00:07 / 30.07.2024
57

Erdo‘g‘anning Isroilga tahdidi qanchalik jiddiy?

Erdo‘g‘anning Isroilga tahdidi qanchalik jiddiy?
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an turk qo‘shinlari Falastinni himoya qilish uchun Isroilga kira olishini aytdi. Shundan keyin Isroil TIV Erdo‘g‘anga Saddamning taqdirini, Turkiya TIV esa Netanyahuga Gitlerning taqdirini eslatdi. Kun.uz ushbu diplomatik keskinlik haqidagi savollar bilan siyosiy tahlilchi Ravshan G‘oziyevga murojaat qildi.

— Erdo‘g‘an Isroilga kirish haqida jiddiy aytdimi?
— Albatta, siyosiy liderlarning ritorikalarida ma’lum bir maqsad yotadi. Umuman, keskinlik – Yaqin Sharqqa xos xususiyat hisoblanadi, ya’ni Yaqin Sharq doimo shunday qaynoq ruhda yashaydi, siyosiy liderlar shunday kuchli fikrlarni ilgari surib turishadi.

Kecha, 28 iyul kuni Rize shahrida o‘tgan Erdo‘g‘anning partiyasi yig‘ilishida u Isroilga kirish maqsadini keltirib o‘tyapti. Erdo‘g‘an o‘z nutqida Turkiyaning harbiy qudrati haqida ta’kidlab o‘tdi va Falastindagi mojarolarga to‘xtaldi. Bu nutq so‘zlanayotgan jarayonda, Rimda Falastin masalasi bilan bog‘liq muhim uchrashuv bo‘lib o‘tayotgan edi. Uchrashuvda Mossad, MRB, Qatar va Amerika maxsus xizmatlari rahbarlari G‘azoning keyingi taqdiri nima bo‘lishi haqidagi masalalarni muhokama qilishdi. Ammo Turkiya bu uchrashuvga taklif qilinmadi va Erdo‘g‘an bunga javoban o‘z chiqishini qildi. Bu ishoraviy signal ham deyish mumkin.

— Agar vaziyat chigallashsa, NATO 5-moddaga asosan Isroilga qarshi Turkiya tarafida turishi mumkinmi?
— Bu ikki davlat o‘rtasida vaziyatning o‘ta salbiy tus olishi qiyin, xalqaro kuchlar ishtirokidagi muzokaralar bilan masala u darajaga yetib bormaydi. Yoki Turkiya NATOdan chiqib ketishi mumkin. Qonunan NATO 5-moddaga muvofiq Turkiyani Isroildan himoya qilishi kerak, ammo NATO Amerikaga bevosita bog‘liq tashkilot va AQSH Isroil bilan munosabatlarini keskinlashtirishni xohlamaydi.

— AQSHning ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatda pozitsiyasi qanday bo‘ladi?
— AQSH uchun biror pozitsiyani tanlash juda qiyin bo‘ladi, chunki ikkala davlat ham o‘zining ittifoqdoshi hisoblanadi. Ziddiyat chiqqan taqdirda ham, ikki tomonni yarashtira oladigan mamlakatlar soni ko‘p.

— Turkiya va Isroilning harbiy qudratini taqqoslay olasizmi?
— Har ikkala davlat ham harbiy salohiyati yuqori bo‘lgan davlatlar.

Turkiya Global Firepower indeksida 8-o‘rinda qayd etilgan. Turkiyaning harbiy sanoati rivojlangan, Suriyada, Liviyada janglarda ishtirok etmoqda. Mamlakat 85 millionga yaqin aholiga ega. Isroilning harbiy salohiyati esa yuqoridagi reyting bo‘yicha 17-o‘rinda turibdi, ammo Isroil – bevosita AQSHning himoyasi ostida.

Bu vaziyatda o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri ittifoqchisi va NATO bo‘yicha ittifoqchisini yarashtirish AQSHga oson bo‘lmaydi. Erdo‘g‘an qo‘shin kiritish haqida ritorik fikrni ta’kidlagan bo‘lsa ham, real harbiy harakatlar boshlanishi ehtimoli pastligicha qolaveradi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erdo‘g‘anning Isroilga tahdidi qanchalik jiddiy?