date
views 139

Oqtovdagi aviahalokat sababi nima? (Tashqaridan zarba, qushlar yoki nosozlik)

Oqtovdagi aviahalokat sababi nima? (Tashqaridan zarba, qushlar yoki nosozlik)
Foto: Reuters
Rossiya rasmiylari aviahalokat versiyalaridan biri sifatida «qushlar bilan toʻqnashuv»ni keltirgan, ammo internetda voqea joyidan olingan kadrlar tarqaldi, ularda samolyotning tashqi qoplamasida teshiklar borligi koʻrinadi, nazariy jihatdan bular raketa zarbasi izlari boʻlishi mumkin.

Samolyot bortida 67 kishi boʻlgan. Qozogʻiston hukumati ulardan 38 nafari oʻlimini tasdiqlagan.

BBC rus xizmati muxbiri Pavel Aksenov hodisa boʻyicha asosiy versiyalar va halokat sharoitlarini tahlil qildi.

Halokat qanday sodir boʻlgan?

Flightradar24 onlayn-servisidagi parvoz yozuvlariga koʻra, Embraer E190AR samolyoti Bokudan Grozniyga J28243-reysni amalga oshirgan, muvofiqlashtirilgan universal vaqt (UTC) boʻyicha soat 04:25 da Kaspiysk shahri hududida radarlardan gʻoyib boʻlgan.

Bu bortda aynan shu vaqtda favqulodda holat roʻy berganini anglatmaydi — uchuvchilar shunchaki transponderni oʻchirib qoʻygan boʻlishi ham mumkin.

Taxminan bir yarim soat oʻtib — soat 06:07 da, Kaspiy dengizi ustida yana koʻrinish bergan — samolyot endi Oqtov aeroporti tomon uchayotgandi, lekin uning parvozi traektoriyasi juda gʻalati edi. U muntazam ravishda balandlik va yoʻnalishni oʻzgartirgan. Ya'ni samolyot boshqaruvga boʻysunmagandek koʻringan.

Pilotlar shassini chiqarishgan, ammo samolyotni qoʻndira olishmagan — parvozning soʻnggi daqiqalari guvohlar tomonidan tasvirga olingan.

Guvohlarning hikoyalariga koʻra, bu voqealar oraligʻida u Grozniyga qoʻnishga uringandi.

«Qushlar galasi» toʻgʻrisidagi versiya

«Rosaviatsiya» matbuot kotibi Artyom Korenyako dastlabki ma'lumotlarga koʻra, «qushlar bilan toʻqnashuvdan keyin, samolyot bortida yuzaga kelgan favqulodda holat tufayli komandir havo kemasini zaxira aerodromga „olib ketish“ga qaror qilgan — buning uchun Oqtov tanlangani»ni aytgandi.

Rossiyaning TASS davlat agentligi hodisadan biroz oʻtib Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi ham «havo kemasi qushlar galasi bilan toʻqnashgani» haqida ma'lum qilganini xabar qilgan.

Qushlar vaqti-vaqti bilan aviatsiya motorlariga kirib qoladi yoki samolyot bilan toʻqnashib ketadi, ammo bunday holatlar odamlar oʻlimiga olib keluvchi halokatga olib kelishi juda kamyob hodisadir.

Soʻnggi vaqtlarda ham bir necha holatda qushlar bilan toʻqnashuvdan keyin uchuvchilar majburiy qoʻnishni amalga oshirgan, ammo bu holatlarda samolyotlar boshqaruvni saqlab qolgan va jiddiy oqibatlar kuzatilmagan.

Bundan tashqari, qushlar galasi toʻgʻrisidagi versiya samolyot qoplamasidagi teshiklar qanday paydo boʻlganini izohlay olmaydi.

«Asosiy tizimlardan biri ishdan chiqqan»

Aviahalokatdan koʻp oʻtmay Rossiya favqulodda xizmatlari vakili «Interfaks» bilan suhbatda «asosiy tizimlardan biri ishdan chiqishi» ustuvor versiya ekanini aytgan.

«Halokat signali yuborilgan va keyin samolyot radarlar ekranidan yoʻqolgan, — deydi agentlik suhbatdoshi. — Shu tariqa, texnik nosozlik versiyasi hozirda birinchi navbatda koʻrib chiqilmoqda».

Agentlik suhbatdoshi bunday texnik nosozlikka nima sabab boʻlganiga aniqlik kiritmagan.

Embraer ERJ-190-100LR samolyotlari ancha yangi va havo xavfsizligi koʻrsatkichlari etarlicha yuqori modellardan sanaladi.

Bunday samolyotlar foydalanishga topshirilganidan buyon ular bilan koʻp sonli odamlar halok boʻlishiga olib kelgan ikkita aviahalokat sodir boʻlgan va ikkala holatda ham texnik nosozlik emas, ekipajning xatolari sabab boʻlgan.

Azerbaijan Airlines matbuot xizmati TASS agentligiga halokatga uchragan samolyot 2013 yilda ishlab chiqarilgani va oxirgi marta 2024 yil oktyabrida toʻliq texnik koʻrikdan oʻtkazilgani haqida ma'lumot bergan.

Zarar etkazuvchi elementlar ta'siri

Samolyot Oqtov aeroporti yaqiniga qulaganidan bir necha soat oʻtib, RF havo-kosmik kuchlariga aloqador boʻlgan bloger, Fighterbomber kanali muallifi voqea joyidan muhim videodalillarni e'lon qildi. Videolarda samolyot qoplamasida koʻplab mayda teshiklar paydo boʻlgani aks etgan.

Qushlar masalasi chetga chiqdi. Bu video paydo boʻlishi vaqt masalasi edi. Ular endi qanchadir vaqt davomida bu dron, zenit-raketa kompleksi yoki bagajdagi bomba boʻlgani boʻyicha ma'nosiz ishlar bilan shugʻullanishadi, ammo oʻylaymanki, bu koʻpga choʻzilmaydi.

Samolyot yuzasidagi teshiklar raketa urilishi oqibati boʻlishi mumkinligi haqidagi versiyaga boshqa harbiylashgan kanallar ham qoʻshilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bu izlar yanada yaxshiroq koʻringan va chap qanotda shikastlanish yuzaga kelgani aks etgan yangi videolar ham tarqaldi.

Teshiklar asosan butun qolgan quyruq qismining uchida joylashgan. Tasvirlar yaqinlashtirilganida fyuzelyajning koʻzga koʻrinadigan qismidagi teshiklar dum qismidagi stabilizatordagiga nisbatan kamroq ekani koʻrinadi.

Bunday teshiklarni odatda raketaning jangovar kallagidagi shikastlovchi elementlar hosil qiladi.

Bu hozircha eng mantiqiy izoh, ammo uning minusi shundaki, u boshqa faktlar bilan tasdiqlanmagan: havo kengligini kuzatish imkoniyatiga ega boʻlgan va raketa uchirilishini payqagan boʻlishi mumkin boʻlgan xizmatlardan hech qanday bayonot boʻlmadi.

Yoʻlovchilardan ikki nafari Rossiya hukumati ta'siridagi RT portaliga Grozniyga qoʻnishga urinish chogʻida portlash ovozlarini eshitishganini aytishgan.

Aviahalokatdan oldinroq salondan video olgan va halokatdan omon qolgan Subhonqul Rahimov uchuvchilar samolyotni Grozniyga qoʻndirish uchun uch bor urinib koʻrgani, ammo «uchinchi safarda nimadir portlagani»ni aytgan. «Portlash boʻldi — men u samolyot ichkarisida boʻldi deya olmayman. Men oʻtirgan joy yonidagi qoplama uchib ketdi», — deydi u.

Azerbaijan Airlines samolyoti borti bilan favqulodda holat roʻy bergan mahalda mazkur hududda Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari ukrain dronlari hujumini qaytarish bilan band boʻlgani fakti ham tashqi ta'sir toʻgʻrisidagi bu versiyani qoʻllab-quvvatlaydi.

Reuters agentligi rasmiylar hozircha Kaspiy dengizi ustida uchgan samolyot Rossiya janubiga dronlar zarbalari yogʻdirilgan bir vaqtda halokatga uchraganini hozircha tushuntirib bermaganiga e'tibor qaratgan.

Avvallari dronlar faollashganida bu regionda aeroportlar yopilgan boʻlardi, chorshanba tongida ham Rossiyaning samolyot parvozi yoʻlidagi eng yaqin aeroporti yopiq edi.

Keyinroq esa Rossiya kuchishlatar tuzilmalariga yaqin hisoblangan VChK-OGPU telegram-kanalida Embraer uchuvchilarining Grozniy aeroportidagi dispetcher bilan muloqotidan parchalar e'lon qilindi. Yozuvlarga koʻra, samolyot tashqaridan shikastlangan va Checheniston poytaxtiga qoʻnish vaqtida boshqaruvni yoʻqotgan (pilotlar chindan ham avvaliga samolyot qushlar galasi bilan toʻqnashib ketdi deb oʻylashgan). Shundan keyin uchuvchilar Mineral Vodi aeroportiga ketishga ruxsat soʻrashgan, ammo tezda yoʻnalishni Mahachqal'aga oʻzgartirishgan. Katta ehtimol bilan, ular bort boshqaruvidagi muammo tufayli Dogʻistonga etib borishiga koʻzi etmagan.

Samolyot qaerda shikastlangan boʻlishidan qat'i nazar, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi xatosi boʻyicha versiya ishonchliroq koʻrinadi. Yaqin tarixda ham fuqarolik bortlari raketa urilishi oqibatida halokatga uchrashi bilan bogʻliq bir necha holat kuzatilgan. Azerbaijan Airlines halokat sabablarini oʻrganish boʻyicha tekshiruvlar yakuniga qadar Grozniy va Mahachqal'aga parvozlarni toʻxtatgani fakti ham ushbu versiya foydasiga xizmat qiladi. Tergovni rossiyalik emas, qozogʻistonlik, braziliyalik va (ehtimol) ozarboyjonlik mutaxassislar olib borishi bu safar haqiqatni aniqlashga yordam berishi mumkin.

Shu bilan birga, ayrim sharhlovchilar qoplamadagi teshiklar samolyot erga urilganidan keyin roʻy bergan portlash oqibati boʻlishi mumkinligi haqidagi versiyani ham oʻrtaga tashlamoqda. Bu portlash aviahalokat guvohlari olgan videolarda yaqqol koʻringan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oqtovdagi aviahalokat sababi nima? (Tashqaridan zarba, qushlar yoki nosozlik)