Suyaklar zaiflashmasligi uchun qaysi mahsulotlarni cheklash kerak?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Tuzli va qayta ishlangan mahsulotlar, kofeinli ichimliklar, kola turidagi gazlangan mahsulotlar hamda oksalat va fitatlarga boy oziq-ovqatlar organizmda kalsiy muvozanatiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.
- Natriyning yuqori miqdori kalsiyning siydik orqali chiqib ketishini tezlashtirsa, kofein va gazlangan ichimliklar uning o'zlashtirilishini qiyinlashtiradi.
Kalsiy suyak va tishlarning mustahkamligi uchun zarur mineral hisoblanadi. Uni oziq-ovqat orqali yetarli miqdorda olish muhim, ammo ovqatlanish odatlari ham kalsiy muvozanatiga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, natriyni ko‘p iste’mol qilish kalsiyning siydik orqali chiqib ketishini oshirishi, kofein esa uning o‘zlashtirilishiga biroz ta’sir qilishi mumkin. Bu haqda MSN saytidagi maqolada ma’lumot berilgan.
Kalsiyga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan to‘rt omil
Tuzli va qayta ishlangan mahsulotlar. Chips, kolbasa, tez tayyorlanadigan taomlar va tuzi ko‘p gazaklarda natriy miqdori yuqori bo‘lishi mumkin. Natriyni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish organizmdan kalsiy chiqib ketishini oshiradi. Shu sababli tuzni me’yorda ishlatish va mahsulotlar tarkibiga e’tibor berish tavsiya etiladi.
Kofe va energetik ichimliklar. Kofein kalsiyning siydik orqali yo‘qotilishini biroz oshirishi mumkin. Lekin bu ta’sir odatda katta emas. Kalsiyni yetarli iste’mol qiladigan odamlar uchun me’yorda kofe ichishning o‘zi jiddiy xavf tug‘dirishi shart emas. Asosiy e’tibor kofeinli ichimliklarni ko‘paytirib yubormaslikka qaratilishi kerak.
Kola turidagi gazlangan ichimliklar. Bunday ichimliklarni tez-tez va ko‘p iste’mol qilish suyaklar salomatligi uchun nomaqbul bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, ular sut yoki kalsiyga boy boshqa ichimliklar o‘rnini egallasa, organizmning kalsiy olishi kamayadi. Shuning uchun suv va oziqaviy qiymati yuqori ichimliklarni ko‘proq tanlash ma’qul.
Oksalat va fitatlarga boy mahsulotlar. Isfanoҷ, rovoch, ayrim donlar, dukkaklilar, yong‘oq va urug‘larda kalsiyning o‘zlashtirilishiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan tabiiy birikmalar mavjud. Ammo bu mahsulotlarni ratsiondan chiqarish shart emas. Ularning ozuqaviy foydasi ham bor, ta’siri esa umumiy ovqatlanish tartibiga bog‘liq.
Kalsiy yetishmasligining oldini olish
Suyaklarni mustahkam saqlash uchun kalsiyga boy mahsulotlarni muntazam iste’mol qilish, D vitamini yetarli bo‘lishiga e’tibor berish va jismoniy faollikni saqlash muhim. Sut mahsulotlaridan tashqari, ayrim ko‘katlar, suyagi bilan iste’mol qilinadigan baliqlar va kalsiy bilan boyitilgan mahsulotlar ham kalsiy manbai bo‘lishi mumkin.
Kalsiyni kamaytirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar haqida gap ketganda, ularning barchasini zararli deb hisoblash to‘g‘ri emas. Muhimi, tuz va kofeinni ortiqcha iste’mol qilmaslik, muvozanatli ovqatlanish va kalsiyga bo‘lgan ehtiyojni qondirishdir. Agar suyaklar zaifligi yoki kalsiy yetishmasligiga shubha bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashish lozim.































Izohlar 0
…