15 yil devor ortida yashirilgan kutubxona qayta topildi (video)

Suriyada 15 yil davomida uy devori ortida yashirib kelingan yuzlab kitoblar qayta topildi. Abu Bilol ismli erkak 2011 yilda xavfsizlik vaziyati og‘irlashgan paytda qimmatli kutubxonasini saqlab qolish maqsadida kitoblarni uyidagi devor ortiga berkitgan. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Abu Bilol kitoblarni yashirgach, ularning ustidan beton devor qurgan va keyinchalik oilasi bilan Suriyani tark etgan. U 15 yilga yaqin vaqt o‘tib, uyiga qaytgach, devorni bolg‘a yordamida buzgan.
Devor ortidan yuzlab kitob va jurnallar, diniy adabiyotlar, qo‘lyozmalar, Qur’on o‘qishga oid guvohnomalar hamda shaxsiy hujjatlar topilgan. Manbalarga ko‘ra, kutubxonaning katta qismi yillar davomida yopiq joyda turganiga qaramay, yaxshi holatda saqlanib qolgan.
Mazkur lahzalar Abu Bilolning o‘g‘li, yozuvchi va faol Bilal Allun tomonidan videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga joylangan. Videoda erkak devorni buzib, yillar davomida yashiringan kitoblarini birma-bir chiqarayotgani aks etgan.
Qayd etilishicha, kutubxona Abu Bilol uchun shunchaki kitoblar to‘plami emas, balki yillar davomida asrab kelgan qimmatli merosi bo‘lgan. Uning 15 yildan so‘ng yana kitoblari bilan uchrashgani ijtimoiy tarmoqlarda ham katta qiziqish uyg‘otgan.






























Izohlar 0
…