19:55 / 28.09.2024
54

«Hizbulloh» rahbarini yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

«Hizbulloh» rahbarini yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya tafsilotlari ma’lum bo‘ldi
Foto: REUTERS/Aziz Taher
Isroil Nasrullohning Bayrutdagi yerosti qarorgohiga 85 ga yaqin bomba, jumladan bunker uchun mo‘ljallangan bombalarni tashladi. Isroil armiyasi (SAHAL) shuningdek, yerosti raketa omborlariga zarba berilganini ma’lum qildi.

Livandagi «Hizbulloh» shia harakati yetakchisi Hasan Nasrullohni yo‘q qilish uchun yerosti markaziy qarorgohiga har biri 1 tonna og‘irlikdagi 80 dan ortiq bomba tashlandi, deb yozdi Ynet.

Operatsiyaga Isroil harbiy-havo kuchlari 69-eskadronining F-15 qiruvchi samolyotlari boshchilik qilgan. Nasrullohning yo‘q qilingani e’lon etilganidan keyin Isroil harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Tomer Bar uchuvchilarni muvaffaqiyat bilan tabrikladi. Qo‘mondon: «Biz har qanday odamga, istalgan joyga yetib boramiz va garovga olinganlar va shimol xalqini uyga qaytarish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz», dedi.

Maqsad Nasrullohni yo‘q qilish bo‘lgan operatsiyani Isroil tomoni 27 sentyabr oqshomida o‘tkazdi. «Hizbulloh»ning Bayrutdagi turar-joy binosi ostida joylashgan yerosti qarorgohiga zarba berildi.

Zarba berishdan oldin SAHAL Bayrut chekkasidagi uchta uy aholisi bilan bog‘lanib, ularni evakuatsiyaga chaqirgan, chunki bu binolar «Hizbulloh» strategik inshootlari tepasida joylashgan edi.

Bundan tashqari, SAHAL «Hizbulloh»ning Dahiyadagi oltita bino ostida joylashgan yerosti raketa omborlariga zarba berdi. Isroil harbiylariga ko‘ra, bu raketalarning uchish masofasi «yuzlab kilometr»ga yetgan. Umuman olganda, 27 sentyabr oqshomidan 28 sentyabrgacha Isroil kuchlari «Hizbulloh»ning 140 dan ortiq obyektlariga, shu jumladan raketa qurilmalariga zarba berdi.

Qayd qilinishicha, Bayrutga berilgan zarbada «Hizbulloh»ning janubiy qo‘mondonligi rahbari Ali Karokiy ham halok bo‘lgan. Shuningdek, Nasrullohning qizi Zaynab vafot etgani haqida ham xabar berildi.

«Hizbulloh» o‘z rahbarining o‘limini tasdiqladi va G‘azo sektori, Falastin va Livan xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun «kurashni davom ettirishga» va’da berdi.

Hasan Nasrulloh 64 yoshda edi. U 1992 yilda Isroil armiyasi Livan janubida avvalgi yetakchi Abbos al-Musaviyni yo‘q qilganidan keyin rahbarlikka kelgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Hizbulloh» rahbarini yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya tafsilotlari ma’lum bo‘ldi