20:56 / 23.01.2025
221

Jo Bayden oʻz siyosiy merosini qanday barbod qildi?

Jo Bayden oʻz siyosiy merosini qanday barbod qildi?
Foto: tvzvezda.ru
20 yanvar kuni Jo Bayden Oq uyni tark etdi. 2020 yilda u Donald Trampni magʻlub etib, amerikaliklarga «normal» holatga qaytishni va'da qilgan edi, ammo uning prezidentligi ichki va tashqi siyosatda ham birdek beqarorlikka aylandi. Uning oʻzi esa Amerika tarixidagi eng nomunosib prezidentlardan biri sifatida qaralmoqda.

Baydenning tarafdorlari u iqtisodiyotni toʻliq halokatdan saqlab qolgani, Rossiya bilan urushga yoʻl qoʻymagani va Amerika sanoatini tiklashga poydevor qoʻyganini ta'kidlashmoqda. Biroq koʻplab amerikaliklar uning boshqaruvini muvaffaqiyatsiz, deb baholashmoqda. Ehtimol, Baydenning asosiy merosi — Donald Trampning yana saylanishi boʻlishi mumkin, deyiladi «Meduza» nashrining Bayden prezidentligi yakunlarini boʻyicha sharhida.

Bayden qanday prezident boʻlgan edi?

Jo Bayden oʻzini har doim etarli tarzda baholanmagan siyosatchi deya hisoblagan. 1972 yilda 30 yoshli Bayden kutilmaganda eng yosh senatorlardan biriga aylangandi. Oʻsha paytda u Delaverdan saylangan amaldagi respublikachilar senatori Kaleb Boggsni magʻlub etadi. Bayden uni qarilikda ayblagandi — Boggs oʻshanda 73 yoshda edi. Keyingi 36 yil davomida Bayden etti marta ushbu lavozimga qayta saylandi va eng nufuzli demokrat senatorlardan biriga aylandi.

Har bir senator prezident boʻlishni orzu qiladi va Bayden ham bundan mustasno emasdi. Uning birinchi prezidentlik kampaniyasi 1988 yilda mojaro sabab tezda yakunlanadi: Bayden Britaniya bosh vaziri Nil Kinnok nutqidan parchalarni koʻchirgani oshkor boʻladi. 2008 yilda esa undan yoshroq Hillari Klinton va Barak Obama oʻzib ketadi. Praymerizda gʻolib boʻlgan Obama oʻz jamoasiga yoshroq siyosatchi obrazini muvozanatlash uchun oq tanli va oʻrtacharoq siyosatchini tanlashga muhtoj edi — tanlov Baydenga tushadi.

Obamaning koʻp yillik maslahatchisi Devid Akselrodning aytishicha, Baydenni vitse-prezident lavozimiga tanlashning ustunliklaridan biri uning yoshi edi. Obama lavozimini tark etganida Bayden 74 yosh boʻlardi — uni prezidentlikka uchinchi marta nomzodini qoʻyishga juda qari deb hisoblashgan edi. Biroq Bayden 2016 yilda bu imkoniyatni jiddiy koʻrib chiqqan, ammo Obama uni bundan qaytargan va oʻzining sobiq raqibi Hillari Klintonni qoʻllab-quvvatlashni afzal koʻrgan. Shuningdek, 2015 yilda Baydenning katta oʻgʻli Bo saratondan vafot etgani vitse-prezident uchun ogʻir zarba boʻlgan. Tramp gʻalabasidan soʻng Bayden saylovlarda ishtirok etmaganidan afsuslanganini aytgandi.

Toʻrt yil oʻtib Bayden prezidentlik kampaniyasini boshlaganida, uning muvaffaqiyatiga kamdan kam odam ishongan. Soʻrovlardagi yaxshi natijalarga qaramay, Bayden Ayova shtatida toʻrtinchi va Nyu Hempshirdagi praymerizlarda beshinchi oʻrinni olgandi.

Jurnalistlar uning kampaniyasini barbod boʻlgan deb hisoblay boshlashgandi, ammo Shimoliy Karolinadagi yaxshi natijalar va poygadan chiqqan nomzodlar qoʻllab-quvvatlashi orqali Bayden soʻlchi senator Berni Sandersni magʻlub etishga muvaffaq boʻldi. Vitse-prezidentlikka u Kaliforniyadan afroamerikalik Kamala Harrisni tanladi, u debatlar vaqtida Baydenni irqchilikka qarshi kurash va maktablarni integratsiya qilishga qarshi boʻlganlikda hamda irqchi senatorlar bilan doʻstlikda ayblagandi.

Prezidentlik kampaniyasi koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan paytda oʻtkazildi, bu virus milliondan ortiq amerikalik hayotiga zomin boʻlgandi. Shuningdek, politsiya zoʻravonligiga qarshi Black Lives Matter harakati namoyishlari davom etayotgandi. Bayden shu fonga qarshi Tramp prezidentligining tartibsizliklari va janjallariga barham berish hamda Amerikaga «normallik»ni qaytarishni va'da qilgan. Bu tezis 2021 yil 6 yanvar kuni Trampning tarafdorlari Bayden gʻalabasini tan olmasdan Kapitoliyda saylovchilar ovozini hisob-kitob qilishni buzishga urinishidan soʻng yanada dolzarb tus olgan.

Baydenning ishlari yillar oʻtib oʻz samarasini koʻrsatadi

Prezidentlik lavozimiga kirishgach, Bayden avvalo Trampning merosidan xalos boʻlishga kirishdi: AQShni Parij iqlim kelishuviga va Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotiga qaytardi, ayrim musulmon mamlakatlardan kelgan muhojirlarga AQShga kirishga qoʻyilgan taqiqlarni bekor qildi va Meksika bilan chegarada devor qurish loyihasini toʻxtatdi. Baydenning prezidentligi uchun dastlabki oylardagi asosiy qiyinchiliklardan biri – koronavirusning ikkinchi toʻlqini edi. Yangi ma'muriyat vaktsinalar va zarur tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni keskin oshirishga muvaffaq boʻldi. Birinchi yilda vaktsinalangan amerikaliklar ulushi 75 foizdan oshdi.

Biroq Bayden sogʻliqni saqlash sohasida amerikaliklarning ishonchini tiklay olmadi. Kovid lokdaunlarining zarurati va vaktsinatsiya masalalari siyosiy madaniyat urushlariga aylandi, bu erda demokratlar mutaxassislar va ilmiy dalillarga ishonishni talab qilgan boʻlsa, respublikachilar maktablarni yopishning salbiy oqibatlarini koʻrsatib, vaktsinalarga, shu jumladan, koronavirusga qarshi vaktsinalarga shubha bilan qarashni kuchaytirdi.

Kovid retsessiyasidan AQShni olib chiqish uchun Bayden «Build Back Better» («Yana yaxshiroq qurish») deb nomlangan keng koʻlamli investitsiya rejasini taklif qildi, bu reja tezda «Baydenomika» deb nomlandi. Uning birinchi qismi — 1,9 trln dollarlik ragʻbatlantiruvchi choralar paketi boʻlib, aksariyat amerikaliklarga pul toʻlash, ishsizlik nafaqalarini oshirish, bolalar nafaqasi, turar joy va bolalar bogʻchalari uchun subsidiyalar, shuningdek, shtatlar va shaharlar byudjetlari uchun transferlar kiritildi.

Rejaning ikkinchi qismi doimiy ravishda etarlicha sarmoya ajratilmagan infratuzilmani moliyalashtirish va sanoat sektori tiklanishiga qaratilgan. Koʻpriklar, yoʻllar, aeroportlarni ta'mirlash va yangilash, temiryoʻl transportini rivojlantirish va yuqori tezlikdagi internet uchun 1,2 trln dollar ajratildi.

Partiya ichidagi kelishmovchiliklar Baydenning qonunchilik kun tartibini sekinlashtirib qoʻydi. 2022 yil noyabrida boʻlib oʻtgan Kongressga oraliq saylovlarga qadar demokratlar faqat soliq tizimini qayta isloh qilish, yashil energiya va transportni subsidiyalash, pensionerlar uchun retsept boʻyicha dori vositalari narxlarini pasaytirishga oid katta qonun loyihasini qabul qilishga ulgurdi.

Baydenning qonunchilikdagi soʻnggi yutugʻi — CHIPS Act boʻldi. Bu ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish va yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash uchun eng katta investitsiya paketi hisoblanadi.

Bayden hali saylovgacha talabalar kreditlari boʻyicha qarzlarni 400 mlrd dollargacha hisobdan chiqarishga va'da bergan edi. 2023 yilda Oliy sud bu dasturni toʻxtatib qoʻyganiga qaramay, ma'muriyat qonun hujjatlaridagi ayrim imkoniyatlardan foydalanib, 5,3 mln amerikalikning qarzidan qariyb 190 mlrd dollarni kechishga muvaffaq boʻldi.

Faqatgina oz sonli prezidentlar Bayden ma'muriyatining qonunchilik sohasidagi yutuqlari bilan raqobatlasha oladi. Biroq ularning samarasi faqat kelajakda sezilarli boʻladi va amerikaliklar ularni katta ehtimol bilan 46-prezidentga bogʻlamaydi.

Iqtisodiyotni byudjet orqali ragʻbatlantirishning teskari tomoni — inflyatsiya keskin oʻsishi boʻldi. 2022 yil iyun oyida inflyatsiya 9 foizga etib, 40 yillik rekordni yangiladi. Garchi AQSh inflyatsiyani boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan tezroq jilovlay olgan va iqtisodiyot oʻsishi boʻyicha etakchi boʻlgan boʻlsa-da, bunday natijalarni oddiy amerikaliklarga etkazish qiyin boʻldi. Ular koʻchmas mulk, benzin va oziq-ovqat narxlari oʻsib borayotganini koʻrib, norozi boʻlishdi.

Ha, ishsizlik darajasi past boʻldi, maoshlar esa soʻnggi 20 yildagi eng yuqori sur'atlar bilan oʻsdi, ayniqsa kambagʻallar ishlaydigan sohalarda. Biroq inflyatsiya oʻsishi Bayden prezidentligi davomida ulardan koʻproq boʻldi. Iqtisodiy muvaffaqiyatlar haqidagi xabarlar oddiy fuqarolarning oilaviy byudjetlarida aks etmadi, ular Tramp davrida iqtisodiyot yaxshiroq edi, deb hisoblashdi.

Kovid lokdaunlari davrida AQShda jinoyatchilik keskin koʻpaydi. 2020 yilda, Bayden prezident boʻlishidan avval, bir yildagi qotilliklar soni qariyb 29 foizga oshdi. 2021 yilda jinoyatchilik oʻsishda davom etdi, ammo keyingi yilda pandemiyadan avvalgi koʻrsatkichlarga qaytdi va Bayden prezidentligining ikkinchi yarmida sezilarli ravishda pasaydi.

Tanqidchilar jinoyatchilik oʻsishini Black Lives Matter norozilik namoyishlari va politsiya xarajatlarini qisqartirish tashabbuslariga bogʻlashdi (garchi Bayden buni qoʻllab-quvvatlamagan boʻlsa-da), shuningdek, buni demokratlar rahbarlik qilayotgan shaharlar va prezidentga bogʻlashdi. Biroq jinoyatchilik pasayishi Bayden ma'muriyati yutugʻi sifatida qayd etilmadi.

Yana bir muhim muammo — Meksika bilan chegara orqali noqonuniy migrantlar soni rekord darajada koʻpayishi boʻldi. Bayden prezidentligi davomida uch yil ichida chegarada 6,3 milliondan ortiq odam qoʻlga olindi. Ulardan kamida ikki millioni AQShda qolishga va panoh topish uchun arizalarni koʻrib chiqish jarayonini kutishga muvaffaq boʻldi. Bu jarayon yillab davom etishi mumkin.

2023 yil dekabr oyida kuniga 10 ming kishi chegarani kesib oʻtardi. Bayden respublikachilar bilan migratsiya islohoti boʻyicha kelishishga urindi, ammo Tramp bunga qarshi chiqishidan soʻng muzokaralar toʻxtatildi. 2024 yil yanvarida Bayden chegarani vaqtincha yopish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Bu chegarani kesib oʻtishga urinishlarni keskin qisqartirdi, ammo uni bu chorani avvalroq qoʻllash kerak edi, deb tanqid qilishdi.

Bayden tashqi siyosatda izchil haarkat qilmadi

Bayden uchun tashqi siyosatdagi birinchi qiyinchilik 2001 yildan buyon davom etayotgan Afgʻoniston urushiga yakun yasash boʻldi. Amerika qoʻshinlarini olib chiqish shartlari va muddati Tramp ma'muriyati davrida «Tolibon» bilan olib borilgan muzokaralarda belgilangandi. Bayden harbiy maslahatchilarning mintaqadagi qoʻshinlarning bir qismini qoldirish haqidagi tavsiyalariga qaramay, ushbu shartlarga toʻliq rioya etishga qaror qildi.

2021 yil avgust oyida toliblar tez sur'atda odimlagan pallalarda amerikaliklar harbiylar, fuqarolik xodimlari va ularga yordam bergan afgʻonlarni evakuatsiya qilishni shoshilinch tarzda boshladi. Ikki hafta mobaynida mamlakatdan 122 mingga yaqin odam olib chiqildi.

Baydenning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivan keyinroq evakuatsiya jarayonini kechiktirish sababi afgʻon hukumatidagi kollapsdan kelib chiqqanini tan oldi: «Hukumat bizdan juda tez harakat qilmaslikni soʻradi, chunki ular bu jangovar ruhiyat yoʻqolishiga olib kelishidan xavotirlanishgan. Ortga nazar tashlab, aytish mumkinki, bu holat baribir sodir boʻldi».

Amerika harbiylari ketar chogʻida uchoq shassisiga osilgan afgʻonlar va aeroportga kirishda roʻy bergan terakt tasvirlari butun dunyo boʻylab tarqaldi. Bu voqealarda 13 amerikalik harbiy va mahalliy aholi vakillaridan 170 ga yaqini halok boʻldi. Amerikaliklarning tartibsiz qochishi AQSh obroʻsiga jiddiy zarar etkazdi. Tanqidchilar, jumladan, Donald Tramp, aynan shu voqea Rossiyani AQShning zaifligiga ishontirgan deb hisoblashadi. 2021 yil kuziga kelib, Amerika harbiylari Afgʻonistonni toʻliq tark etgan paytda Baydenning reytingi keskin pasaydi va shundan keyin hech qachon 50 foizdan oshmadi.

2022 yil 24 fevralda AQSh Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bosqini bilan yangi inqirozga duch keldi. Bayden ma'muriyati urush boshlanishidan bir necha oy oldin Rossiyaning rejalarini buzishga harakat qilib, Rossiya armiyasining harakatlari haqidagi ma'lumotlarni oshkor qildi va Xitoy rahbariyati orqali Kremlga bosim oʻtkazdi. Urush boshlanganidan keyin AQSh NATOdagi ittifoqchilari bilan birgalikda Rossiyaga nisbatan katta miqyosdagi tarmoqli va xususiy sanktsiyalar joriy qildi. Ukrainaga 100 milliard dollardan ortiq qiymatda qurol va moliyaviy yordam koʻrsatilishi ukrain armiyasiga Rossiyaning oldinga yurishini toʻxtatishga imkon berdi.

Bir tomondan, bu Baydenning qat'iyati va AQShning kuchini namoyon etdi: Rossiya oʻz maqsadlariga erisha olmadi, NATO mamlakatlari birlashdi va harbiy xarajatlarini oshirdi, shuningdek, Shvetsiya va Finlandiya neytrallik siyosatidan voz kechib, alyansga qoʻshildi.

Shu bilan birga, Baydenning Rossiya va Ukraina boʻyicha olib borgan siyosati koʻplab tanqidlarga uchradi. Ba'zilar uni keskinlikdan qoʻrqib, turli qurollarni etkazib berishda sustkashlikka yoʻl qoʻygani, bu esa ukrain armiyasining jangovar qobiliyatiga salbiy ta'sir koʻrsatganida ayblashdi. Boshqalar esa uning ma'muriyatini mojarodan chiqish boʻyicha aniq strategiya yoʻqligi va uning oldini olishda layoqatsizlik qilganlikda aybladi.

Soʻrov natijalariga koʻra, 2024 yil dekabr oyiga kelib, amerikaliklarning kichik qismi (37 foiz) AQSh Ukrainaga ortiqcha yordam bermoqda deb hisoblagan. Qolganlar esa yordam etarlicha (31 foiz) yoki etarli darajada emas (30 foiz) deb ta'kidlashgan. Ilk bor Ukraina hududlarini qaytarishni qoʻllab-quvvatlashdan koʻra mojaroni tezroq yakunlashni qoʻllab-quvvatlovchilar soni koʻpchilikni tashkil etdi.

Trampga boʻlgʻusi muzokaralar uchun yaxshi poydevor qoldirganiga Bayden ma'muriyatining ishonchi komil. Ammo bu muzokaralarning kelajakdagi istiqboli hozircha noaniq. Trampning atrofidagilar Ukrainaga yordamni toʻxtatish yangi prezident uchun Afgʻonistondan qochishga oʻxshash oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.

Bayden uchun yana bir jiddiy sinov – Yaqin Sharqdagi mojaro avj olishi boʻldi. 2023 yil 7 oktyabrda Hamas a'zolari Isroilga hujum qildi. Hujum natijasida 1200 ga yaqin odam halok boʻldi va 250 kishi garovga olindi. AQSh zudlik bilan Isroilni qoʻllab-quvvatladi va Gʻazo sektoriga qoʻshin kiritish qarorini ma'qulladi. 2024 yil aprelda Kongress Isroilga 17 mlrd dollarlik harbiy yordam ajratishni ma'qulladi.

Biroq mojaro kuchayib borarkan, Isroil rahbariyati Bayden ma'muriyati talablariga boʻysunmay qoʻydi. Isroillik harbiylar AQShning tinch fuqarolar orasidagi qurbonlar sonini qisqartirish va insonparvarlik yordamni oʻtkazishni ta'minlash boʻyicha talablarini inobatga olmasdan harakat qila boshladi.

Bayden butun faoliyati davomida qoʻllab-quvvatlab kelgan Isroilga yordam berish siyosati va insoniy mulohazalar oʻrtasidagi ziddiyat AQSh siyosatida jiddiy nomutanosiblik keltirib chiqardi. Buning ramzi sifatida AQSh armiyasi tomonidan Gʻazo sohilida gumanitar yordam etkazish uchun moʻljallangan aylanma pirs oʻrnatildi, lekin u ikki oylik faoliyatdan soʻng boʻron natijasida yoʻq boʻldi.

Bu nomutanosiblik AQSh ichkarisida ham tanqidlarga uchradi. Respublikachilar Baydenni Isroilga qoʻygan talablari va yirik bombalarni etkazib berishga qoʻyilgan taqiqlari bilan uning harakatlariga toʻsqinlik qilishda ayblashdi. Demokratlar esa ma'muriyat fuqarolar orasidagi qurbonlarni minimallashtirish uchun etarlicha harakat qilmayotganini ta'kidlashdi. Hatto ularning ayrimlari prezidentni genotsidda ishtirok etishda aybladi. Bu ziddiyat AQSh koʻchalarida ham aks-sado berdi. Talabalarning Falastinni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ommaviy namoyishlari ba'zi holatlarda politsiya va Isroil tarafdorlari bilan toʻqnashuvlarga aylanib ketdi.

Baydenning Oq uydan ketishiga bir necha kun qolganda Isroil va Hamas olti haftalik otashkesim boʻyicha kelishuvga erishdi. Prezidentning ta'kidlashicha, bu kelishuv uning jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan asosiy shartlar tufayli amalga oshgan. Ammo bu yutuqni Tramp ham oʻz foydasiga yozdi. Keyinchalik muzokara qatnashchilari bu jarayonda Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff asosiy rol oʻynaganini ta'kidlashdi.

Ikkinchi muddatga harakat qilgan Bayden qolgan obroʻsidan ham ayrildi

2020 yilgi saylovoldi kampaniyasi paytida 78 yoshli Bayden yaqin maslahatchilariga faqat bir muddatga prezident boʻlishni rejalashtirgani, shundan keyin yoshroq siyosiy avlod uchun «koʻprik» boʻlish niyatida ekanini aytgan. Uning maslahatchilaridan biri shunday degan: «Agar Bayden prezident boʻlsa, toʻrt yil ichida uning yoshi 82 ga etadi va u qaytadan nomzodini qoʻymaydi».

Biroq, 2022 yilning oʻzidayoq, ayrim demokratlar Baydenning ikkinchi muddatga loyiq ekaniga shubha bilan qaray boshladi. Shunga qaramay, partiyaning Kongressdagi oraliq saylovlarda qayd etgan yaxshi natijalari Baydenni ruhlantirdi. U shunday xulosaga keldiki, soʻrov natijalari salbiy boʻlishiga qaramay, amerikaliklar uning siyosatiga hali ham ishonch koʻzi bilan qarashmoqda. Bu esa uning praymerizdagi ehtimoliy raqiblari uchun uni tanqid qilish imkoniyatini chekladi.

2022 yil oxiriga kelib, Bayden ikkinchi muddatga nomzodini qoʻyish haqida qat'iy qaror qildi. Buni u rasman 2023 yil aprelida e'lon qildi. Bayden bu qaror sababi mamlakatdagi koʻplab inqirozlarni hal qilish zarurati va saylovda Tramp ham saylovda ishtirok etayotgani bilan bogʻliqligini ta'kidladi.

Shu bilan birga, uning yoshi va salomatligi oʻz ta'sirini koʻrsatdi. Bayden ommaviy tadbirlarda soʻzidan adashib, ba'zan yoʻlini yoʻqotgandek koʻrindi. 2024 yil fevralida maxsus prokuror Robert Hurr Baydenning uyida maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash holatini tekshirib, unga ayblov qoʻyishdan ma'no yoʻq, deb topdi. Chunki hakamlar Baydenni «yaxshi niyatli, lekin keksaygan va xotirasi yomonlashgan» kishi sifatida oqlab yuborishini taxmin qildi.

Shundan soʻng, prezident matbuot anjumanida asabiy chiqish qildi, nutqida u Meksika va Misr prezidentlarining ismlarini adashtirib yubordi. Demokratlar va Baydenning maslahatchilari esa har qanday tanqidni koʻrmaslikka olar va bu holatlar uning salomatligi bilan bogʻliq emasligini da'vo qilishardi. U partiyaning saylovoldi praymerizlarida osonlik bilan gʻolib chiqdi, lekin u erda haqiqiy raqobatchi yoʻq edi.

Baydenning holatiga boʻlgan shubhalar yozgi debatlarda Tramp bilan boʻlgan bahsda yuzaga chiqdi. Prezidentning chiqishi juda aftodahol alfozda boʻlib, uning qadam tashlashi qiyin, ovozi zaif edi. U raqibi soʻzlayotganda, ogʻzini ochib, uzoqqa qarab turgan holda juda noqulay koʻrinishda edi. Debatlardan soʻng oʻtkazilgan koʻpchilik soʻrovlar Trampning gʻalabasi aniq ekanini koʻrsatdi.

Shundan soʻng matbuotda Baydenning salomatligi bilan bogʻliq muammolar haqida maqolalar chiqishni boshladi. Jurnalistlar AQSh prezidenti oxirgi oylarda, ayniqsa xorijga safarlarda juda tez toliqayotgani, kun davomida bor-yoʻgʻi olti soat — ertalab soat 10:00 dan tushdan keyingi 16:00 gacha ishlaganiini yozishdi. Prezidentning ayrim vazifalarini milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Jeyk Sallivan, maslahatchi Stiven Richetti va iqtisodiy kengash rahbari Lael Breynard oʻz zimmasiga olgan.

Baydenning maslahatchilari uni demokrat kongressmenlar yoki oʻz hukumati a'zolari bilan uchrashuvlardan maksimal darajada cheklashga harakat qilib, uni yomon xabarlardan uzoqlashtirish uchun oʻziga xos «pilla qobiq»qa joylashtirishdi.

Shu paytda partiyadoshlar Baydenga saylovlardan chekinish talabini qoʻyib, kampaniya boshlashdi. Bir oy davomida kongressmenlar, matbuot va saylovoldi kampaniyasi homiylari bosimidan soʻng, Oq uy taslim boʻldi va Bayden ikkinchi muddatga nomzodini qoʻymasligini e'lon qildi.

Uning oʻrniga tezda vitse-prezident Kamala Harris nomzodini koʻrsatishdi. Baydenning jamoasi uni jiddiy qabul qilmas va uni ma'muriyat ishlariga jalb qilmasdi.

Saylovlargacha qolgan 3,5 oy ichida u kampaniyani qaytadan tashkil qilishga urinib koʻrdi. Debatlardagi muvaffaqiyatli chiqishiga qaramay, u oʻz prezidentligi Baydennikidan nimasi bilan farqlanishini koʻrsata olmadi. 5 noyabr kuni Tramp nafaqat ayrim ikkilanuvchi shtatlarda gʻalaba qozondi, balki saylovchilarning mutlaq koʻpchiligining ovozlarini qoʻlga kiritgan holda AQShning 47-prezidenti boʻldi.

Bayden va uning jamoasi hali ham voqelikni inkor qilib turganga oʻxshaydi. Yaqinda boʻlib oʻtgan intervyusida u agar saylovda qolganimda, Trampni magʻlub etgan boʻlardim, deb aytdi. Uning prezidentlik muddati esa yana bir buzilgan va'da bilan yakunlandi: u qurolga noqonuniy egalik qilgani va soliq toʻlamagani uchun hukm qilingan oʻgʻli Hanterni oldindan afv etdi. Bayden oʻgʻliga qarshi ish siyosiylashtirilganini ta'kidlab, koʻp jihatdan Trampning oʻziga qarshi jinoiy ishlar haqida aytgan soʻzlarini takrorladi.

Amerikaliklar Baydenni AQSh tarixidagi eng yomon prezidentlardan biri deb hisoblashmoqda. Ammo kelajakda bu baholar oʻzgarishi mumkin.

15 yanvar kuni Jo Bayden oʻzining xayrlashuv nutqi bilan chiqish qildi. Unda Bayden AQShda oligarxiya shakllanishi xavfi borligini ta'kidlab, soʻnggi oylarda Trampning yaqinlari orasiga qoʻshilgan Ilon Mask va Tramp ma'muriyatida lavozim olgan oʻnlab milliarderlarga sha'ma qildi. Shuningdek, Bayden oʻz ma'muriyatining yutuqlari haqida soʻzlab berdi: 17 million yangi ish oʻrni, kuchli NATO, «hamon ozod» Ukraina, jinoyatchilik darajasini va dori-darmon narxlarini tushirish.

Biroq, amerikaliklar uning bu optimizmini qoʻllab-quvvatlamayotgandek koʻrinadi. CNN soʻroviga koʻra, faqat 36 foiz amerikaliklar Baydenning prezident sifatidagi faoliyatini ma'qullagan. Eng yomon baholarni u migratsiya siyosati, tashqi siyosat va iqtisodiy holat uchun oldi. Soʻrovda qatnashganlarning 60 foizdan ortigʻi uning prezidentligini muvaffaqiyatsiz deb hisoblaydi — bunday past bahoni faqat kichik Jorj Bush Oq uyni tark etayotganida olgan edi. Ularning 19 foizi prezidentning muvaffaqiyatsizliklarini tashqi omillarga bogʻlasa, 42 foizi buning sababi Baydenning oʻzi, deb hisoblaydi.

Bayden oʻzining yagona prezidentlik muddatini 36,7 foizlik reyting bilan yakunladi. Bu zamonaviy tarixdagi eng yomon koʻrsatkichlardan biri boʻlib, hatto Trampning impichment va Kapitoliyga hujumdan keyin Oq uyni tark etish vaqtidagi reytingidan bir necha foiz past.

Kelajakda amerikaliklar Baydenning prezidentligiga boʻlgan munosabatini oʻzgartirishi ham mumkin. Soʻrovlar koʻrsatadiki, vaqt oʻtib mamlakatda sobiq prezidentlarga boʻlgan munosabat yaxshilanadi. Ammo Bayden bilan bogʻliq holatda bu haqda hali gapirishga erta.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo