20:26 / 08.05.2022
1 113

«Tolibon» afg‘onistonlik ayollarga paranjisiz ko‘chaga chiqishni taqiqladi

«Tolibon» afg‘onistonlik ayollarga paranjisiz ko‘chaga chiqishni taqiqladi
Foto: Reuters
«Tolibon» harakatining oliy rahbari Haybatulla Ohundzoda Afg‘onistonda ayollarning yuz va tanani to‘liq yopadigan paranji(burqa)siz ko‘chaga chiqishini taqiqlovchi farmonni imzoladi.

BBC News xabariga ko‘ra, hujjat Illatlarning oldini olish va ezgulikni targ‘ib qilish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Farmonda ayollarning ko‘chada muhim ishi bo‘lmasa, uyda o‘tirgani ma’qul ekani ham qayd etilgan.

Paranji kiyishdan bosh tortganlik uchun jazo bor. Agar ayol ko‘chaga birinchi marta yuzi ochiq holda chiqsa, uning uyiga «Tolibon» vakillari kelib, turmush o‘rtog‘i, aka-ukasi yoki otasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazadi. Ikkinchi safar ayolning xatti-harakati uchun mas’ul bo‘lgan erkak tushuntirish uchun vazirlikka chaqiriladi. Agar bu hol uchinchi marta sodir bo‘lsa, erkak vasiy sudlanadi va uch kunga qamaladi.

«Tolibon» 1990 yillarda Afg‘onistonda birinchi marta hokimiyat tepasiga kelganidayoq paranji kiyish majburiyatini joriy qilgandi. Harakat 2021 yilning avgustida AQSH va NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilishi fonida mamlakatda hokimiyatni qayta tikladi. Shundan so‘ng toliblar ayollarga bir qator cheklov va taqiqlarni joriy qildi. Jumladan, afg‘onistonlik ayollarga erkaklar hamrohligisiz shifokor qabuliga borish, filmlarda rol o‘ynash taqiqlandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» afg‘onistonlik ayollarga paranjisiz ko‘chaga chiqishni taqiqladi