21:29 / 14.02.2025
223

Vashington sudi Trampga xorijiy yordamni qayta tiklashni topshirdi

Vashington sudi Trampga xorijiy yordamni qayta tiklashni topshirdi
Foto: ABC News
Vashington okrug sudi AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyatiga chet el yordam dasturlarini 90 kunga toʻxtatib qoʻyishni nazarda tutgan farmonni bekor qilish va shunga mos ravishda bunday dasturlarni qayta boshlash majburiyatini yukladi, deb yozadi Daryo nashri.

Associated Press (AP) agentligiga koʻra, bu AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyalashtirishni toʻxtatish bilan bogʻliq birinchi qarordir.

Federal sudya Amir Ali oʻz qarorida “yordamni toʻsatdan toʻxtatishning chet eldagi tashkilotlarga etkazgan keng koʻlamli zarari”ga ishora qilib, USAID tomonidan moliyalashtiriladigan ikkita xalqaro tashkilot — OITSga qarshi vaktsinani himoya qilish koalitsiyasi va Jahon sogʻliqni saqlash kengashi tomonidan kiritilgan da'vo boʻyicha vaqtinchalik qaror chiqardi.

"Avvalroq Tramp ma'muriyati vakillari bunday moliyalashtirish dasturlarini toʻxtatish kerakligini ta'kidlagan edi. Biroq, ular nima uchun chet el yordamini butunlay toʻxtatish yagona oqilona echim boʻlganiga “hech qanday tushuntirish bermadi” va moliyalashtirishning toʻxtatilishi tufayli yopilish arafasida boʻlgan koʻplab kichik va yirik tashkilotlarni e'tiborsiz qoldirish uchun sabablari borligini isbotlay olmadi", dedi sudya Ali.

AQShning Kolumbiya okrugidagi Federal okrug sudi sudyasi 7 fevral kuni Tramp ma'muriyatining taxminan 2700 nafar USAID xodimini ishdan chetlatish va ma'muriy ta'tilga chiqarish rejalarini toʻxtatib qoʻydi. Bundan tashqari, allaqachon ta'tilga chiqarilgan 500 nafar xodim ish joyiga qaytarilishi kerakligi belgilandi.

Amerika OAVlarning xabar berishicha, Vashington sudyasi Karl Nikols bunday harakatlarning qonunga xilofligini da'vo qilgan ikki kasaba uyushmasining talabini qondirgan. U Tramp ma'muriyati harakatlarining qonuniyligini aniqlash uchun dalillarni tezkor koʻrib chiqish imkoniyatini berish maqsadida Vashington rejalarini amalga oshirishni 14 fevralgacha toʻxtatib turishni buyurdi.

Kasaba uyushmalari da'vosida AQSh hukumatining USAID faoliyatiga toʻsqinlik qiluvchi harakatlari “global gumanitar inqirozga olib kelgani, USAID xodimlari, grant oluvchilari va pudratchilarining eng muhim ishini toʻsatdan toʻxtatib qoʻygani” va minglab ish oʻrinlarini yoʻqotishga sabab boʻlgani, shuningdek, “AQSh milliy xavfsizligi manfaatlarini xavf ostiga qoʻygani” ta'kidlangan. Hujjatda USAID agentligini faqat Kongress tarqatib yuborishi mumkinligi, Tramp ma'muriyatining harakatlari esa “konstitutsiyaga zid va qonunga xilof” ekanligi qayd etilgan.

Avvalroq Tramp USAID’ning barcha loyihalarini 90 kunga muzlatib qoʻygan va deyarli barcha xodimlarni ishdan boʻshatib, agentlikni tarqatib yuborish niyatida ekanini ma'lum qilgandi.

"Butun dunyo boʻylab tashkilotda ishlaydigan 10 ming kishidan faqat 290 nafarini, xususan, sogʻliqni saqlash va gumanitar yordamga ixtisoslashganlarni qoldirish rejalashtirilgan", deb xabar berdi The New York Times suhbatdoshlari.

Tramp ma'muriyati USAID’ni nafaqat asossiz xarajatlarda, balki “Al-Qoida” va Afgʻonistonda giyohvand moddalar ishlab chiqarish bilan bogʻliq loyihalarni moliyalashtirishda ham aybladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo