Xitoyda o‘smir sikadalar ovozidan eshitish qobiliyatini vaqtincha yo‘qotdi

Xitoyda o‘smir sikadalar ovozidan eshitish qobiliyatini vaqtincha yo‘qotdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Xitoyning Ninbo shahrida 18 yoshli Van ismli yigit o‘rmonda to‘rt soatdan ortiq vaqt davomida sikadalarning baland ovozi ta’sirida qolib, eshitish qobiliyatini vaqtincha yo‘qotdi.
  • Shifokorlar yigitning quloqlarida shish paydo bo‘lganini aniqlab, unga dori-darmonlar buyurdi va 14 kun davomida baland tovushlardan saqlanishni tavsiya qildi.

Xitoyda 18 yoshli yigit o‘rmonda to‘rt soatdan ortiq vaqt davomida sikadalarning baland ovoziga duch kelganidan so‘ng, eshitish qobiliyatini vaqtincha yo‘qotdi va tibbiy yordamga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Shifokorlar unga davolanishni tavsiya etib, kamida 14 kun davomida baland ovozlardan uzoqroq bo‘lish zarurligini ta’kidladi.

Ko‘pchilik tabiatdagi tovushlar inson salomatligi uchun zararsiz, deb hisoblaydi. Biroq yaqinda ma’lum bo‘lgan ushbu voqea bundan istisnolar ham borligini ko‘rsatdi. Xitoyning Chjetszyan provinsiyasi, Ninbo shahrida yashovchi Van familiyali 18 yoshli yigit o‘rmonda dam olish va chodir qurib, tunash uchun borgan. U yerda yuzlab sikadalarning baland va o‘ziga xos jarangdor ovozi ostida bir necha soat qolgan. Bu esa uning eshitish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Ma’lum qilinishicha, Van tush paytida sikadalarning ovozi sezilarli darajada kuchayganini payqagan. Shunga qaramay, u kechgacha o‘rmonda qolishda davom etgan. Biroq keyinchalik uning quloqlarida shovqin paydo bo‘lib, quloqlari bitib qolgandek his qilgan.

Sikadalarning ovozi asta-sekin pasayib, ular jim bo‘la boshlaganida esa yigit qushlarning chirillashini, hatto telefoniga kelgan xabarlar ovozini ham eshita olmayotganini anglagan.

Eshitish qobiliyatini butunlay yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqqan Van zudlik bilan shifoxonaga borgan. Tezkor tibbiy ko‘rik davomida uning har ikki qulog‘ida shish paydo bo‘lgani aniqlangan. Shifokorlar shishni kamaytirish uchun dori-darmonlar buyurib, kamida 14 kun davomida baland tovushlardan saqlanishni tavsiya qilgan.

Yaxshiyamki, ikki haftalik davolanish va dam olishdan keyin o‘smirning eshitish qobiliyati to‘liq tiklangan.

Sikadalarning baland ovozi eshitishga qanday ta’sir qiladi?

Ninbo universitetining birinchi affilirlangan shifoxonasi otorinolaringologiya (quloq, burun va tomoq kasalliklari) bo‘limi katta shifokori Li Szi ko‘pchilik tabiat tovushlarini quloqlar uchun mutlaqo zararsiz deb noto‘g‘ri hisoblashini ta’kidladi.

Sikadalar dunyodagi eng baland ovoz chiqaruvchi hasharotlar sifatida tanilgan. Biroq bitta sikadaning ovozi, odatda, 70 detsibeldan oshmaydi va yakka holda eshitish qobiliyatiga jiddiy zarar yetkazmaydi.

Asosiy muammo esa yuzlab sikadalarning bir vaqtda ovoz chiqarishida. Ularning jamoaviy jaranglashi 85 detsibeldan yuqori darajaga yetishi mumkin. Bu ko‘rsatkich esa eshitish qobiliyatiga zarar yetkazish xavfi paydo bo‘ladigan chegara hisoblanadi.

Doktor Li Szining tushuntirishicha, nisbatan qisqa vaqt davomida ham baland tovushlar ta’sirida ichki quloqda joylashgan koxlea (chig‘anoq) tarkibidagi sezgir tukli hujayralar shishishi mumkin. Bunday holatda shovqinli muhitdan uzoqlashish va 1–2 hafta davomida quloqlarga dam berish orqali hujayralar odatda tiklanadi.

Biroq ushbu sezgir hujayralar nekrozga uchrasa, ya’ni nobud bo‘lsa, ular qayta tiklanmaydi. Bu esa eshitish qobiliyatining doimiy va qaytarib bo‘lmaydigan darajada buzilishiga olib kelishi mumkin. Bunday holatda bemorlar eshitish qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus eshitish apparatlaridan foydalanishga majbur bo‘ladi.

Mutaxassislar tabiat tovushlari ham muayyan sharoitlarda inson salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu bois uzoq vaqt davomida baland va uzluksiz shovqin mavjud muhitda bo‘lishda ehtiyot choralariga amal qilish muhim.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar