Foto: AFP
Rossiya Yevropaga gaz yetkazib berishni yana kamaytirdi va endi Yevropa Ittifoqida Rossiya «Gazprom»dan urushdagi asosiy to‘qmoq sifatida foydalanayotgani borasida hech qanday shubha qolmadi. Yevropaliklar endi Rossiyaning «texnik sabab» sifatida keltirayotgan bahonalariga ishonmayapti. Ko‘hna qit’a Rossiya tomonidan gaz ta’minoti to‘liq uzib qo‘yilishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Dunyo 1970-yillardan buyon kuzatilayotgan eng yirik energetik inqirozni boshdan kechirayotgan bir vaqtda Yevropa davlatlari gazdan foydalanishni kamaytirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas qarorlar qabul qilishni boshladi. Kimdir o‘z ixtiyori bilan, kimdir majburlikdan. Yevropa ko‘mirda ishlovchi elektr stansiyalarini qayta ochmoqda, yadro energetikasini rivojlantirish ustida jiddiy bosh qotirilmoqda.
Rossiya Yevropaga gaz yetkazib berishni shundog‘am asta-sekin kamaytirayotgandi, ammo ushbu haftada oxirgi 10 yillikdagi eng yomon ko‘rsatkich qayd etilib, Rossiyadan Yevropaga kuniga 100 million kub metr gaz o‘tgan. Taqqoslash uchun, bir oy avval «Gazprom» Yevropaga kuniga 250 million kub metr, 3 yil avval esa 500 million kub metr gaz sotgan.
Rossiya bu galgi yetkazib berish hajmi kamayishini Turkiya orqali o‘tadigan o‘tkazgichda nosozlik yuz bergani bilan izohladi. Bu nosozlik bir haftada tuzatilishi aytilgan, ammo iyulda Germaniyaga boradigan asosiy o‘tkazgich – «Shimoliy oqim»da ham ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. «Gazprom» Ukraina orqali o‘tadigan uchinchi yo‘nalishda ham gaz yetkazib berishni oshirmoqchi emas.
«Rossiya oxirgi vaqtlarda o‘zini qanday tutayotgani inobatga olinsa, ular yaqin kelajakda ham turli sabablar bilan Yevropaga gaz yetkazib berishni kamaytirishi, hatto butkul to‘xtatib qo‘yishi ham mumkin», degan Xalqaro energetika agentligi rahbari Fotih Birol.
Rossiya o‘z gazidan Yevropaga bosim o‘tkazish uchun foydalanishi haqida birinchilardan bo‘lib aynan Birol gapirgan, mutaxassis bu haqda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan ham oldinroq aytgandi. Uning fikricha, endi Yevropa bo‘yniga tiralgan gaz muammosi bilan yashashga tayyorlanishi kerak. Bunday holatda zaxiralarni qishgacha to‘ldirish imkonsiz. Shu sabab zaxira variantlari kerak. Xususan, ko‘mir va atom stansiyalaridan olinadigan energiyani oshirish masalasi. Hatto qayta tiklanuvchi energiya masalasida faol bo‘lgan Yevrokomissiyadagi eng «yashil» mansabdorlar ham bunga rozi.
«Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Yevropa Ittifoqida favqulodda holatni keltirib chiqardi. Dunyo Putin administratsiyasi «Gazprom»ning yetkazib berish hajmini o‘zboshimchalik bilan qisqartirishiga qarshi choralar ko‘rishi kerak. Ammo bu choralarning barchasi vaqtincha», dedi Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha tarixiy Parij kelishuvi imzolanganda Yevrokomissiya delegatsiyasini boshqargan Elina Bardram bu haqda.
Rossiya Yevropaga gaz yetkazib berish kamayganini texnik sabablar bilan izohlab, dunyodagi energiya inqirozi va narxlar 4 baravar oshib ketganiga aloqasi yo‘qligini ta’kidlab keladi. Rossiyaning bayonotlariga ko‘ra, hammasiga Yevropa Ittifoqi amalga oshirgan energetik islohotlar va Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar sabab. «Hammasini o‘zlari qilishdi, endi aybdor izlashmoqda», degandi o‘tgan hafta Putin Yevropada kuzatilayotgan energoinqiroz haqida.
Eng yaxshi hamkordan eng yomon dushmangacha
Putinning hukmronligi davridagi 20 yil davomida Yevropa Ittifoqi Rossiyadan gaz sotib olishni 1,5 baravarga oshirdi. Rossiya turli tomonlarga gaz sotish uchun quvurli o‘tkazgichlar qurishga o‘n milliardlab dollar sarfladi, lekin har qanaqasiga YEI eng yaxshi mijoz edi. Endi esa Yevropa bir necha oy ichida Rossiyadan gaz olishni uchdan ikki qismga kamaytirmoqchi.
Rossiya uzoq yillar gaz sotish biznesdan boshqa narsa emasligini aytib, «ishonchli yetkazib beruvchi ekani» bilan maqtanib keldi. Rossiya o‘z vaqtida Ukraina va Belarus bilan gaz borasida tortishib qolgan, lekin aslo Yevropa bilan emas. Chunki bu Rossiya uchun eng boy bozor Yevropa hisoblanadi. O‘tgan yilgacha shunday edi.
Yaqin yillargacha Yevropa Ittifoqi davlatlari ham rus gazini mamnuniyat bilan sotib olar, ammo gaz sotib olishni qisqartirish borasida uzoq yillik rejalar tuzishni ham unutmasdi. Yevropa «Gazprom» bilan uzoq yillik shartnomalarni taqiqlash orqali konsern bozordagi boshqa o‘yinchilar, ayniqsa AQSH bilan raqobatga kirishishini istardi.
Yevropa nisbatan toza bo‘lgan gazdan energiya olish orqali o‘zining «yashil islohotlari»ni amalga oshirishni o‘ylar, tezroq ko‘mirli IESlarni, Germaniyada esa AESlarni yopishni o‘ylay boshlashgandi (uchtasi yopilgandi ham). Yaponiyadagi «Fukusima» atom elektr stansiyasida sodir bo‘lgan avariya esa Yevropani AESdan tezroq voz kechish, qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish, quyosh, shamol va vodoroddan energiya olish haqida ko‘proq o‘ylashga undadi.
Ammo yuqoridagi islohotlar Putinning rejalariga kirmasdi. Rossiya prezidenti uzoq yillar Yevroittifoqdagi «aqllilar»ni tanqid qilib keldi, o‘tgan yil yozda kran og‘zini biroz yopdi, kuzda esa sun’iy defitsit ko‘rinishidagi tomosha ko‘rsatdi. «Gazprom» Yevropa uchun mo‘ljallangan quduqlaridan kamroq gaz qazib ola boshladi, faqat uzoq yillik shartnomalarni bajarishnigina zimmasiga oldi, oqibatda qishda narxlar rekord darajada osmonga chiqib ketdi.
Hozir esa narxlar yanada ko‘tarilib ketgan, chunki qazib olish kamaygan. Ammo natija kutilganidek emas, Yevropa o‘zi uchun og‘riqli bo‘lsa-da, iqtisodiyotini «Gazprom»ga teskari qaragan holda rivojlantirish rejasini sekinlashtirmadi, qaytanga tezlashtirdi. Chunki siyosiy vaziyat shunga majbur qildi.
BBC’ga ko‘ra, «Gazprom» o‘tgan yili yevropalik hamkorlari bilan birgalikda «Shimoliy oqim-2» o‘tkazgichining ikkinchisini qurgani Rossiya gazdan Yevropani shantaj qilish uchun foydalanishni ko‘zlaganidan dalolat. Endi esa 10 milliard dollardan ortiq pul sarflangan quvurlar Boltiq dengizi tubida bekor yotibdi. «Shimoliy oqim-2» bankrotlik e’lon qilgan, uning ochilishi qiyin masala.
Putinning Rossiyani rivojlantirish rejalarida mamlakat mintaqadagi yetakchi energiya derjavasi sifatida ko‘rsatiladi. Yevropa davlatlarining 2050 yilgacha bo‘lgan rejalarida urushgacha ham rus energiya xomashyolari importini asta-sekin kamaytirish ko‘zda tutilgandi. Ukrainaga qarshi urush esa YEI davlatlarining rejalarini tezlashtirib yubordi. Endi ittifoq davlatlari Rossiya gazidan 2027 yilgacha to‘liq voz kechmoqchi.
Putin esa hozirgi holatdan g‘olib sifatida chiqib ketmoqchi. Uning fikricha, Yevropa Rossiyadan gaz, neft va ko‘mir sotib olishda davom etadi.
Putin o‘tgan hafta Peterburgda o‘tkazilgan iqtisodiy forumda Yevropa davlatlari uchun demokratiya faqatgina ko‘rgazma ekani, u yerlarda elita oddiy xalqdan ajralib ketganini aytdi: «Yevropalik siyosatchilar o‘z davlatlari iqtisodiga o‘zlari jiddiy zarba berib ulgurishdi. Haqiqatan, odamlarning muammolaridan bu qadar uzoqlashish, populizm va aybdor izlayverish jiddiy iqtisodiy-siyosiy muammolarga olib kelib, oqibatda yaqin vaqtlarda elita almashishiga yetaklaydi», degandi Rossiya prezidenti.
Yevropa to‘liq blokadaga qanday tayyorlanmoqda?
Bu borada Yevropa Ittifoqi davlatlarida variantlar ko‘p emas. Ittifoq davlatlari nafaqat qishgacha, balki yaqin bir necha yil ichida to‘liq rus gazidan voz kecha olmaydi. Yevropalik va nemislar siyosatchilarning taxminicha, yaqin uch yil ichida Yevropada energiya tanqisligi kuzatilaveradi.
Yaqingacha Yevropa gazning 40 foizini «Gazprom»dan olardi. Koronavirus inqirozi vaqtida bu ko‘rsatkich 35 foizgacha qisqardi. Hozir esa 25 foizni tashkil etadi. Butun boshli chorak hissaning o‘rnini esa boshqa kimdir gaz yetkazib berish orqali to‘ldira olmaydi. Yevropa vaziyatga moslashib va turli qiyinchiliklarga ijodkorona yechim topsa, eng asosiysi esa birgalikda harakat qilgan holda Rossiya gaziga bo‘lgan ehtiyojni pasaytirishi mumkin. Aks holda qit’a qishda Rossiya tomonidan gaz uzib qo‘yilishiga tayyor bo‘lolmaydi.
Yevropa davlatlari yerosti gaz zaxiralarini oktabrda 80 foizga, noyabrda esa 90 foizga to‘ldirish orqali muammoning oldini olmoqchi. Hozirda zaxiralar 55 foizga to‘lgan. O‘tgan yil shu vaqtda esa bundan ham kamroq edi, chunki «Gazprom» Yevropadagi zaxiralarni to‘ldirmaslikka qaror qilgandi. Ammo hozirgi narx-navo va sodir bo‘layotgan voqealar fonida yevropaliklarning bu rejalari ishlashi qiyin.
Yevropa Ittifoqi davlatlari allaqachon energiya inqiroziga qarshi choralar haqida e’lon qilib bo‘ldi. Unda bozordagi narxlarga aralashish nazarda tutilmagan, faqat hukumatga, gaz tarqatuvchilarga energiyadan foydalanish bo‘yicha ba’zi o‘zgarishlar qilishga imkon yaratadi. Masalan, Germaniyada o‘z ixtiyori bilan gazdan kamroq foydalanadigan kompaniyalarga davlat tomonidan pul beriladi. Bu chorani o‘ziga xos o‘chirish auksioni deb atashmoqda.
Germaniya, Shvetsiya, Avstriya, Daniya va Niderlandiyada allaqachon birinchi darajali energetik inqiroz xavfi e’lon qilingan. Italiya ham bu davlatlarga qo‘shilishni o‘ylamoqda. Ammo haqiqiy muammo bunday xavfning ikkinchi va uchinchi darajasi e’lon qilinganda boshlanadi. Oxirgi bosqichlarda narxlar maksimal oshishiga ruxsat beriladi, ishlab chiqarish kompaniyalari keskin cheklangan miqdorda gaz olishni boshlaydi.
Bu cheklovlar esa koronavirus inqirozidan keyin tiklanishga ulgurmagan Yevropa iqtisodiyotiga jiddiy zarba beradi. Hukumat tadbirkorlikni subsidiyalar orqali qo‘llashi mumkin, lekin bunda ham muammolar hech qayerga yo‘qolmaydi – tadbirkorlikda raqobat muhitiga putur yetib, ishlab chiqaruvchilarda energiyani tejash uchun stimul qolmaydi.
Oldindagi qish qahraton bo‘lishi tahdidi ostida iqlim muammosi ikkinchi planga chiqdi. Shu tufayli YEI ko‘mir elektr stansiyalarini qayta ochdai. Foto: REUTERS
Energiya defitsitini yengillashtirishning yana bir yo‘li – qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni oshirish hisoblanadi. YEI davlatlari shu vaqtgacha ham kelajakda qayta tiklanuvchi energiya rerurslariga o‘tishni maqsad qilgan, o‘tish davrida aynan gazdan foydalanishni ko‘zlagandi.
Hozir esa hammasi o‘zgarib ketdi: Yeropadagi barcha «yashil» loyihalar chippakka chiqdi, davlatlar yana ko‘mir IESlari, AESlar haqida o‘ylay boshlashdi, gazdan foydalanish hajmi keskin oshdi. Oqibatda Yevropa Ittifoqi davlatlari energiya bo‘yicha rejalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur.
Germaniya, Italiya, Niderlandiya va Avstriya ko‘proq ko‘mir yoqishni boshladi. Gretsiya yaqin ikki yil ichida ko‘mir qazib olishni oshirmoqchi, shuningdek, bir nechta gazda ishlaydigan IESlarini dizelga o‘tkazmoqchi. Xalqaro energetika agentligi Yevropa davlatlarini AESlarni tiklash haqida o‘ylashga chaqirmoqda. Ammo bu yerda ham Rossiyaga muqobil izlashga to‘g‘ri keladi: dunyodagi 6 foiz uran Rossiyadan chiqsa ham uni boyitishning 40 foiz ulushi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.
1970-yillarda kuzatilgan energetik inqirozdan keyin dunyodagi boy davlatlar kengash tuzadi. Uning vazifasi hozirgi kabi favqulodda holatlardan chiqish bo‘yicha maslahatlar berishdan iborat. Yaqinda kengash tomonidan hisobotda shunday deyiladi: «Urush boyitilgan uranni yetkazib berishdagi xilmaxillikning qanchalik muhim ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Xususan, bu sohaga investitsiya kiritish ham muhim ekani ko‘rinib qoldi».
AESlarga qaytish masalasi oson bo‘lmaydi. Chunki G‘arbda bu sohaga deyarli pul tikmay qo‘yishgan, mavjud stansiyalar asta-sekin foydalanishdan chiqarilmoqda. Faqat Fransiyada AESlardan voz kechish haqida o‘ylashmayapti, lekin u yerda ham oxirgi oylarda uzilishlar kuzatilmoqda. Hozirda Fransiyada mavjud bo‘lgan AESlarning yarmigina ishlamoqda.
Yevropa Ittifoqining eng kuchli davlati bo‘lmish Germaniya esa o‘tgan qishdayoq uchta AESni o‘chirishga ulgurgan. Qolgan uchtasi esa shu yil foydalanishdan chiqarilishi ko‘zlangan. Sodir bo‘layotgan voqealarga qaramay Germaniya AESlarni tiklamoqchi emas. Stansiyalar tegishli bo‘lgan kompaniyalarning ma’lum qilishicha, AESlarni yana foydalanish uchun tiklash endi texnik jihatdan ham imkonsiz. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»