
Foto: AP
Rossiya Suriyaning yangi hukumati bilan Tartus va Lataqiyadagi harbiy bazalarining maqomi boʻyicha kelishuvga yaqin turibdi. Bu haqda Bloomberg agentligi oʻz manbalariga tayanib xabar berdi.
Agentlik ma'lumotlariga koʻra, Moskva Damashqqa IShIDga qarshi kurashda yordam berish evaziga mintaqadagi ishtirokini saqlab qolish niyatida.
Bloomberg suhbatdoshlaridan birining soʻzlariga koʻra, Suriyada Rossiya harbiy bazalarining boʻlishi mamlakatning yangi hukumatiga Turkiyaning oshib borayotgan ta'sirini «muvozanatlash»ga yordam berishi mumkin. Ammo gap Rossiyaning mintaqadagi «qisqartirilgan» ishtiroki haqida ketmoqda. Mazkur masala boʻyicha hali yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Rossiya harbiy kontingenti Suriyaga 2015 yil sentyabrda global terrorchilar guruhini yoʻq qilish maqsadida yuborilgan. Tartus provintsiyasida Rossiya Harbiy-dengiz kuchlarining 720-moddiy-texnik ta'minot punkti, Lataqiya provintsiyasida esa Hmeymim aviabazasi joylashgan.
12 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin birinchi marta Suriyaning oʻtish davri prezidenti Ahmad ash-Shar'a bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Muloqot davomida Rossiya etakchisi Suriyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, jumladan, insonparvarlik yordami orqali yordam berishga tayyorligini ma'lum qilgan. Kremlga koʻra, telefon muloqoti «konstruktiv, ishga oid va mazmunli» kechgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar