Foto: Sergei Bobylev/TASS
Rossiya mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari Pavel Popovga nisbatan firibgarlik (RF JK 159-moddasi, 4-qismi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.
Rossiyaning TASS va «Interfaks» agentliklari qo‘mitaga asoslanib, sobiq mulozim qo‘lga olingani haqida yozishgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, Popov 2021–2024 yillarda «Patriot» parki hisobidan boylik orttirgan, u sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoyguning o‘rinbosari sifatida ushbu park rivojlantirilishi va faoliyati uchun mas’ul edi. Tergov qo‘mitasi tasdiqlashicha, Popov qo‘li ostidagi xodimlar orqali «Patriot» parkida qurilish ishlarini olib borgan kompaniyalarni «o‘zining shahar tashqarisidagi mulklarida pul to‘lanmagan holda qurilish-montaj ishlarini bajarish»ga majbur qilgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, Popov uy qurilishi yakunlanganidan keyin park mablag‘lari hisobidan «o‘zining uch gektarga yaqin maydondagi uchastkasining texnik va xo‘jalik ta’minotini davom ettirgan».
Tergov qo‘mitasi qayd etishicha, Popov va uning oilasi a’zolari Moskva shahri, Moskva oblasti va Krasnodar o‘lkasida «ko‘p sonli ko‘chmas mulk obyektlari»ga egalik qiladi, oilaga tegishli mulklarning jami qiymati 500 mln rubldan ortiqni tashkil etadi.
Qo‘mitaga ko‘ra, Pavel Popov parkning avgust oyi boshida qo‘lga olingan direktori Vyacheslav Axmedov va RF mudofaa vazirligi Innovatsion rivojlanish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vladimir Shesterov bilan til biriktirgan, ular «Patriot» parki faoliyati va ishlashini ta’minlash uchun ajratilgan budjet mablag‘larini o‘g‘irlashda gumon qilib ushlangandi. Keyinroq Axmedov hibsga olindi, Shesterov esa uy qamog‘iga yuborildi.
23 iyul kuni «Patriot» parkida tintuv o‘tkazilgandi.
«Patriot» parki 2014 yilda sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu tomonidan ochilgandi
Mikhail Japaridze/TASS
«Patriot» parki — qariyb 5,5 ming gektar maydonni egallagan muzey-ko‘rgazma maydoni bo‘lib, Rossiya armiyasining asosiy ibodatxonasini ham o‘z ichiga oladi. Park 2014 yilda o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Sergey Shoygu tomonidan ochilgan, u 2024 yil bahorida vazirlikdan ketib, RF xavfsizlik kengashi kotibi lavozimiga o‘tkazildi.
Pavel Popov 1990-yillar va 2000-yillarda ham FVVda Sergey Shoygu qo‘li ostida ishlagan. U 2013 yilda rahbari ortidan mudofaa vazirligiga ishga o‘tadi va 2012 yil oktyabridan vazir lavozimida ishlay boshlagan Sergey Shoyguning yordamchisi bo‘ladi. Bir necha oydan keyin Popov vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. 2015 yilda u armiya generali unvonini oladi.
Joriy yil iyuni o‘rtalarida Pavel Popov mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan va harbiy xizmatdan bo‘shatilgandi.
Mudofaa vazirligidagi hibslar
Mudofaa vazirligi tizimining yuqori martabali vakillariga qarshi shov-shuvli jinoiy ishlar to‘lqini joriy yil aprelida mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov hibsga olinishi bilan boshlangandi.
Ivanov hibsga olinganidan keyingi bir oy davomida Mudofaa vazirligining Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov hamda Bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari Vadim Shamarin, shuningdek davlat mudofaa xaridlari departamenti rahbari Vladimir Verteletskiy ham tergov izolatoriga joylashtirildi.
26 iyul kuni Rossiya mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, moddiy-texnik ta’minot uchun javobgar bo‘lgan Dmitriy Bulgakov ham qo‘lga olindi. U mudofaa vazirligi rahbarlik tizimida aprel oyidan buyon hibsga olingan yettinchi mulozim bo‘lgandi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»