Organizm uchun eng foydali 5 ta quritilgan meva

Organizm uchun eng foydali 5 ta quritilgan meva
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Quritilgan mevalar tarkibida tola, kaliy, temir va antioksidantlar kabi organizm uchun zarur bo‘lgan ozuqa moddalari jamlangan bo‘ladi.
  • Qora olxo‘ri qoqisi hazm tizimini yaxshilasa, turshak kaliy va beta-karotin, anjir esa kalsiy hamda magniy manbai hisoblanadi.
  • Finiklar organizmga tez energiya bersa, mayiz tarkibidagi polifenollar hujayralarni himoya qilishga yordam beradi.

Quruq mevalar nafaqat shirin va mazali gazak, balki organizm uchun zarur bo‘lgan tola, kaliy, temir va antioksidantlar manbai hamdir. Ular tarkibidagi suv kamaygani sababli ozuqa moddalari nisbatan jamlanadi. Ammo har birining organizmga foydasi turlicha.

Quyida kundalik iste’mol qilish mumkin bo‘lgan besh xil foydali quruq mevani ko‘rib chiqamiz.

1. Qora olxo‘ri qoqisi — ichaklar faoliyati uchun

Qora olxo‘ri qoqisi hazm tizimi uchun foydali mahsulotlardan biri hisoblanadi. U tarkibidagi oziq tolalari va sorbitol moddasi tufayli ichak harakatini rag‘batlantirib, qabziyatni yengillashtirishga yordam berishi mumkin. Shuningdek, unda kaliy va K vitamini mavjud.

2. Turshak — kaliy va beta-karotin manbai

Oq idishlarga joylangan turli xildagi quritilgan o‘riklar va turshaklar.

Quritilgan o‘rik, ya’ni turshak, kaliyga boyligi bilan ajralib turadi. Kaliy mushaklar ishlashi va qon bosimini me’yorda saqlashda muhim ahamiyatga ega. Turshakda beta-karotin ham bor, organizm uni A vitaminiga aylantiradi. Bu vitamin ko‘rish qobiliyati va immun tizimi uchun zarur.

3. Quritilgan anjir — tola va minerallarga boy

Katakli idishda quritilgan anjir va fonda turshak tasvirlangan.

Anjir qoqisi tarkibida oziq tolalari, kaliy, kalsiy va magniy mavjud. U hazm jarayonini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. Boshqa quruq mevalarga nisbatan kalsiy miqdori ham e’tiborga molik.

4. Quritilgan xurmo (finik) — quvvat manbai

Yog‘och piyoladagi xurmo mevalari mato ustida turibdi.

Finiklar tabiiy uglevodlarga boy bo‘lgani uchun organizmga tez energiya beradi. Ularda kaliy, magniy va oziq tolalari ham mavjud. Shu sababli ular jismoniy faollikdan keyin yengil gazak sifatida iste’mol qilinishi mumkin.

5. Mayiz — kaliy va antioksidantlar manbai

Oq likopcha va yog‘och taxtada to‘plangan qora mayizlar.

Mayiz uzumni quritish orqali olinadi va tarkibida kaliy, oziq tolalari hamda polifenollar mavjud. Kaliy yurak va mushaklar faoliyatida ishtirok etadi, polifenollar esa hujayralarni oksidlovchi stress ta’siridan himoya qilishga yordam beruvchi birikmalar hisoblanadi.

Qancha miqdorda iste’mol qilish kerak?

Quruq mevalar foydali bo‘lsa-da, ularning tarkibida tabiiy shakar va kaloriya miqdori ancha jamlangan. Shuning uchun ko‘p yeyish tavsiya etilmaydi. Kattalar uchun bir porsiya taxminan 30 gramm bo‘lishi mumkin. Imkon qadar qo‘shimcha shakar qo‘shilmagan va sifatli mahsulotlarni tanlash kerak.

Qandli diabeti bor insonlar esa quruq mevalarni iste’mol qilish miqdoriga alohida e’tibor qaratishi lozim. Shuningdek, ularni ovqatlanish oralig‘ida uzluksiz yeb yurish tishlar salomatligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Eng muhimi, quruq mevalar yangi mevalarning o‘rnini to‘liq bosmaydi. Ularni me’yorida va turli xil oziq-ovqatlar bilan birgalikda iste’mol qilish foydaliroq.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar