Foto: Videodan kadr
Shanba kuni Rossiya Ukrainani Kerch ko‘prigi bo‘ylab kamida ikkita raketa zarbasida aybladi. Ko‘prik hududida bir necha portlashlar eshitilgan, shundan keyin uning ustida tutun buluti hosil bo‘lgan. Rossiya hukumati tasdiqlashicha, raketalar urib tushirilgan, ko‘prik jabrlanmagan va unda harakat tiklangan. Ukraina hozircha vaziyatni izohlamadi.
Portlash va tutun aks etgan ilk fotosuratlar va videolar internetda kun o‘rtalarida paydo bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmay anneksiya ostidagi Qrimning Moskva tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksenov ko‘prik hududida «dushmanning ikki raketasi urib tushirilgani»ni ma’lum qildi. «Qrim ko‘prigi shikastlanmagan», — degan Aksenov.
Shu bilan birga, Qrim hududini Rossiya bilan bog‘lovchi ko‘prikda ikkitomonlama harakat ham ma’lum vaqtga to‘xtab qoldi.
Aksenovning maslahatchisi Oleg Kryuchkov ko‘prik ustida tutun hosil bo‘lganini «maxsus xizmatlar tomonidan tutun pardasi o‘rnatilgani» bilan izohladi, u shuningdek «harakat yaqin vaqtlar ichida tiklanishi»ga va’da bergan.
Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi zarba zarbdor variantga aylantirilgan S-200 zenit-raketasi bilan berilganini ma’lum qildi. Rossiya harbiy idorasiga ko‘ra, raketalar havo hujumidan mudofaa kuchlari orqali to‘xtatib qolingan.
Mahalliy vaqt bilan soat 16:00 atrofida Rossiya ko‘prikka navbatdagi hujum uyushtirilgani va Kerch bo‘g‘ozi ustida ukrainlarning yana bir raketasi urib tushirilganini ma’lum qildi.
Ma’lum vaqt o‘tgach ko‘prik bo‘ylab harakat tiklandi, ammo unga kirishda katta tirbandliklar yuzaga keldi.
Ko‘prikning telegram-kanaldagi rasmiy sahifasida aytilishicha, soat 17:00 holatiga Rossiyaning Taman shahri tomondan ko‘prikka kirishda 561 ta transport vositasi navbatda turgan, Kerch tomondan esa — 711 ta. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, kutish vaqti ikki soat atrofida bo‘lmoqda.
Ukraina Rossiyaning Qrim ko‘prigiga hujumlar bo‘yicha xabarlarini izohlamadi.
Zarbalar seriyasi
Ko‘prikka iyul oyi o‘rtalarida uyushtirilgan hujum izlari. Foto: MAXAR
Yoz mobaynida Qrim ko‘prigi va Kerch bo‘g‘ozi bir necha bor hujumga uchradi.
4 avgust kuni rossiyaliklarning «Sig» nomli tankeri Kerch bo‘g‘ozi hududida dengiz droni zarbasi oqibatida shikastlandi.
17 iyul kuni Kerch ko‘prigiga ham dengiz dronlari orqali hujum qilingandi. Avtomobil ko‘prigining ikkita oraliq yopmasi zararlangan, ikki kishi halok bo‘lgandi.
Kerch ko‘prigidagi ilk portlash 2022 yil 8 oktyabrida ro‘y bergandi, o‘shanda pritsepli yuk mashinasi portlashi oqibatida avtomobil ko‘prigining uchta oraliq yopmasi qulab tushgan, shuningdek temiryo‘l ko‘prigi jiddiy shikastlangandi.
Kiyev bu hujumlar uchun javobgarlikni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z zimmasiga olmaydi, ammo avgust oyi boshida Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov ukrain maxsus xizmatlari Kerch ko‘prigiga o‘tgan yil oktyabrida va 2023 yil iyul oyi o‘rtalarida amalga oshirilgan hujumlarga aloqador ekanini tan olgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!