Foydalanuvchi GeForce RTX 5090 quvvat ulagichini muntazam tekshirib turgan boʻlsa-da, u baribir erib ketdi

Reddit forumida GeForce RTX 5090 videokartasining 16-pinli quvvat ulagichi bilan bogʻliq navbatdagi muammo haqida xabar paydo boʻldi. KusKundale taxallusli foydalanuvchi kompyuteriga rejaviy xizmat koʻrsatish vaqtida konnektorning erish alomatlarini aniqlaganini maʼlum qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tizim egasining soʻzlariga koʻra, u oʻz qurilmasining holatini muntazam kuzatib borgan: har uch oyda videokartaning quvvat kabelini uzib, qayta ulagan, shuningdek, har oy ulanish mustahkamligini tekshirib, korpusni changdan tozalab turgan. Shunga qaramay, navbatdagi koʻrik paytida u quvvat kabelida ham, videokartaning oʻzidagi ulagichda ham qorayish va qizib ketish belgilarini sezgan.
Tizimda 12VHPWR konnektoriga ega original Corsair Type 4 kabelidan foydalanilgan. Shunisi eʼtiborliki, videokarta vertikal holatda oʻrnatilgan boʻlgan, shuning uchun bunday hodisalarning asosiy sabablaridan biri sifatida koʻriladigan kabelning haddan tashqari egilishi bu holatda istisno qilinadi.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, muammoga ulagichni muntazam ravishda uzib-ulash natijasida kontaktlarning yeyilishi sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Konstruksiya xususiyatlari tufayli kontakt maydonchalarining hatto kichik shikastlanishi ham elektr qarshiligini oshirib yuboradi, bu esa vaqt oʻtishi bilan lokal qizib ketishga olib keladi.
Hozircha vaziyat kritik darajada emas — videokarta hali ham ishchi holatda, biroq foydalanuvchi hamjamiyatdan keyingi qadamlar boʻyicha maslahat soʻramoqda. NVIDIA RTX seriyasidagi ushbu muammo foydalanuvchilar orasida hali ham dolzarbligicha qolmoqda.





























Izohlar 0
…