O‘qituvchi hojatxonada qamalib qolgan o‘quvchisini qutqarayotganda halok bo‘ldi

O‘qituvchi hojatxonada qamalib qolgan o‘quvchisini qutqarayotganda halok bo‘ldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Braziliyaning Guarulyus shahridagi FISK Taboão tillar maktabida 24 yoshli o‘qituvchi Nayara Karmo hojatxonada qamalib qolgan o‘quvchiga yordam berishga urinib, halok bo‘ldi.
  • Pedagog o‘quvchiga kalitni uzatmoqchi bo‘lib, deraza orqali o‘tayotganida gipsokarton panelning sinishi oqibatida birinchi qavatga qulab tushdi.
  • 21 oktyabr, chorshanba kuni sodir bo‘lgan ushbu fojiali hodisadan so‘ng tezkor xizmat xodimlari o‘qituvchining vafot etganini tasdiqlashdi.

Braziliyada 24 yoshli o‘qituvchi o‘quvchisiga yordam berishga uringan paytda halok bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, Nayara Karmo ismli pedagog hojatxonada qamalib qolgan o‘quvchiga yordam berish uchun harakat qilgan. Biroq voqea fojiali yakunlanib, yosh o‘qituvchining hayoti uzilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Nayara hojatxonada qolib ketgan o‘quvchiga eshikni ochish uchun kalitlarni uzatishga uringan. Shundan so‘ng u hududdan deraza orqali chiqishga harakat qilgan. Biroq u polga o‘xshab ko‘ringan gipsokarton panel ustiga qadam qo‘ygan. Ushbu panel inson og‘irligini ko‘tarishga mo‘ljallanmagani sababli, uning ostida singan va o‘qituvchi pastga qulab tushgan.

Fojiali hodisa 21 oktyabr, chorshanba kuni Braziliyaning Guarulyus shahrida joylashgan FISK Taboão tillar maktabi binosida sodir bo‘lgan. Nayara binoning yuqori qismidan birinchi qavatga qulab tushgan. Voqea joyiga yetib kelgan tezkor xizmat xodimlari uni zinapoya yaqinida yotgan holda topishgan va vafot etganini tasdiqlashgan. Bu haqda Need To Know nashri xabar berdi.

Maktab jamoasi yosh o‘qituvchining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirib, uning mehnatsevarligi va o‘quvchilariga bo‘lgan mehrini alohida ta’kidladi.

«Nay ajoyib o‘qituvchi edi. U o‘z ishini katta ishtiyoq va fidoyilik bilan bajarar, barcha o‘quvchilarini juda yaxshi ko‘rardi. U atrofidagi insonlarni o‘zining samimiyligi, mehribonligi va kasbiga bo‘lgan muhabbati bilan o‘ziga jalb qiladigan alohida inson edi», — deyiladi maktab bayonotida.

Ta’lim muassasasi vakillari uning xotirasi hamisha qalblarda saqlanib qolishini ham qayd etishdi.

«Uning ta’limga bo‘lgan muhabbati, fidoyiligi va qalblarga nur bag‘ishlagan samimiyati xotiralarimizda va yuraklarimizda yashashda davom etadi», — deya ta’kidladi maktab ma’muriyati.

Ma’lum qilinishicha, Nayara Karmo bilan vidolashuv marosimi va uni dafn etish tadbiri 23 oktyabr kuni Guarulyus shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar