22:22 / 22.10.2024
42

Milliarderni voyaga yetkazgan ona — Mey Maskdan 12 ta hayotiy tavsiya

Milliarderni voyaga yetkazgan ona — Mey Maskdan 12 ta hayotiy tavsiya
Foto: Dzen
Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Maskning onasi Mey xonim model va diyetolog bo‘lib, uning “Rejali ayol” asari besseller kitoblardan biridir. Mey Mask muvaffaqiyatli ona bo‘lish, uch nafar farzandni turmush o‘rtoqsiz yetuk inson qilib tarbiyalay olish bilan birga omadli karyerasini ham qura olgan kuchli ayol. Quyida farzandi milliarder bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan Mey Mask tomonidan berilgan baxtli hayot kechirish uchun juda oddiy, ammo ilhomlantiruvchi maslahatlari bilan bo‘lishamiz.

O‘zingizni asrang

Hayot faqat yoshlikdagi faol davr bilan chegaralanib qolmaydi. Har qanday yoshda ham o‘zingizni har tomonlama rivojlantirish va sog‘liqni saqlashga e’tibor berish muhimdir. Mey shunday deydi: “Yosh o‘tgani sayin hayotingiz sekinlashishiga yoki rivojlanishdan to‘xtab qolishingizga yo‘l qo‘ymang. O‘zingizga iloji boricha g‘amxo‘rlik qilishni unutmang: yaxshi ovqatlaning, ko‘proq tabassum qiling va o‘zingizga bo‘lgan ishonchni so‘ndirmang.

O‘zingizga mos va sevimli ishni toping

Mey Maskning so‘zlariga ko‘ra, ishingizni sevish va uning qiziqarli bo‘lishi muhim, chunki siz kunning asosiy qismini ish joyida o‘tkazasiz.

Barcha muammoning yechimi topilishiga ishoning

“Sochimdagi birinchi oq tola karyeramni rivojlantirishga turtki beradi, deb kim ham o‘ylabdi? O‘n besh yoshimda menga o‘n sakkizga kirmasimdan karyeram tugaydi, deyishar edi. Hozir yetmish bir yoshimda esa har qachongidan ham mashhurman. Hayot menga barcha narsaning yechimi bor ekanligini o‘rgatdi. Maqsad sari intilishda rejalarni o‘zgartirish mumkin ekan. Ha, men buni avvalroq anglab yetmadim, lekin hali ham o‘rganish va bilim olishda davom etyapman”, deydi Mey xonim. Uning fikricha, barcha yirik kashfiyotlar yoshlikda va navqiron paytda qilinishi stereotipdir.

Doimo band bo‘ling, shunda o‘tib borayotgan yoshingiz haqida qayg‘urishga vaqt topa olmaysiz

Yoshimizga qo‘shilgan yillarni yuk sifatida qabul qilmaslik uchun ajoyib misol: “Men yoshim haqida qayg‘urmayman, chunki qalbimga quvonch olib keladigan muhim ishlarim bilan bandman”. Demak, e’tiborimizni asosan muhim narsalarga qaratishimiz kerak.

Ustuvor qadriyatlarni belgilab oling

“Insonga beriladigan ta’riflar juda ko‘p, ammo mening qabr toshimga “U go‘zal ayol edi” deb emas, balki “U qiziqarli inson edi” deb yozilishini ma’qul ko‘raman”. O‘zingiz uchun nimalar muhimligini tushunish, kapitalingiz sizga yangi bilimlarni egallashga yordamchi resurs ekanligini bilish maqsadlarga erishishga yordam beradi.

Muammolarni hal qila biling

Mey Mask qanday kiyim tanlash va moda borasidagi savollarga javob topish uchun quyidagini tavsiya qiladi: “Agar sizga did yetishmasa, unda didi bor insonlar bilan do‘stlashing”. Aqlli insonlar davrasida vaqt o‘tkazish rivojlanish uchun erkin muhit yaratadi. Bu qoida modaga ham taalluqli.

O‘zingizga sarmoya kiriting

“Ko‘pchilik go‘zal ko‘rinish uchun ko‘p pul kerak, deb hisoblaydi. Sizga uzoq yillar davomida moliyaviy qiyinchilikni boshidan o‘tkazgan odam sifatida aytaman: kiyim-kechak xarajatlarini yillik budjetingizning bir qismi sifatida ko‘rib chiqing. Xuddi shu qoida sartarosh va stomatologga tashrif buyurish uchun ham amal qiladi. Avvaldan yillik budjetni tuzish va unga rioya qilish moliyaviy savodxonlikning asosidir.

O‘zingizga bo‘lgan past ishonch haqida ko‘p qayg‘urmang, ehtimol, yosh o‘tib vaziyat yaxshilanadi

“Agar siz tabiatan o‘ziga ishonchi baland inson bo‘lsangiz ham, vaqti-vaqti bilan bu tuyg‘u bir oz tushadi yoki ko‘tariladi. O‘zlikka ishonch yoshingiz ulg‘aygani sari turg‘un bo‘la boshlaydi va hayotga ko‘proq optimist ko‘zi bilan qaray boshlaysiz”. Bu gaplar bilan Mey Mask o‘zingizga bo‘lgan ishonchning ba’zan yo‘qolishi tabiiy holat, asosiysi, bir joyda turib qolmaslik lozimligini uqtirmoqchi bo‘lgan.

Eng yaxshisiga emas, o‘zingizga ma’qul narsaga intiling

O‘ta perfeksionistlar uchun tavsiya: “Aynan siz uchun kerakli va foydali bo‘lgan narsaga intiling va mutlaqo barcha ishda eng yaxshi bo‘lishga harakat qilmang”.

Qiziqishlar paydo bo‘lganda ikkilanmang

Rivojlanish bo‘yicha milliarderning onasidan yana bir tavsiya: “Men o‘zimni qiziqtirgan biror narsaga rozi bo‘lishdan oldin uzoq vaqt o‘ylab o‘tirmayman. Menda qiziqish uyg‘otadigan, zavqlantiradigan yoki moliyaviy ahvolimni yaxshilaydigan barcha ishga “ha” deyman”.

Munosabatlarda zo‘ravonlikka hech qachon toqat qilmang

“Agar omon qolishni istasangiz, sizga zo‘ravonlik qiladigan, yerga uradigan va doim xafa qiladigan odam bilan munosabatlardan voz kechishingiz kerakligini bilishingizni xohlayman. Nikohimda to‘qqiz yil zo‘ravonlikka chidadim. Ajrashganimdan keyin yelkamdan og‘ir yuk tushgandek bo‘ldi va nihoyat kelajakka umid bilan qaray boshladim”. Mey xonimning sobiq turmush o‘rtog‘i unga tajovuzkor munosabatda bo‘lgan, ammo Mask bu voqeani yengib o‘tishga hamda o‘zi va uch farzandining hayotini saqlab qolishga kuch topgan.

Agar o‘zgarishlarni istasangiz, reja tuzing

“O‘zingiz istagan har qanday o‘zgarishlarga yetishishdan avval barcha ishga rejali yondashing. Hatto kichik maqsad bo‘lsa ham sizga aniq va puxta reja kerak bo‘ladi”, deydi Mask.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Milliarderni voyaga yetkazgan ona — Mey Maskdan 12 ta hayotiy tavsiya