
Saudiya Arabistonining Jidda shahrida 11 mart kuni AQSH va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarda nodir metallar bo‘yicha bitim muhokama qilinmagan. Bu haqda AQSH davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.
Rubioning so‘zlariga ko‘ra, mazkur bitim har ikki davlat moliya vazirlari tomonidan kelishib olingan, biroq Jiddada o‘tkazilgan muzokaralar davomida bu masalaga to‘xtalinmagan. "Prezidentlarimiz o‘z hukumatlarining tegishli a’zolariga bu jarayonni yakunlashni topshirdi", — dedi Rubio bitim nima uchun imzolanmagani haqidagi savolga javoban.
U, shuningdek, muzokaralar davomida asosiy e’tibor tinchlik masalasiga qaratilishini ta’kidladi. "Biz tinchlikka erishish yo‘lida harakat qildik, ammo bu bitim muhim ahamiyat kasb etmasligini anglatmaydi. Shubhasiz, bu juda muhim kelishuv va biz buni qo‘shma bayonotda qayd etamiz", — dedi Rubio.
Muzokaralar yakunida Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham AQSH va Ukraina prezidentlari muhim mineral resurslarni qazib olish bitimini "imkon qadar tezroq" imzolashga kelishib olganini ma’lum qildi.
Tinchlik masalasida ilgarilash bor
Jiddadagi uchrashuv yakunida Ukraina tomoni 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. O‘z navbatida, Vashington Kiyevga razvedka ma’lumotlari va harbiy yordamni zudlik bilan tiklashini bildirdi.
Muzokaralardan keyin Volodimir Zelenskiy videomurojaat bilan chiqib, Ukraina takliflarini tushungani uchun AQSH prezidenti Donald Trampga minnatdorchilik bildirdi. Reuters agentligining yozishicha, Tramp AQSH va Rossiya vakillari Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilish uchun 11 yoki 12 mart kuni uchrashishini aytgan. Shuningdek, u Ukraina prezidenti Zelenskiyni yana Oq uyga taklif qilishini ma’lum qildi. "Chunki biz Ukrainadagi urushni tugatishni xohlaymiz", — degan Tramp.
Bitim qanday ahamiyatga ega?
Ukraina dunyodagi eng katta nodir metallar zahirasiga ega mamlakatlardan biri bo‘lib, uran, litiy va boshqa qimmatbaho minerallarga boy hisoblanadi. Agar bitim imzolansa, bu AQSH va Ukraina uchun strategik ahamiyatga ega bo‘ladi. AQSH uchun mazkur kelishuv Ukraina bilan iqtisodiy va harbiy hamkorlikni kuchaytirish imkoniyatini yaratadi.
Yaqin vaqt ichida ikki davlat rasmiylari bitimni imzolash borasida muzokaralarni yakunlashi kutilmoqda. Bu Ukraina iqtisodiyotini tiklash va AQSH uchun strategik resurslarni ta’minlashda muhim qadam bo‘lishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar