14:00 / 12.03.2024
207

Gipertoniyada nima iste’mol qilish kerak: qon bosimini tushiruvchi mahsulotlar

Gipertoniyada nima iste’mol qilish kerak: qon bosimini tushiruvchi mahsulotlar
Foto: Liza
Qon bosimi yuqori bo‘lgan odamlar sog‘liqni me’yorda ushlab turishining eng samarali usuli — bu to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya etishdir. Taomnomaga e’tiborli bo‘lish qon tomirlari va qon bosimi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolada qon bosimini tushiruvchi tabiiy va har qanday do‘konlarda topish mushkul bo‘lmagan 4 ta guruhga oid mahsulotlar ro‘yxati bilan tanishamiz.

1990 yillarning boshida AQSHning Yurak, o‘pka va qon kasalliklari instituti tadqiqotchilari qon bosimi baland yuradigan insonlar uchun maxsus parhez ishlab chiqdilar. DASH (Gipertoniyani nazorat qilish uchun parhezli yondashuv) deb nomlangan parhez ko‘plab tadqiqotlarda foydali ekanligi isbotlangan. Unga ko‘ra qon bosimini normallashtiradigan mahsulotlar ro‘yxati quyidagicha:

Meva va sabzavotlar

Foto: Liza
AQSH tadqiqotchilari natijasiga ko‘ra, lavlagi sharbati qon bosimini pasaytirishga yordam beradi. Lavlagi nitratlar manbai bo‘lib, uning ta’sirida qon bosimi sezilarli darajada pasayadi. Bundan tashqari, nitratlar boshqa mevalar, rezavorlar va sabzavotlarda ham mavjud. Masalan, ismaloq, selderey, karam, banan va qulupnay ham qon bosimini tushirish xususiyatiga ega. Shuningdek, ushbu meva va sabzavotlarda kaliy moddasi ham arterial bosimni normallashtiradi.

Dori ko‘rinishida kaliy ichish tavsiya etilmaydi, chunki ushbu mineralning me’yordan ortishi buyrak faoliyatini cheklab qo‘yadi.

Butun donli mahsulotlar

Foto: Getty Images
Butun donli mahsulotlarga jigarrang guruch, kepakli non, suli kabilar kiradi. Ularning tarkibida oq non, guruch va makaron mahsulotlariga nisbatan ko‘proq ozuqa moddalari va kletchatkalar mavjud. Ko‘proq kletchatkali oziq-ovqat iste’mol qilish yurak va qon aylanish tizimi kasalliklari xavfini kamaytiradi. Shuningdek, loviya, chechevitsa, yong‘oqlar ham kraxmalli va uglevodli mahsulotlar hisoblanib, ular organizmni ko‘proq kletchatkali ozuqa yeyishga undaydi.

Yog‘siz oqsilli mahsulotlar
Yog‘siz oqsil mahsulotlarida kaloriya kamroq, ammo baribir to‘yimli sanaladi. Ular vaznni nazorat qilishga va shu bilan birga qon bosimini pasaytirishga yordam beradi.

Qizil va qayta ishlangan go‘sht o‘rniga tovuq, kurka, baliq, tuxum va loviya iste’mol qiling.

Yog‘siz sut mahsulotlari

Foto: Getty Images
Yog‘liligi kam bo‘lgan sut va sut mahsulotlarini taomnomaga kiritish qon bosimini pasaytirishda foyda beradi. Ulardagi kalsiy moddasi gipotonik funksiyani bajaradi.

Gipertoniyada sho‘r va dudlangan mahsulotlar, o‘ta yog‘li va shakari ko‘p taomlar hamda tarkibida kofein moddasi bor bo‘lgan taomlar yeyish tavsiya etilmaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Gipertoniyada nima iste’mol qilish kerak: qon bosimini tushiruvchi mahsulotlar