Qoraygan bananni yeyish mumkinmi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Banan po‘stining qorayishi har doim ham meva buzilganini anglatmaydi, chunki bu jarayon ko‘pincha pishib yetilish yoki sovuq harorat ta’sirida yuz beradi.
- Biroq mevada mog‘or paydo bo‘lishi, achchiq yoki chirigan hid kelishi, shuningdek, ichki qismining qorayib, suyuqlik ajralishi uning iste’mol uchun yaroqsiz ekanligini bildiradi.
- Agar banan faqat yumshagan bo‘lsa va chirish belgilari kuzatilmasa, uni pishiriladigan taomlarda ishlatish mumkin.
Bananning po‘sti qorayishi har doim ham meva buzilganini anglatmaydi. Pishib yetilgan bananning rangi o‘zgarishi va yumshashi tabiiy jarayon. Biroq po‘stloqda mog‘or paydo bo‘lishi, mevadan achchiq yoki chirigan hid kelishi, shuningdek, ichki qismi qorayib ketishi uni iste’mol qilish xavfli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi, deb xabar beradi MSN sayti.
Banan buzilganini qanday aniqlash mumkin?
1. Po‘stloqda mog‘or paydo bo‘lishi
Banan po‘stining sarg‘ayishi, jigarrang yoki qora dog‘lar tushishi pishish jarayonida kuzatilishi mumkin. Ammo uning yuzasida oq, kulrang yoki yashil rangli momiqsimon mog‘or paydo bo‘lsa, bunday mevani iste’mol qilmaslik kerak. Mog‘or meva buzilganining aniq belgilaridan biri hisoblanadi.
2. Noxush hid yoki suyuqlik ajralishi
Haddan tashqari pishgan banandan achishgan yoki spirtni eslatuvchi hid kelishi mumkin. Agar hid chirishni eslatsa yoki mevadan suyuqlik sizib chiqa boshlasa, uni tashlab yuborish ma’qul. Bunday o‘zgarishlar meva to‘qimalari buzilayotganidan darak berishi mumkin.
3. Ichki qismining qorayishi
Banan po‘stining qorayishi har doim ham xavfli emas. Ammo meva ichi ham qorayib ketsa, ayniqsa, undan noxush hid kelsa yoki u haddan tashqari ezilib ketgan bo‘lsa, iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Sog‘lom bananning ichki qismi odatda oqish yoki och jigarrang bo‘ladi.
Po‘stlog‘i qoraygan bananni tashlash kerakmi?
Banan sovuq harorat ta’sirida ham qorayishi mumkin. Masalan, uni muzlatkichda saqlash po‘stloq rangiga ta’sir qiladi, ammo meva ichi buzilmagan bo‘lsa, buning o‘zi uni iste’mol qilish mumkin emasligini anglatmaydi.
Agar banan juda yumshab ketgan bo‘lsa-yu, mog‘or va chirish belgilari bo‘lmasa, uni pishiriladigan taomlarda ishlatish mumkin. Lekin mog‘or, chirish hidi yoki suyuqlik ajralishi kuzatilsa, tavakkal qilmaslik kerak.
Bananni saqlashda uning tashqi ko‘rinishi bilan birga hidi va tuzilishiga ham e’tibor berish lozim. Shubhali belgilar mavjud bo‘lsa, mevadan tatib ko‘rib tekshirish o‘rniga uni iste’mol qilmaslik xavfsizroq.































Izohlar 0
…