Jizzaxda kuyov va qarindoshlari erkakni ko‘r qilib qo‘ydi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Jizzaxda qizining buyumlarini olib ketish uchun kelgan ota kuyovi va uning qarindoshlari bilan janjal oqibatida og‘ir tan jarohati olib, bir ko‘zidan ayrildi.
- Jabrlanuvchi voqeadan avval 102 xizmatiga murojaat qilgan bo‘lsa-da, janjal avj olib, u bir necha shaxs tomonidan do‘pposlangan.
- Tibbiy hujjatlarda erkakda bosh miya jarohati, miya chayqalishi va chap ko‘z shikastlanishi qayd etilgan, natijada u chap ko‘zining ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan.
Jizzaxda qizining buyumlarini olib ketish uchun kelgan ota kuyovi va uning qarindoshlari bilan janjal oqibatida og‘ir tan jarohati oldi. Ma’lum qilinishicha, erkak bir ko‘zidan ayrilgan.
Bu haqda «Nemolchi» loyihasi xabar bergan. Holatni Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov QALAMPIR.UZ'ga tasdiqlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchining qizi 2024 yilda U.A.ga turmushga chiqqan. Biroq nikohdan keyin oilada janjallar boshlangani, ayol muntazam ravishda tazyiq va zo‘ravonlikka duch kelgani aytilmoqda. Hatto uning homiladorligi ham bu holatni to‘xtatmagan.
Qiz ota-onasini tashvishga solmaslik uchun vaziyatni yashirib kelgan. 2026 yil 23 may kuni esa otasidan uni olib ketishini so‘ragan. Shundan so‘ng ota qizini Toshkentga olib kelgan.
Oradan bir necha kun o‘tib, u yaqinlari bilan birga qizining shaxsiy buyumlari, hujjatlari va nabirasiga tegishli narsalarni olib ketish uchun Jizzaxga borgan.
Ota va uning yaqinlari nizo kelib chiqishi mumkinligini taxmin qilib, voqeadan taxminan bir soat avval 102 xizmatiga murojaat qilgan. Ammo keyin vaziyat keskinlashib, erkak do‘pposlangan.
Jabrlanuvchining aytishicha, unga bir nechta shaxs zarba bergan. U yiqilganidan keyin ham tepilgan va hushini yo‘qotgan. Yaqinlari yordam berishga uringanida esa ular ham ushlab turilgani aytilmoqda.
Tibbiy hujjatlarda erkakda bosh miya jarohati, miya chayqalishi, chap ko‘z shikastlanishi hamda peshona va qosh sohasidagi jarohatlar qayd etilgan. Oqibatda u chap ko‘zining ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan, hozirda o‘ng ko‘zida ham ko‘rish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘layotgani aytilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda Jizzax viloyati ichki ishlar organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov yakunlari va voqeaga aloqador shaxslarga nisbatan huquqiy baho qanday bo‘lishi hozircha ma’lum qilinmagan.






























Izohlar 0
…