Vyetnamda bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning oʻziga xos tartibi joriy etiladi

Dunyo boʻylab voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash tendensiyasi kuchayib bormoqda. Xususan, Vyetnam hukumati yosh avlodni internetning salbiy taʼsiridan himoya qilish maqsadida mutlaqo yangicha va oʻziga xos yondashuvni taklif qildi. Reuters agentligi xabariga koʻra, mamlakat Madaniyat, sport va turizm vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasi 16 yoshga toʻlmagan foydalanuvchilar uchun ijtimoiy platformalarda faol harakatlarni cheklashni koʻzda tutadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Vyetnam taklif qilayotgan modelning oʻziga xosligi shundaki, u bolalarni platformalardan butunlay haydab chiqarmaydi. Buning oʻrniga, 16 yoshgacha boʻlgan foydalanuvchilar oʻz akkauntlariga ega boʻlishlari mumkin, biroq ularga post joylash, izoh qoldirish yoki kontentga reaksiya bildirish (layk bosish) taqiqlanadi. Yaʼni, bolalar faqat kuzatuvchi maqomida qoladilar, bu esa ularning ijtimoiy tarmoqlardagi raqamli izini va muloqotdagi xavflarni kamaytiradi.
Ota-onalar nazorati va texnik cheklovlar
Yangi tartibga koʻra, 16 yoshga toʻlmagan bolalarning akkauntlari majburiy tartibda ota-onalarining maʼlumotlari asosida roʻyxatdan oʻtkazilishi shart. Ota-onalar farzandlarining qancha vaqt internetda boʻlishi va qanday kontentni koʻrayotganini nazorat qilish uchun masʼul etib belgilanadi. Facebook, Instagram va TikTok kabi platformalar esa oʻz navbatida foydalanuvchilarning yoshini aniqlaydigan texnik vositalarni ishga tushirishi va faqat yoshga mos kontentni koʻrsatishi talab etiladi.Vyetnam Madaniyat vaziri oʻrinbosari Phan Tamning taʼkidlashicha, hukumatning maqsadi bolalarning axborot olish huquqini cheklash emas, balki ular uchun xavfsiz va yoshiga mos raqamli muhit yaratishdir. Shuningdek, loyihada onlayn oʻyinlar uchun ham cheklovlar koʻzda tutilgan: 16 yoshgacha boʻlganlar bir kunda bitta oʻyin uchun 60 daqiqadan ortiq vaqt sarflay olmaydilar.
Global miqyosdagi taqiqlar toʻlqini
Vyetnam bu borada kashfiyotchi emas. Avstraliya oʻtgan yilning oxirida 16 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni butunlay taqiqlagan dunyodagi birinchi mamlakat boʻldi. Avstraliya qonunchiligiga koʻra, Facebook, Instagram, Snapchat, X va YouTube kabi platformalar bolalarni oʻz xizmatlaridan uzoq tutishi shart, aks holda ular 34,4 million AQSH dollarigacha jarimaga tortilishi mumkin.Fransiya ham shunga oʻxshash qatʼiy choralarni koʻrib chiqayotgan davlatlar qatoriga qoʻshildi. Bunday qonunlarning qabul qilinishiga ijtimoiy tarmoqlardagi kiberbulling (onlayn haqorat), internetga qaramlik, ruhiy salomatlik muammolari va yoshlarning turli jinoyatchilar tuzogʻiga tushib qolish xavfi sabab boʻlmoqda.
Biroq, bu kabi cheklovlar tanqidlardan xoli emas. Amnesty Tech kabi tashkilotlar yoshni aniqlash jarayonida shaxsiy maʼlumotlarning maxfiyligi buzilishi va bunday taqiqlar zamonaviy avlod hayoti realligiga mos kelmasligini aytib, ularning samarasiz ekanini taʼkidlamoqda. Shunga qaramay, koʻplab davlatlar yoshlarni himoya qilishni ustuvor vazifa deb bilmoqda.






























Izohlar 0
…