Sunʼiy intellekt olamida shov-shuvli transfer: Andrey Karpathy Anthropic kompaniyasiga oʻtdi

Mashhur sunʼiy intellekt mutaxassisi Andrey Karpathy rasman Anthropic kompaniyasi jamoasiga qoʻshildi. U X ijtimoiy tarmogʻi orqali qilgan chiqishida chuqur tadqiqotlar va ishlanmalar jarayoniga qaytayotganidan xursand ekanligini bildirdi. Karpathyʼning fikricha, yaqin yillar yirik til modellari texnologik frontida sanoat uchun hal qiluvchi va eng muhim davr boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Andrey Karpathy jahon sunʼiy intellekt hamjamiyatidagi eng nufuzli va taniqli shaxslardan biri hisoblanadi. U OpenAI startapining asoschilaridan biri boʻlgan, keyinchalik Tesla kompaniyasida avtopilot va haydovchisiz boshqaruv tizimlari boʻyicha ishlab chiqish guruhiga rahbarlik qilgan. 2024-yilda OpenAIʼni tark etgan mutaxassisning Anthropicʼni tanlashi ekspertlar tomonidan OpenAI uchun jiddiy yoʻqotish sifatida baholanmoqda.
Yaqin vaqtgacha Karpathy taʼlim sohasiga sunʼiy intellektni integratsiya qilishga qaratilgan Eureka Labs loyihasi bilan shugʻullanayotgan edi. U taʼlim mavzusi oʻzi uchun hamon muhim ekanligini va vaqti kelganda ushbu loyihaga qaytishini taʼkidladi. Mutaxassisning ilmiy ishga qaytish qarori uning avtomatlashtirish istiqbollariga boʻlgan qarashlari oʻzgargani bilan bogʻliq.
Karpathy soʻnggi paytlarda dasturiy kod yaratishga moʻljallangan «agent» tizimlarining rivojlanish surʼatlaridan hayratda qolganini tan oldi. Bir necha oy oldin u bunday avtonom agentlarning imkoniyatlariga nisbatan skeptik munosabatda boʻlgan boʻlsa-da, texnologiyalar evolyutsiyasi uni oʻz fikrini qayta koʻrib chiqishga va yangi avlod modellarini yaratish ustida ishlashga undadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!