Mayizning yurak va hazm tizimi uchun foydalari

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Mayiz tarkibidagi kaliy, tola va antioksidantlar yurak-qon tomir tizimi hamda hazm jarayonini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.
- Diyetolog Nikola Lyudlam-Reynning ta'kidlashicha, 30 gramm miqdoridagi mayiz kundalik ratsionni foydali moddalar bilan boyitishi mumkin.
- Biroq quritilgan uzum tarkibida tabiiy shakar va kaloriya miqdori yuqori bo‘lgani uchun uni me’yorida iste’mol qilish hamda diabet yoki buyrak muammosi bor shaxslar shifokor bilan maslahatlashishi zarur.
Mayiz tarkibidagi kaliy, tola va polifenollar yurak-qon tomir tizimi hamda hazm jarayonini qo‘llab-quvvatlashga yordam berishi mumkin. Biroq quritilgan uzumda tabiiy shakar va kaloriya miqdori yuqori bo‘lgani uchun uni me’yorida iste’mol qilish muhim, deb xabar beradi MSN.
Diyetolog Nikola Lyudlam-Reynning aytishicha, mayiz oz miqdorda iste’mol qilinganda kundalik ovqatlanish ratsionini foydali moddalar bilan boyitishi mumkin. Uning tarkibidagi tola, kaliy va o‘simlik birikmalari organizm uchun zarur ozuqa moddalarini yetkazib beradi.
Kuniga qancha mayiz yeyish mumkin?
Standart 30 gramm mayiz porsiyasi taxminan 90 kilokaloriya va 2 gramm tola beradi. Shu miqdordagi mayiz tarkibida qariyb 18 gramm tabiiy shakar ham mavjud. NHS tavsiyalariga ko‘ra, 30 gramm mayiz kunlik meva-sabzavot me’yorining bir porsiyasi hisoblanadi.
Mayizda fenollar, polifenollar va flavonoidlar ham bor. Bu birikmalar antioksidant xususiyatga ega bo‘lib, hujayralarni zararlanishdan himoya qilishga yordam beradi. Undagi tola esa ichak faoliyatini yaxshilashga va qondagi yomon xolesterin miqdorini nazorat qilishga hissa qo‘shishi mumkin.
Yurak salomatligiga ta’siri
Mayizning yurak uchun ehtimoliy foydasi, avvalo, undagi kaliy bilan bog‘liq. Kaliy organizmda natriy muvozanatini saqlashga va qon bosimini me’yorda ushlab turishga yordam beradi.
Amerika kardiologiya kolleji nashr etgan tadqiqotlardan birida mayizni kuniga uch marta iste’mol qilgan ishtirokchilarda boshqa gazaklar iste’mol qilganlarga nisbatan qon bosimi pastroq bo‘lgani qayd etilgan. Tadqiqotga rahbarlik qilgan doktor Harold Beys mayiz tarkibidagi kaliy va antioksidant tolalar qon tomirlarining egiluvchanligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytgan.
Shu bilan birga, mutaxassislar mayizni yuqori qon bosimini davolash vositasi deb hisoblamaslik kerakligini ta’kidlaydi. Qon bosimi bilan bog‘liq muammosi bor insonlar shifokor tavsiyalariga amal qilishda davom etishi lozim.
Vazn nazorati va qondagi shakar
Mayiz tabiiy shirin bo‘lsa-da, uning glikemik indeksi past yoki o‘rta darajada. Amerika diabet assotsiatsiyasi o‘tkazgan tadqiqotda kuniga uch marta 28 grammdan mayiz iste’mol qilish ovqatdan keyingi qondagi shakar miqdoriga boshqa gazaklarga nisbatan ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilgan.
Biroq bu katta miqdorda mayiz yeyish mumkin degani emas. Ayniqsa, diabet yoki insulinga chidamlilik muammosi bo‘lgan odamlarda katta porsiyalar qondagi glyukoza miqdorini oshirishi mumkin. Mayizning oz miqdori shirinlik iste’molini kamaytirishga yordam berishi mumkin, ammo uning kaloriyasi va shakari ham hisobga olinishi kerak.
Kimlar ehtiyot bo‘lishi kerak?
Mayizda shakar ko‘p bo‘lgani uchun u tishlarga yopishib qolishi mumkin. Shu sababli stomatologlar quritilgan mevalarni kun davomida qayta-qayta yeyishdan ko‘ra, asosiy ovqat bilan iste’mol qilishni ma’qul ko‘radi.
Bundan tashqari, mayiz kaliyga boy. Kaliy miqdorini oshirishi mumkin bo‘lgan dorilarni qabul qiladiganlar, ayniqsa buyrak muammosi bor insonlar, uni muntazam iste’mol qilishdan oldin shifokor yoki farmatsevt bilan maslahatlashishi kerak.
Ko‘p miqdorda mayiz yeyish qorin dam bo‘lishi, gaz va og‘riqqa sabab bo‘lishi mumkin. Ayrim ishlab chiqaruvchilar quritilgan mayizni saqlash uchun sulfitlardan ham foydalanadi. Bu moddalarga sezgirligi bor yoki astmasi bo‘lgan odamlarda noxush reaksiya kuzatilishi mumkin.
Mayizni itlarga berish mumkin emas. U hayvonlar uchun zaharli bo‘lib, hatto oz miqdori ham buyrakning o‘tkir yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislar mayizni bo‘tqa, yogurt, salat yoki yong‘oq bilan birga iste’mol qilishni tavsiya etadi. Eng muhimi, uni me’yorda yeyish va ratsionda boshqa meva-sabzavotlarga ham o‘rin berishdir.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…