Toyota zavodlarida insonqiyofali robotlar paydo boʻladi

Toyota zavodlarida insonqiyofali robotlar paydo boʻladi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Toyota o'zining global ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya qilish doirasida taxminan 400 mingta ELEY insonqiyofali robotlarini joriy etishni rejalashtirmoqda.
  • Ushbu robotlar samaradorlikni oshirish uchun mo'ljallangan bo'lib, nozik amallarni bajarish, o'qish va harakatlarni takomillashtirish qobiliyatiga ega.
  • Toyota 2028-yildan boshlab zavodlarni modernizatsiya qilishga har yili 1 trillion yen sarmoya kiritishni niyat qilgan.

Yaponiya avtomobilsozlik giganti Toyota oʻzining global ishlab chiqarish tarmoqlarini tubdan modernizatsiya qilish doirasida misli koʻrilmagan qadamga qoʻl urmoqda. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, kompaniya guruh korxonalarida odamlar bilan birga mehnat qiladigan taxminan 400 mingta ELEY insonqiyofali robotlarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Ushbu yirik koʻlamli loyiha Toyota avtomobillarini yigʻish jarayonini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Eley qisqartmasi Embodied Learning Robot for Enhanced Yield soʻzlaridan olingan boʻlib, bu qurilmalar samaradorlikni oshirish uchun moʻljallangan. Ogʻirligi qariyb 50 kilogrammni tashkil etuvchi robot akkumulyator yoki elektr tarmogʻidan quvvat oladi. Uning tuzilishida oyoqlar oʻrniga harakatchan gʻildirakli platforma ishlatilgan boʻlib, yuqori qismi inson qiyofasida yaratilgan.

Inson uchun moʻljallangan ish joylari

Mazkur robot ikkita qoʻlga ega boʻlib, ularning har biri ikkitadan barmoq bilan jihozlangan. ELEY tanasining oʻlchami hamda boʻgʻinlarning joylashuvi oʻrtacha yaponiyali erkakning tana tuzilishiga moslashtirilgan. Bu esa robotga dastlab odamlar ishlashi uchun moʻljallangan tor va qulay boʻlmagan joylarda ham muammosiz harakatlanish imkonini beradi.

2028-yildan boshlab Toyota va uning tarkibidagi kompaniyalar butun dunyo boʻylab zavodlarni modernizatsiya qilishga har yili 1 trillion yen miqdorida sarmoya kiritishni niyat qilgan. Rejaga koʻra, Toyota korxonalarining oʻzida 150 mingta shunday robot oʻrnatilsa, qolgan 250 mingtasi guruhga kiruvchi boshqa kompaniyalar zavodlarida ish boshlaydi.

Nozik operatsiyalar va oʻquv jarayoni

ELEY juda nozik amallarni bajarishga moʻljallangan boʻlib, u mayda detallarni ushlash, ularni idishlarga saralash va hatto matolar bilan ishlash koʻnikmasiga ega. Qurilma mustaqil ravishda oʻqish va harakatlar ketma-ketligini oʻzi yaxshilash qobiliyatiga ega. Yevropadagi shtab-kvartirada oʻtkazilgan namoyishda ELEY futbolkalarni toʻgʻrilab taxlagan edi. Taxminan ikki haftalik oʻqish va 1500 martaga yaqin urinishdan keyin vazifani bajarish aniqligi deyarli 100 foizga yaqinlashgan.

Robotlarni oʻqitish jarayoni bevosita korxona xodimlari tajribasiga tayanadi. Ayrim liniyalarda ishchilar ELEY barmoqlarini taqlid qiluvchi maxsus tutqichlardan foydalangan holda odatiy amallarni bajarmoqda. Maxsus tizim insonning harakati, sarflangan kuchi, trayektoriyasi va ritmini yozib olib, uni mashina uchun oʻquv maʼlumotiga aylantiradi.

Tajribali ustalar bilimi raqamlashtirilmoqda

Kompaniya uchun eng yuqori malakali mutaxassislarning bilimi muhim ahamiyat kasb etadi. Toyotada ichki maqomga ega boʻlgan taxminan 18 ming nafar tajribali ustalar faoliyat yuritadi. Oddiy qoʻllanmalar yordamida tushuntirish qiyin boʻlgan ularning amaliy koʻnikmalari raqamlashtirilib, robotlarga oʻtkaziladi.

Kelgusida bitta zavodda ELEY oʻzlashtirgan koʻnikmani dunyo boʻylab boshqa Toyota robotlariga ham ulashish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, aksincha ssenariy ham koʻrib chiqilmoqda — oʻqitilgan robotlar yangi ishchilarga ishlab chiqarish jarayonlarini oʻrganishda yaqindan yordam beradi. Toyota vitse-prezidenti Xiroki Nakadzima loyihaning asosiy maqsadi xodimlarni mashinalar bilan almashtirish emasligini taʼkidlab, inson va robotlar hamkorlikda ishlaydigan muhit yaratilishini bildirdi. Bugungi kunda Toyota butun dunyo boʻylab 60 ga yaqin korxonaga ega boʻlib, ularda 391 mingga yaqin xodim mehnat qilmoqda.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar