10:06 / 20.06.2022
1 474

Tadqiqotchilar Rossiyaning Suriya bo‘yicha dezinformatsiya kampaniyasi haqida gapirib berdi

Tadqiqotchilar Rossiyaning Suriya bo‘yicha dezinformatsiya kampaniyasi haqida gapirib berdi
Foto: AFP
Rossiya rasmiylari ko‘magida bir qator mualliflar «Oq kaskalar» faoliyati, kimyoviy qurol qo‘llangani va Suriyada urush paytidagi boshqa voqealar haqida yolg‘on ma’lumotlarni e’lon qilgan, deyiladi ISD va The Syria Campaign hisobotida.

Xalqaro strategik muloqot instituti (ISD) va The Syria Campaign loyihasining 19 iyun, yakshanba kuni e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, Rossiya hukumati yillar davomida Suriyadagi voqealar haqida yolg‘on ma’lumotlarni internetda e’lon qilib kelayotgan dezinformatorlar tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlagan.

Tadqiqot mualliflari 2015 yilning yanvaridan 2021 yilning dekabrigacha bo‘lgan davrda 47 ming tvit va Facebook’da 817 ta post e’lon qilgan 28 nafar internet foydalanuvchisi – jismoniy shaxslar va tashkilotlarning xabarlarini tahlil qildi.

«Qiynoqlar, kimyoviy qurollardan foydalanish, tinch aholini maqsadli bombardimon qilish bo‘yicha ko‘plab dalillarga qaramay, nisbatan oz sonli konspirologiya tarafdorlari - ba’zida Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan dezinformatsiya kampaniyasining bir qismi sifatida va ba’zida Rossiyaning dezinformatsion xabarlari ta’sirida - faktlarni buzib ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lishdi, odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yishdi, Suriya bo‘yicha siyosiy munozaralarga shubha tug‘dirishdi, ba’zi hollarda xalqaro hamjamiyatning siyosiy harakatlari juda zarur bo‘lganda to‘xtatib qo‘yishdi», deyiladi hujjat mualliflari xulosasida.

Tadqiqotchilar bilan suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, Suriyaga qilingan dezinformatsion xurujlar «boshpana berishga qarshi siyosat olib borishga, gumanitar xizmatchilar va tinch aholiga yordam berishda oldinda turganlarni ta’qib qilish hamda haqoratlashga, Asad rejimining oddiy normaga aylanishiga, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukrainada ham xuddi shunday taktikani qo‘llashga imkon berdi».

Hisobotga ko‘ra, dezinformatorlarning asosiy nishonlaridan biri Suriyadagi urush paytida tinch aholini qutqargan «Oq kaskalar» tashkiloti bo‘lgan. Suriya prezidenti Bashar Asad qo‘shinlari kimyoviy qurol qo‘llagani haqida ilk bor 2017 yilda «Oq kaskalar» xabar bergan edi. Bu hujum oqibatida kamida 83 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘ldi.

Keyinroq Suriyadagi, xususan, Idlib viloyatidagi Xon-Shayxundagi harbiy to‘qnashuvlar chog‘ida zaharli kimyoviy moddalar qo‘llangani BMT va Kimyoviy qurolni taqiqlash bo‘yicha xalqaro tashkilot ekspertlari tomonidan tasdiqlangan. Biroq, ISD’da faoliyati o‘rganilgan dezinformatorlar bu hujumlarni sahnalashtirilgan holatlar sifatida ko‘rsatishga harakat qilishdi.

Hisobot mualliflari britaniyalik bloger Vanessa Biliga alohida e’tibor qaratdi. Ularga ko‘ra, u Rossiya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov va Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova bilan uchrashish uchun bir necha bor Moskvaga uchib kelgan. «Vanessa Bilining fitna nazariyalari Rossiya tomonidan BMT xavfsizlik kengashida «Oq kaskalar»ni obro‘sizlantirish uchun dalil sifatida taqdim etilgan», — deyiladi hisobotda.

Hisobotda aytilishicha, uning mualliflari bilan suhbatlashgan ekspertlar «Suriyaga xalqaro aralashmaslik qisman Rossiyaning dezinformatsion kampaniyasi tufayli yuz berdi va bu Ukrainaga bostirib kirishga imkon yaratdi» degan xulosaga kelgan.

«Rossiya Ukrainada biz Suriyada ko‘rgan dezinformatsion dasturni amalga oshirmoqda. Biz ushbu hisobot uchun faoliyatini o‘rganib chiqqan konspirologlarning ko‘pchiligi hozir Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlar haqida yolg‘on tarqatishmoqda», deydi mualliflar.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tadqiqotchilar Rossiyaning Suriya bo‘yicha dezinformatsiya kampaniyasi haqida gapirib berdi