
Foto: AP
Qo‘shma Shtatlardagi hakamlar hay’ati rossiyalik tadbirkor Vladislav Klyushinni ko‘plab kompaniyalar haqidagi maxfiy ma’lumotlarni olish va sotish uchun Amerika kompyuter tarmoqlarini buzib kirishda aybdor deb topdi, deb xabar berdi Reuters 14 fevral, seshanba kuni.
«Hakamlar hay’ati janob Klyushinda uning aynan kimligini – kiberjinoyatchi va firibgar ekanligini ko‘rdi», dedi prokuror Reychel Rollinz. Klyushinning advokati Maksim Nemsevning aytishicha, himoya tomoni hukmdan hafsalasi pir bo‘lgan, ammo uni hurmat qiladi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Klyushin va uning to‘rt nafar sherigi Donnelley Financial Solutions (DFIN.N) va Toppan Merrill tarmoqlariga buzib kirishgan, ular AQSH kompaniyalariga nazorat organlariga hisobot topshirishda yordam beradi. Prokurorlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan ma’lumotlar Klyushinga 2 million dollar sarmoyani deyarli 21 million dollarga, besh kishidan iborat butun guruhga taxminan 9 million dollarni qariyb 90 million dollarga aylantirish imkonini berdi.
Klyushinning to‘rt nafar sherigi ozodlikda qolmoqda, deya xabar berdi Reuters, jumladan, ular orasida - M-13 kompaniyasida ishlagan va 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga aralashish uchun hakerlik sxemalariga aloqadorlikda ayblanib, AQSHda qidiruvga berilgan Rossiya harbiy razvedkasining sobiq zobiti Ivan Yermakov.
Vladislav Klyushin 2021 yilda Shveysariyada hibsga olingan, keyin esa AQSHga ekstraditsiya qilingan. Tadbirkorning himoyasi uning hibsga olinishi ustidan ikki marta shikoyat qilgan va hatto ta’qiblar uchun tovon undirishni talab qilgan. Klyushin o‘z shikoyatlarida «ekstraditsiyani so‘ragan davlat uchun Rossiya haqida qimmatli maxfiy ma’lumotlarga ega ekanligini» va u hech qachon ayblanayotgan jinoyatlarni sodir qilmaganini, siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilinayotganini ta’kidlagan.
Vladislav Klyushin Rossiya rasmiylari bilan hamkorligi orqali tanilgan. U Rossiya prezidenti ma’muriyati uchun «Katyusha» ommaviy axborot vositalari monitoringi tizimini ishlab chiqqan Moskvadagi «M 13» kompaniyasining asoschisi edi. Bloomberg agentligiga ko‘ra, Klyushin Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi hujjatlari bilan ishlagan va 2020 yil iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin uni «Shon-sharaf» ordeni bilan taqdirlagan.
Tadbirkorni mashhur «Nezigar» siyosiy Telegram-kanalining sobiq egasi deb atashgan. Bahsli ma’lumot tufayli Klyushin «Proyekt» surishtiruv nashriga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi va 2019 yil noyabr oyida muvaffaqiyatga erishdi - «Proyekt» ma’lumotni rad etishiga to‘g‘ri keldi. Sud ma’naviy tovon sifatida ikki jurnalistning har biridan 50 ming rubl undirdi.
Bloomberg xabariga ko‘ra, Rossiya qurol sotuvchi Viktor But bilan Vladislav Klyushinni almashish niyatida edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar