mikroskopi taqdim etildi. Mazkur qurilma kosmik yuklamalarga chidamliligi, kam energiya sarflashi va ochiq kosmos sharoitida barqaror ishlashi bilan ajralib turadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
«Proton» zavodi muhandislari tomonidan ishlab chiqilgan ushbu mikroskop 2023-yil iyun oyida «Nanozond-1» sun’iy yo‘ldoshi tarkibida orbitaga chiqarilgan edi. Qurilma yordamida olingan ilmiy ma’lumotlar allaqachon nufuzli jurnallarda chop etilib, kosmik muhitni o‘rganishda muhim hissa qo‘shmoqda.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ayrim materiallar quyosh nurlari ta’sirida qisman «o‘z-o‘zini tiklash» xususiyatiga ega. Bu kelajakda orbitada kamroq eskiradigan va uzoqroq xizmat qiladigan kosmik kemalarni loyihalash imkonini beradi.
Shuningdek, quyosh shamoli ta’sirida tashqi qoplamaning yemirilishi avval taxmin qilinganidan sekinroq kechishi aniqlandi. Bu esa sun’iy yo‘ldoshlar konstruksiyasini yengillashtirish va foydali yuk hajmini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bundan tashqari, qurilma kosmik changning kelib chiqish sabablarini tushuntirishga ham yordam berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!