16:00 / 27.11.2024
17

Tishlar salomatligiga putur yetkazadigan 6 ta mahsulot

Tishlar salomatligiga putur yetkazadigan 6 ta mahsulot
Biz nima yesak, o‘shamiz. Buni aytganda Gippokrat mutlaqo haq edi. Bugungi kunda do‘kon rastalarida xilma-xil mahsulotlar taklifi bo‘lgan payt insonlar doim ham sog‘lom ovqatlanish tartibiga rioya etmaydi. Bu esa tishlar salomatligida aks etadi. Tishlar ko‘rinishining o‘zgarishiga gigiyena qoidalariga rioya qilmaslikdan tashqari ayrim mahsulotlar iste’moli ham ta’sir qiladi. Ular haqida esa quyida ma’lumot berib o‘tamiz.

Nordon shirinliklar

Shirinliklar og‘iz bo‘shlig‘idagi bakteriya va mikroorganizmlarning “sevimli ovqatidir”. Ular shakardan hayot uchun energiya sifatida foydalanadi. Natijada turli kislotalar paydo bo‘lib, tish emalidan minerallarni yuvib ketadi va kariyes hosil bo‘ladi.

Foto: The Voice
Ayniqsa, shirinliklar orasida nordon marmelad va konfetlar tish salomatligiga ko‘proq xavf tug‘diradi. Chunki ularning tarkibida bir necha turdagi kislotalar mavjud. Shuningdek, bunday shirinliklarning yopishqoq bo‘lishi tishlarda uzoqroq vaqt qolib ketishiga imkon beradi. Agar kuningizni biror shirinliksiz tasavvur eta olmasangiz, bir bo‘lak qora shokolad bilan tamaddi qilganingiz ma’qul.

Gazlangan ichimliklar

“Shakar qo‘shilmagan” yoki “parhezbop” gazli ichimliklar deb atalishiga qaramay, bunday shirin mahsulotlarning bari zararli kislotalar ajratadigan bakteriyalarni ko‘paytirib yuboradi. Bu esa tishlarning sarg‘ayishiga olib keladi. Qolaversa, gazlangan ichimliklar tishning ko‘rinishini o‘zgartirish bilan cheklanmay, kariyes paydo qiladi va emal ostidagi dentin qatlamini shikastlaydi.

Foto: The Voice
Tishlar salomatligi haqida qayg‘ursangiz, gazlangan shirin ichimliklar o‘rniga suv, choy, yoki gazli suv kabi ichimliklarga urg‘u berish tavsiya qilinadi.

Spirtli ichimliklar

Spirtli ichimliklar og‘iz bo‘shlig‘ini quritib yuboradi. So‘lak bezlarining yetarli miqdorda suyuqlik ishlab chiqarmasligi natijasida tabiiy ravishda tishlar tozalanishiga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish yaralarning shakllanishiga va normal mikrofloraning buzilishiga olib keladi, bu esa infeksiyalar va yallig‘lanish jarayonlari ko‘payishiga olib keladi. Shu sababli har qanday holatda spirtli ichimliklarni iste’mol qilishni cheklash tavsiya etiladi.

Sitrus mevalari

Foto: The Voice
Apelsin, greypfrut va limon kabi C vitaminiga boy sitrus mevalari kislota darajasi ham yuqoridir. Ular tish emaliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, kariyes hosil bo‘lish xavfini oshirishi mumkin. Shuningdek, sitrus mevalarni iste’mol qilgandan keyingi sarg‘ayishni tish yuvish pastasi ham bartaraf qila olmasligi mumkin. Shu bois ularni boshqa taomlar bilan ovqatlanish vaqtida iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Quritilgan mevalar

Foto: The Voice
Quritilgan mevalar foydali mahsulot bo‘lishiga qaramay, ular tarkibidagi shakar tishlar uchun zararlidir. O‘rik, anjir qoqisi va mayiz kabilar tishlarga osongina yopishadi, ular orasiga yopishib qoladi va bakteriyalar rivojlanishi uchun ideal muhitini yaratadi. Shu sababli quritilgan mevalar iste’molidan so‘ng tishlarni tozalash yoki hech bo‘lmaganda suv bilan chayqash lozim.

Non mahsulotlari

Foto: The Voice
Non mahsulotlari, turli pishiriqlar, pechene va kruassanlardagi shakar yopishqoq xususiyatga ega bo‘lgani uchun tishlarda uzoqroq vaqt qoladi va og‘iz bo‘shlig‘idagi bakteriyalar ulardan energiya olib, kislota ishlab chiqaradi.

Qotirilgan non, pista, chips va yong‘oqlar og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq qavatini shikastlashi va hatto tishlarni qisman sindirishi mumkin. Bunday mahsulotlarni iste’mol qilishni cheklash yoki yegandan so‘ng albatta tishlarni yaxshilab yuvish darkor. Shuningdek, har 6 oyda bir marotaba stomatolog ko‘rigidan o‘tish ham muhim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Tishlar salomatligiga putur yetkazadigan 6 ta mahsulot