Xiaomi kompaniyasi Mijia Smart Fish Tank 2 Pro aqlli akvariumini taqdim etdi

Xiaomi kompaniyasi Mijia Smart Fish Tank 2 Pro aqlli akvariumini taqdim etdi

Xiaomi brendi oʻzining aqlli qurilmalar ekotizimini kengaytirib, yangi avlod Mijia Smart Fish Tank 2 Pro akvariumini savdoga chiqardi. 31 litr hajmli mazkur qurilma uy sharoitida baliq parvarish qilishni avtomatlashtirish hamda suv muhitini doimiy nazoratda saqlash imkonini beruvchi ilgʻor funksiyalari bilan eʼtiborga loyiqdir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

ixbt.com maʼlumotiga koʻra, Xitoy bozorida mazkur yangi mahsulot 649 yuan narxda taklif etilmoqda. Qurilmaning umumiy oʻlchami 505×292×334 millimetrni tashkil etib, rezervuar yuqori sifatli ultra-tiniq shishadan yasalgan. Akvarium qopqogʻining maxsus konstruksiyasi baliqlarning tashqariga sakrab tushishining oldini oladi.

Ilgʻor filtrlash va avtomatlashtirilgan boshqaruv

Qurilmaning asosiy yangiliklaridan biri bu quruq va nam zonalarni oʻzaro ajratuvchi takomillashtirilgan filtrlash tizimidir. Suv bir necha bosqichli filtr materiallaridan ketma-ket oʻtadi, U shaklidagi biokimyoviy kartrij kanali esa suvning bakterial toʻldiruvchi bilan aloqa qilish vaqtini sezilarli darajada uzaytiradi.

Koʻp qatlamli filtr chiqindilar va ozuqa qoldiqlarini samarali ushlab qoladi. Shuningdek, tezkor suv chiqarish tizimi ifloslanishlarni qisqa fursatda bartaraf etishga yordam beradi. Nasos yuqori samarali choʻtkasiz dvigatel, keramik vallar va qoʻshimcha shovqin izolyatsiyasi bilan jihozlangan boʻlib, juda jim ishlaydi.

Aqlli funksiyalar va displey

Avarium qopqogʻiga 1,47 dyuymli rangli ekran va shaffof oyna oʻrnatilgan boʻlib, unda suv harorati hamda tizimning joriy holati doimiy koʻrsatib turiladi. Yorugʻlik tizimi yorqinligi va rangi sozlanadigan toʻliq rangli RGB-diodlardan iborat.

Qurilmaning imkoniyatlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • Mi Home ilovasi orqali suv oqimi va nasos tezligini masofadan boshqarish;
  • Oʻrnatilgan avtomatik ozuqa tarqatuvchi yordamida belgilangan jadval boʻyicha baliqlarni boqish;
  • Xiao Ai ovozli yordamchisi koʻmagida tizimni boshqarish;
  • Baliqlar turi va sonidan kelib chiqib, yorugʻlik hamda filtrlash parametrlarini avtomatik tanlash.
Foydalanuvchilar Mi Home ilovasi orqali akvariumdagi harorat oʻzgarishini kuzatib borishi va tizimdagi har qanday nosozliklar haqida oʻz vaqtida ogohlantirish olishi mumkin. Bu esa boshlangʻich akvariumchilar uchun ham parvarish jarayonini sezilarli darajada osonlashtiradi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar