15:39 / 01.08.2024
156

Isroil Muhammad Deyf o‘ldirilganini e’lon qildi

Isroil Muhammad Deyf o‘ldirilganini e’lon qildi
Foto: Getty Images
Hamas harbiy qanoti yetakchisi Muhammad Deyf Xon Yunusga berilgan raketa zarbasi oqibatida halok bo‘lgan. Isroil mudofaa armiyasi bu ma’lumot razvedka ma’lumotlari asosida tasdiqlanganini e’lon qildi.

Isroil 13 iyul kuni Xon Yunusdagi qochoqlar lageri yaqiniga raketa zarbasi yo‘llagan va zarba nishoni aynan Muhammad Deyf bo‘lganini bildirgandi. Bugun, 1 avgust kuni Isroil mudofaa armiyasi saytida e’lon qilingan xabarda aytilishicha, o‘sha zarba natijasida Hamas harbiy qanoti, «Izzaddin al-Qassam brigadalari» qo‘mondoni Muhammad Deyf ham halok bo‘lgan. Bu ma’lumot Isroil razvedkasi tomonidan tasdiqlangan.

«Isroil mudofaa armiyasi 13 iyuldagi Xon Yunusga berilgan raketa zarbasi natijasida Muhammad Deyf o‘ldirilganini tasdiqlaydi. Deyf Hamas tuzilmasidagi ikkinchi odam va 7 oktyabrdagi 1200 kishining o‘limi bilan yakunlangan hujum tashkilotchisi va ijrochisi bo‘lgan.

Isroil mudofaa armiyasi aniq razvedka ma’lumotlari asosida Muhammad Deyf va Rafa Salma bo‘lgan binoga zarba bergan, Salmaning o‘limi avvalroq tasdiqlangandi. Deyf Yahyo Sinvar bilan yelkama-yelka harakat qilib, G‘azodagi harbiy harakatlarni boshqargan
», deyiladi SAHAL bayonotida.

O‘shanda Hamas 70 dan ortiq kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Muhammad Deyfning o‘limi bir kun avval Hamas siyosiy qanoti yetakchisi Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirilgani ortidan tasdiqlandi. Isroil Deyfni 7 oktyabrdagi Isroilga hujum g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi va amaliy ijrochisi deb biladi. Shuningdek, Deyf G‘azodagi tunnellar tizimi va «Qassam» raketalari asoschisi deb qaraladi.

Muhammad Deyf Hamas tashkil etilgan 1987 yildan uning safida bo‘lgan, Isroil maxsus xizmatlari 1990-yillar o‘rtalaridan buyon uni ta’qib etib kelgan. Isroilliklar 2001 yildan keyingi davrda uni o‘ldirish uchun kamida yetti bor urinishgan. OAVda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, u 2002 yilgi suiqasd oqibatida ko‘zidan ayrilgan, to‘rt yil o‘tib amalga oshirilgan hujum vaqtida ikki oyog‘i va bir qo‘lini yo‘qotgan. 2014 yilda Deyfning uyiga zarba oqibatida rafiqasi, uch yoshli qizi va chaqaloq o‘g‘li halok bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil Muhammad Deyf o‘ldirilganini e’lon qildi