Rapunzel ertagi hayotga ko‘chdi: bloger uyini sehrli minoraga aylantirib ko‘pchilikning e’tiborini tortdi (video)

Rapunzel ertagi hayotga ko‘chdi: bloger uyini sehrli minoraga aylantirib ko‘pchilikning e’tiborini tortdi (video)

Amerikalik bloger Mikara Tyuers Hellouin bayramiga noodatiy va ijodiy libos tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. U Disney multfilmidagi Rapunzel obrazini gavdalantirish bilan birga, qahramon yashagan minorani ham o‘z uyining hovlisida yaratdi.

Blogerning asosiy g‘oyasi bolalarga shirinliklarni Rapunzelning uzun sochlari yordamida yetkazish bo‘lgan. Buning uchun u soch o‘rimiga kichik savatcha bog‘lab, uni chiroqlar bilan bezatdi. Bolalar shirinlik olish uchun kelganida, savatcha yuqoridan pastga tushirildi.

Mikara Tyuers tayyorgarlik jarayonini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muntazam namoyish etib bordi. Uning turmush o‘rtog‘i, haykaltarosh Den Chudzinski ham bu ishda yordam berdi. U Flin Rayder obrazini gavdalantirdi. Yana bir ayol esa Rapunzelning asardagi asrab oluvchi onasi Gotel rolini ijro etdi.

Minoraning old qismi qurilishda ishlatiladigan penoplastdan tayyorlanib, uyning kirish qismiga o‘rnatildi. Rapunzel qiyofasini to‘ldirish uchun bloger sun’iy gullar bilan bezatilgan uzun parikdan foydalandi.

Mahalliy ayollardan biri hovlida tashkil etilgan bayram videosini e’lon qilib, uni «Bir umrga tatigulik Hellouin xotiralari» deya ta’rifladi.

Ogayo shtatining Findli shahrida yashovchi Mikara Tyuers noodatiy va murakkab kostyumlar, xususan, Disney malikalari liboslarini yaratishi bilan tanilgan. Uning YouTube kanaliga 2,7 milliondan ortiq kishi obuna bo‘lgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar