23:11 / 22.08.2024
334

Fransiyalik sayyoh o‘zbek erkaklarining jinsiy ta’qiblari haqida gapirdi

Fransiyalik sayyoh o‘zbek erkaklarining jinsiy ta’qiblari haqida gapirdi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida ko‘p ishlar qilinmoqda. Natijada sayyohlar soni yildan yilga ortyapti, ammo ba’zi erkaklarning ayrim xorijlik ayollarga qilayotgan xatti-harakatlari xalq va davlat nomiga dog‘ tushirmoqda.

Quyidagi hikoyani fransiyalik sayyoh ayol so‘zlab berdi. U “Daryo” muxbiriga O‘zbekistonda duch kelgan jinsiy ta’qiblar haqida hikoya qildi.

“Ismim Barbara, yoshim o‘ttizda. Deyarli 14 oydan beri dunyo bo‘ylab sayohat qilib, assotsiativ va gumanitar missiyalarda qatnashyapman. Asosiy transport vositam — avtostop taksi (haydovchilardan ma’lum kilometrga bepul olib borib qo‘yishda yordam so‘rash).

Afrikadan Yaqin Sharqqa, Yevropa, Markaziy Osiyo va hozir O‘zbekistongacha ikki hafta yo‘l yurdim. Sharqdan G‘arbga, ya’ni Mo‘ynoqdan Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkentga sayohat qilib, o‘zbek yigitlari bilan juda noqulay va hatto xavfli vaziyatlarga duch keldim.

Keling, begona ulovlarda eng ko‘p uchraydigan vaziyatlardan boshlaylik: ko‘p hollarda erkaklar turmushga chiqqanmisiz, deb so‘rashdi. Turmush qurmaganman, lekin yoqimsiz ortiqcha savollardan qutulish uchun ham yolg‘on gapirishga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay, ko‘plab haydovchilar WhatsApp raqamimni so‘rashadi, fursatdan foydalanib, oyog‘im va qo‘limga qayta-qayta teginishga urinishadi yoki ochiqchasiga “kechani birga o‘tkazish”ni taklif qilishadi. Bunday holatlarda, qat’iyan rad javobini berib, mashinadan tushib qolaman.

Bir kuni bir haydovchi rad javobimdan norozi bo‘lib, mashinani to‘xtatishdan bosh tortdi. Biz Samarqanddan Buxoroga ketayotgan edik. Haydovchi chalg‘ib qolganimdan foydalanib, Xiva tomon yo‘l oldi. Bunday holatlarda mashinadan eson-omon chiqib ketish uchun juda zukko bo‘lish kerak:

- eshikni qulflash tizimini tekshirish;
- qo‘rquvni ko‘rsatmaslik (ko‘p erkaklar hukmronlik hissini yoqtiradi);
- mashinani to‘xtatish uchun bahona qidirish: hojatxona, ovqat yoki suv sotib olish;
- yuqoridagilar foyda bermasa ham, haydovchi albatta to‘xtaydi.

Eng noxush holat Xivadan Toshkentga qaytayotganimda yuz berdi. Avvaliga shirinso‘z bo‘lib tuyulgan haydovchi (ovqat, muzqaymoq va suv olib berdi) oxirida yana uyatsiz taklifini bildirdi. Mashinadan tushib qolmoqchi edim, ammo haydovchi aksincha, tezlikni oshirdi. Shunda vaziyat nazoratini qo‘ldan boy bermaslikka qaror qildim va yuqorida aytib o‘tilgan qoidalarni qo‘llagan holda, barchasini videosuratga olishga kirishdim. Oxir-oqibat u tarvuz uchun to‘xtashni taklif qildi. Fursatdan foydalanib, juda qo‘rqinchli bo‘lsa-da, mashinalar katta tezlikda o‘tayotgan kimsasiz yo‘ldan ketishga qaror qildim.

Yana bir aytib berishga arziydigan voqea — Buxorodagi mezbon bilan sodir bo‘lgan. Turar joy uchun Couchsurfing ilovasidan foydalanaman, u yerda sayohatchilarni bepul joylashtirishga imkoni bo‘lgan mahalliy aholining ma’lumotlari mavjud. Buxorodagi uy egasining xayolida esa boshqacha fikr bor ekan. Kamida 10 marta spirtli ichimlik taklif qilgach, rasmlarimni ko‘rishni xohlab qoldi. Men rad etganimda, hayron bo‘lib “Siz fransuzsiz-ku, nega bunchalik jiddiysiz?”, deb so‘radi. Bir oz suhbatdan so‘ng, u yevropalik, xususan, fransuz ayollari istalgan vaqt osongina jinsiy aloqaga rozi bo‘ladi deb o‘ylashini tushuntirdi. Uyqu vaqti kelganda, o‘zimni umuman xavfsiz his etmadim va eshikni mebel bilan to‘sishga majbur bo‘ldim. O‘sha kishini Couchsurfing ilovasiga shikoyat qildim va u butunlay bloklandi.

Fransiyada madaniyat O‘zbekistondan keskin farq qilsa-da, ayollarni hurmat qilishadi va bunday behayo takliflarni mutlaqo bildirishmaydi.

Bundan tashqari, ko‘chada erkaklar tomonidan ikki marta ta’qib qilindim. Buni anglagach sekinlashdim va ularni o‘zim videoga oldim. Ularning yoniga borib menga ergashmaslikni so‘radim. Ikkisi ham ish berdi, shunday bo‘lsa ham baribir o‘zimni xatarda his qilardim.

Yaxshiyamki, O‘zbekistonga qilgan safarim chog‘ida odobsiz va xavfli erkaklarga qaraganda mehribon odamlarga ko‘proq duch keldim, ammo yuqoridagi voqealar umumiy taassurotni buzdi. Shu tufayli yolg‘iz sayohat qilayotgan ayollarga, ayniqsa, avtostopda O‘zbekistonni tavsiya etmagan bo‘lardim.

Buni o‘qiyotgan ayollarga, menimcha, xalqaro miqyosda ayollar birdamligini qayta-qayta ta’kidlash kerak. Katta ryukzakli sayohatchi ayollar yordamga muhtoj. Meni manzilimga yetkazgan 34 ta mashina haydovchisidan faqat 2 nafarigina ayol kishi edi”, deb hikoyasini tugatdi Barbara.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fransiyalik sayyoh o‘zbek erkaklarining jinsiy ta’qiblari haqida gapirdi