Dekabr oyi boshida Asad rejimi qulaganidan keyin rossiyalik harbiylarning transportlari kolonnalari Suriyaning har tarafidan shimolga, Tartus porti tomon harakatlanayotgani aks etgan kadrlar tarqalgandi. Keyinroq olingan sun'iy yoʻldosh tasvirlari esa harbiy texnikalar Tartusda toʻplanib turganini koʻrsatdi.
Planet Labs tomonidan 29 yanvar kuni olingan yangi tasvirlarda esa endilikda portdagi qurol va texnikalarning katta qismi gʻoyib boʻlganini koʻrish mumkin — shu kunlarda Rossiya mudofaa vazirligiga aloqador harbiy kemalar Tartusni tark etgandi.
Bu Kremlning Damashqdagi yangi hukumat bilan «ochiq» muzokaralari fonida roʻy berdi.
Bu muzokaralar Suriyadagi oʻtish davri hukumati port ijarasi boʻyicha Rossiya bilan kelishuvni bekor qilgani haqidagi xabarlar ortidan boʻlib oʻtdi. Ammo hukumat vakillari hozircha bu borada yakuniy qaror qabul qilingani haqida rasmiy xabar bermagan.
Tartus soʻnggi yillarda Rossiya uchun Oʻrta Er dengizidagi muhim baza boʻlib kelgandi — bu erda kemalarga yoqilgʻi quyish, zaxialarni toʻldirish va kemalarni ta'mirlash mumkin edi. Ammo ilgari portda turgan harbiy kemalar Asad rejimi qulaganidan keyin olingan sun'iy yoʻldosh tasvirlarida koʻrinmaydi.
Kreml port ustidan nazoratni saqlab qolishga urindi va dekabrda Rossiyaning Tartusdagi mavjudligi boʻyicha Suriyaning yangi hukumati bilan muzokaralar olib borilayotgani ma'lum boʻlgandi.
Ammo, aftidan, Moskva endi nisbatan eng qimmatbaho qurol-aslahalarini Tartusdan olib ketishga qaror qilgan. Sun'iy yoʻldosh tasvirlarida Rossiya oxirgi bir necha hafta mobaynida Hmeymim aviabazasidan ham oʻz qurol va texnikalarini olib ketganini koʻrsatgan.
Dengiz kuzatuv xizmati ma'lumotlariga koʻra, ikkita kema — «Sparta» va «Sparta II» Tartus portiga 21 va 22 yanvar kunlari langar tashlagan. Ularning ikkisi ham «Oboronlogistika» MChJga tegishli — bu Rossiya mudofaa vazirligiga ishlaydigan hamda AQSh sanktsiyalari ostidagi kompaniyadir. Ukraina ma'lumotlariga koʻra, ular Rossiya qurollarini tashish bilan shugʻullanadi. Bu kemalar transport vositalarini tashiy oladi.
MarineTraffic saytiga koʻra «Sparta II» Tartus portini 27 yanvar, dushanba kuni tark etgan. Sun'iy yoʻldosh tasvirida koʻrish mumkinki, portda bungacha koʻplab harbiy texnikalar joylashtirilgandi, endi esa ular qolmagan.
Kema bortidagi transponder signali 28 yanvar tongida qisqa muddatga MarineTraffic servisi tomonidan qayd etilgan, bu vaqtda «Sparta II» Oʻrta Er dengizini Kipr sohillari yaqinida kesib oʻtayotgandi. Shundan keyin signal kelmagan, bu esa katta ehtimol bilan transponder oʻchirib qoʻyilganini anglatadi.
29 yanvar kuni esa sun'iy yoʻldosh tasvirlari yana bir kema portni tark etganini koʻrsatdi. Ekspertlar bu «Sparta» ekanini aytishgan. Tasvirlar esa portda turgan konteynerlarning ham aksari olib ketilganini koʻrsatadi.
«Sparta» bortidagi transponderdan signal kema Tartusda toʻxtaganidan buyon qayd etilmagan, bu esa u ham oʻchirib qoʻyilganini taxmin qilish uchun asos boʻladi.
Xalqaro dengiz tashkiloti 300 tonnadan ortiq yuk tashuvchi kemalarning barchasi oʻz signalini doimiy ravishda translyatsiya qilishini talab etadi, alohida holatlarda istisno qilinadi.
Kema transponderini qonuniy sabablar bilan ham oʻchirishi mumkin, masalan, qaroqchilik xavfi yuqori boʻlgan hududda suzayotganida. Ammo, NATOga koʻra, signal oʻchirib qoʻyilishi kema «noqonuniy faoliyatini yashirish»ga urinayotganidan ham darak berishi mumkin.
Harbiy-dengiz tahlilchisi, Belgiya floti sobiq leytenanti Frederik Van Lokeren BBC bilan suhbatda sun'iy yoʻldosh tasvirlaridan kelib chiqqan holda portni tark etgan kema «Sparta» ekaniga ishonchi komilligini bildirgan.
BBC Verify ilgari «Sparta»ning harakatini kuzatgan. Kema langar tashlagan joy endi boʻsh turibdi.
Tartus portidagi harbiy kemalar, 2024 yil 17 dekabr
Bu kemalar aynan qayerga yoʻl olgani noma'lum. Van Lokeren ular Liviya tomonga harakatlanganini taxmin qiladi, Rossiya ushbu mamlakat sharqida, Tobrukdagi general Xalifa Haftarni qoʻllab-quvvatlash uchun harbiylari va harbiy texnikalarini joylashtirgan.
Oʻtgan haftada Ukraina razvedkasidagi manba BBC Verify uchun izohida dekabr oyi oʻrtalaridan boshlab Rossiya samolyotlari kamida 10 marta Suriyaning Hmeymidan Liviyadagi aviabazalarga harbiylar va texnikalar tashib oʻtganini bildirgan.
Van Lokeren kemalar Rossiyaga yoʻl olgani va keyinroq «harbiy jihozlar katta ehtimol bilan Ukraina frontiga borishi»ni ham istisno etmaydi.
Harvard universitetining sobiq SSSR mamlakatlaridagi xavfsizlik masalalari boʻyicha eksperti Dmitriy Gorenburg ham oxirgi voqealar Rossiyaning Tartusdagi mavjudligi poyoniga etganini aytadi.
«Hammasini olib chiqish uchun qoʻshimcha kemalar ham kerak boʻladimi, yoʻqmi, buni bilmayman. Ammo menimcha bunisi muhim emas. Rossiyaning bazadagi harbiy mavjudligi tugashi — vaqt masalasi. Keyin nima boʻlishini esa koʻramiz», — degan u. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar