Ota-onasi 25 yil avval yo‘qoldi: farzandlar hali kutmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Eritreyada 25 yil avval hibsga olingan ota-onasining taqdiridan hanuz xabar yo‘q.
- Hanna Petros Solomon otasi hibsga olinganida 10 yoshda edi, ikki yil o‘tib onasi ham yo‘qolib qoldi.
- G-15 nomi bilan tanilgan siyosatchilar guruhi a’zolari, jumladan Hannaning otasi Petros Solomon ham 2001 yilda hibsga olingan, ammo ularning ochiq sudi o‘tkazilmagan.
Eritreyada 25 yil avval hibsga olingan ota-onasining taqdiridan hanuz xabar yo‘q. Hanna Petros Solomon otasi hibsga olinganida 10 yoshda edi. Oradan ikki yil o‘tib, uning onasi Aster Yohannes ham mamlakatga qaytganida yo‘qolgan.
Hannaning otasi Petros Solomon Efiopiyadan mustaqillik uchun kurashda muhim rahbarlardan biri bo‘lgan. Eritreya 1993 yilda mustaqillikka erishgach, u mudofaa va tashqi ishlar vaziri, keyinchalik baliqchilik vaziri bo‘lib ishlagan.
2001 yil may oyida Petros va yana 14 nafar yuqori lavozimli siyosatchi Prezident Isaiyas Afeverkiga ochiq maktub yo‘llab, Konstitutsiyani amalga oshirish va milliy saylovlar o‘tkazishni talab qilgan. Ular keyinchalik G-15 nomi bilan tanilgan.
2001 yil 18 sentyabrga o‘tar kechasi Eritreya xavfsizlik kuchlari ularning bir necha a’zosini hibsga olgan. Petros ham ertalabki yugurishga chiqqan paytida olib ketilgan.
U paytda Hannaning onasi AQSHda tahsil olayotgan edi. U farzandlariga pasport olishga uringan, ammo rad javobini olgan. Ikki yildan so‘ng turli va’dalardan keyin Eritreyaga qaytishga qaror qilgan.
2003 yil 11 dekabr kuni farzandlari uni Asmara xalqaro aeroportida kutishgan, ammo Aster boshqa yo‘lovchilar qatorida ko‘rinmagan. Keyin aeroportdan uning yukini olib ketish so‘ralgan va shu orqali oila uning mamlakatga kelganini, ammo uyiga qaytmaganini bilgan.
Keyinchalik Aster Asmaradagi mashhur Karshelli qamoqxonasida saqlanayotgani haqida xabar tarqalgan.
Petros va G-15ning boshqa a’zolariga xiyonat kabi ayblar qo‘yilgani aytilgan, ammo ularning ochiq sudi o‘tkazilmagan. Ularning qayerdaligi va tirik yoki vafot etgani haqida oilalariga aniq ma’lumot berilmagan.
O‘sha davrda Eritreyada mustaqil nashrlar ham yopilib, bir qator muharrir va jurnalistlar hibsga olingan.
Hanna yillar o‘tib Eritreyani tark etgan. Hozir 35 yoshda bo‘lgan ayol AQSHda yashaydi va travma bilan ishlovchi mutaxassis bo‘lib mehnat qiladi. Biroq u bolalikdagi ota-onasi bilan bog‘liq xotiralarni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadi.
U otasining oila a’zolarini uyga yig‘ishni yaxshi ko‘rganini, sayohatlar paytida bolalari bilan qo‘shiq aytish musobaqalarini tashkil qilganini eslaydi. Onasi esa ABBA, Dolli Parton va Uitni Xyuston qo‘shiqlarini sevgan.
Ikkinchi oila ham shu taqdirni boshdan kechirgan
G-15 a’zolaridan yana birining o‘g‘li Ibrohim Sherifo ham ota-onasidan ayrilgan. 2001 yilda u 13 yoshda edi. Uning onasi Aster Fissehatsion ertalab uyidan olib ketilgan, otasi Mahmud Ahmad Sherifo esa mashqqa chiqqan paytida hibsga olingan.
Hozir 38 yoshda bo‘lgan Ibrohim Niderlandiyada yashaydi va siyosatshunoslik bo‘yicha tahsil olmoqda. U 2001 yil 18 sentyabr sanasini nafaqat oilasi, balki butun Eritreya uchun og‘ir kun deb hisoblaydi.
Hanna va Ibrohim ularni bolalikda qo‘llab-quvvatlagan yaqinlaridan minnatdor ekanini aytishadi. Ular ota-onalarining islohot talab qilib, ochiq fikr bildirishga jur’at qilganidan faxrlanadi.
Hanna esa 25 yildan beri javobsiz qolgan eng oddiy savoliga javob istaydi: ota-onasi tirikmi yoki yo‘qmi?
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari G-15 a’zolarini vijdon mahbuslari sifatida baholab, ularning ozod qilinishi va taqdiri haqida ma’lumot berilishini talab qilib kelmoqda.






























Izohlar 0
…