16:53 / 25.10.2022
2 118

Zamonaviy Robinzon. Safarbarlikdan qochib, bir oydan beri o‘rmonda yashayotgan IT-mutaxassisi

Zamonaviy Robinzon. Safarbarlikdan qochib, bir oydan beri o‘rmonda yashayotgan IT-mutaxassisi
Foto: «Logichniy lesnik» telegram-kanali
Rossiyaning janubidan bo‘lgan IT-mutaxassisi safarbarlikdan qochib, o‘rmonda yashamoqda. Uning koriga yarayotgan narsalar: bir nechta palatka (ish va uxlash uchun), quyosh batareyasi, modem, antenna, benzopila va yegulik zaxirasi. Rossiyalik jurnalistlar o‘rmonga ko‘chib o‘tgan va yovvoyi tabiat qo‘ynida yashayotgan ushbu «zamonaviy Kruzo» bilan suhbatlashdi.

IT-mutaxassisi Adam Kalinin (ism-sharifi xavfsizlik yuzasidan o‘zgartirilgan) safarbarlik haqida eshitib, vahimaga tushib qoladi.

Kalinin Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga qarshi bo‘lgan va urushga qarshi norozilik aksiyalarida ishtirok etgan. Unga buning uchun jarima va bir necha kunlik qamoq jazosi ham tayinlangan.

Kalinin chaqiruv qog‘ozi kelishini kutmaslikka qaror qiladi. U ikki hamkasbi kabi Rossiyadan ketishni xohlamaydi (bunga tayyor emasdi) va o‘rmon tomon yo‘l oladi.

«Mening ko‘zim oldida ikki variant gavdalandi: birinchisi men do‘konga boraman va o‘sha yerda qo‘limdan tortib harbiy komissariatga olib ketishadi, ikkinchisi men noqulay sharoitlarda yashashga to‘g‘ri keluvchi o‘rmonga ketaman va ozod bo‘lib qolaman», — deydi Kalinin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinlari bu qarorini qo‘llab-quvvatlagan. O‘rmonga ko‘chish uchun tayyorgarlik deyarli bir hafta davom etgan. Adam so‘nggi yillarda tez-tez sayrlarga chiqib turgan va shu bois unda bu borada tajriba va kerakli anjomlar – benzopila, oddiy arra, bolta, modem va antenna bor edi.

Faqatgina quyosh batareyalarini sotib olishga to‘g‘ri keldi.

Foto: «Logichniy lesnik» telegram-kanali
Kalinin o‘rmonda ikkita palatka qurdi. Bittasi quyoshli, shamolsiz, internetsiz, qulay joydan (uxlash uchun), ikkinchisini (ishlash uchun) birinchisidan uch daqiqalik masofada shamolli, lekin internet ishlovchi noqulay joyda tiklaydi. U bu palatkasini «o‘z ofisi» deya atagan.

Kalinin o‘rmondagi hayoti haqida o‘zining «Logichniy lesnik» telegram kanalida yozib boradi. Odatda u tonggi soat yettida, qushlar sayrashni boshlaganda uyg‘onadi. Nonushtani esa bir soatlik yo‘l bosib, rafiqasi yordami bilan tashkil qilgan yegulik zaxirasidan olib keladi.

«Men shunchaki chiqindi konteyneri sotib oldim. U katta, ancha arzon va men bu yerga olib kelgan barcha narsalar — konserva, doshirak, choy, qahva, shakarni sig‘dira oladi», — deydi u.

Adam ovqatni kompozit gaz balloni va gorelka yordamida pishiradi. Ovqat pishirish va ichish uchun yomg‘ir suvidan foydalanadi.

Kalinin haftasiga besh kun, kuniga sakkiz soat ishlaydi. Qolgan vaqtda u «uyi»ning ta’miri bilan shug‘ullanadi. Unda qurilish bo‘yicha tajriba yo‘q, lekin You Tube va biror «jiddiyroq narsa»: palatka emas, qandaydir uycha qurish istagi bor.

Adam unga kir yuvish mashinasi va dush yetishmayotganini tan oldi. U hozirda nam salfetkalar bilan yuvinmoqda. Ammo uning ishonchi komilki, safarbar qilinganlar hozir undan ham badtar ahvolda.

«Odamlar harbiy o‘quv-tayyorlov bo‘linmalariga boradi va ular u yerda butunlay noqulay sharoitlarga to‘qnash keladi. Ular hech kimga kerak emas, hamma narsani o‘zlari sotib oladi, o‘zlari olib keladi. Bundan tashqari, ular nimaga u yerda ekani ham tushunarsiz. Kimdir buni vatan oldidagi qarz deb ataydi, yana kimdir boshqa narsa. Lekin men bunda umuman mantiq ko‘rmayapman. Biz hech kimni himoya qilmayapmiz, aksincha, hujum qilyapmiz. Va bu juda ham achinarli», — deydi IT mutaxassisi.

Kalinin kimdir uni o‘rmondan topa olishiga ishonmaydi. U odamlarni oxirgi marta ko‘rganiga ancha bo‘lgan: «Men bundan ko‘p ham qiynalmayman, biroq, albatta, do‘stlarim va xotinimni ko‘rishni xohlayman».

Kalininning turmush o‘rtog‘i yaqin kunlarda, ularning oxirgi uchrashuvidan roppa-rosa bir oy o‘tib erining oldiga kelishi kerak.

Adamning aytishicha, u boshida o‘rmonda bir oy qolishni rejalashtirgan. Ammo hozir u qanchagacha bu yerda qolish kerakligini bilmaydi. «So‘nggi yangiliklarni hisobga olgan holda, menimcha bu yerda hali ko‘p vaqt qolaman», — deydi u.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo